So'nggi yangiliklar 27.12.2018 84

AYOLLAR VA YOSHLAR JINOYATIGA NIMA SABAB BO‘LMOQDA?

Yig‘ilish

AYOLLAR VA YOSHLAR JINOYATIGA NIMA SABAB BO‘LMOQDA?

Tahlillarga ko‘ra, viloyatda 2018 yilning 10 oyida jinoyatlar soni o‘tgan yilga nisbatan 35 foizga kamaygan, biroq talonchilik, bosqinchilik, o‘g‘rilik va firibgarlik holatlari hamon yuqoriligicha qolmoqda. Ayniqsa, bu ko‘rsatkich Qarshi shahri, Chiroqchi, Dehqonobod tumanlarida qoniqarli emas.

Bu haqda respublika ishchi guruhining viloyatda olib borgan o‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda aytib o‘tildi. Davlat va jamoat tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari hamda OAV xodimlari ishtirokidagi tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva ma’ruza qildi.

Qayd etilganidek, xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilikka ko‘p hollarda ishsizlik, oilada nosog‘lom muhit shakllangani sabab bo‘lmoqda. Buning oldini olish maqsadida hamkor tashkilotlar bilan xotin-qizlarning yashash tarzi, ijtimoiy holati alohida nazoratga olinayotir. Unga ko‘ra, "Mening mahallamda jinoyatchilik sodir bo‘lmasligi kerak!" shiori ostida tadbirlar  samaradorligiga e’tibor qaratilib, jinoyatga moyilligi bor shaxslar, oilalar, shuningdek, jazoni o‘tash muassasalaridan hamda xorijda ishlab qaytgan ayollar bilan bevosita ish olib borilishi lozim.

Yig‘ilishda aholiga, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarga psixologik yordam ko‘rsatish, o‘z joniga qasd qilish holatlarining oldini olish masalalari ham muhokama qilindi. Har bir suitsidga "favqulodda holat" deb qarab, tezkor choralar ko‘rish, bunday xulq-atvor paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan psixologik dasturlar ishlab chiqish, joniga qasd qilishning katta gunoh ekanini ta’sirchan usullarda tushuntirish zarurligi ta’kidlandi.

O‘g‘rilik, firibgarlik va bosqinchilik holatlari tahlil qilinarkan, profilaktika, jinoyat-qidiruv va qo‘riqlash xizmatlari faoliyati qoniqarsiz ekani aytildi. Joriy yilning 10 oyida yoshlar tomonidan 700 dan ziyod jinoyatga qo‘l urilgani ham bu boradagi ishlar ahvolini ko‘rsatib turibdi. Shuningdek, joylarda qo‘riqlash xizmati uchun yetarli sharoit yaratilmagan, shuningdek, ayrim kishilarning huquqiy savodxonligi yetarli emasligi, yon-atrofdagi voqea-hodisalarga befarqligi jinoyatchilarga sharoit yaratib bermoqda.

- Maktab va kollejlarni bitirib, oliy o‘quv yurtiga kirmagan, aytarli kasb-hunarga ega bo‘lmagan yoshlar ertaga kim bo‘lishini chuqur o‘ylashimiz, ularga munosib sharoit yaratib berishimiz kerak, - dedi T.Norboyeva. - Yoshlar o‘rtasida sodir etilgan jinoyatlarga 68,8 foiz holatda aynan bekorchi yoshlar qo‘l urgani achinarli holat. Afsuski, jinoyatchilikka qarshi kurashda haligacha eskicha ishlash tizimidan to‘la voz kecha olmayapmiz.

Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda, shuningdek, ichki ishlar xodimlarining muomala madaniyati, ular o‘rtasida mansab vakolatlarini  suiiste’mol qilish holatlari uchrab turgani, shaxsiy tarkibni tarbiyalash va kadrlarni rotatsiya qilish, ichki ishlar organlarining tahliliy-huquqiy va prognozlash faoliyatini takomillashtirish zarurligi bo‘yicha ham fikr-mulohazalar bildirildi.

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan Chiroqchi, Dehqonobod tumanlari, Qarshi shahri sektorlari rahbarlari, viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, ichki ishlar boshqarmalari vakillarining axborotlari eshitildi, kelgusidagi vazifalar belgilab berildi.

Shohista BOZOROVA