Jamiyat 09.05.2019 29

AYOVSIZ URUSHNING MASH’UM KUNLARI...

1941-yilning yozi. Urush boshlangani haqidagi vahimali xabar Shahrisabz tumanining Hisor tog‘ tizmalari etagida joylashgan Qutchi qishlog‘iga ham yetib keldi. Qishloqdagi yigitlar birin-ketin urushga jo‘nab keta boshladi. Ular orasida endigina yigirma bir yoshni qarshilagan Saydullo Jabborov ham bor edi.

- Urushning dastlabki yillari Volga daryosi bo‘yidagi janglarda ishtirok etdim, - deydi Saydullo bobo. - Bir necha marotaba jarohat oldim, sog‘ayib yana jangga qaytdim. Keyin Latviya va Litva hududlarida jang qildik. 1945- yil boshlariga kelib, fashistlar ko‘plab hududlardan tamomila chekina boshladi. Shu yili, urush oxirlab qolgan bir paytda Riga shahrini dushmandan tozalash jarayonida o‘q tegib, hushimni yo‘qotganman. Oradan bir necha kun o‘tib Voronejdagi harbiy gospitalda o‘zimga keldim. 1946-yilda esa ikki qo‘ltiqtayoqda uyga qaytganman.

Saydullo bobo o‘sha og‘ir yillar haqida eslar ekan, urushning nafaqat jang maydonida, balki front tashqarisida ham juda og‘ir kechganini ta’kidlaydi.

- Bir kunda polkimizdan 10 kishi halok bo‘lsa, bittasi dushman o‘qidan, qolgan to‘qqiztasi ochlik, kasallik yoki sovuqdan jon berardi, - deydi u. - Dushman tomonda ham xuddi shunday edi. Fashistlar ham sovuqdan ko‘p talafot ko‘rishdi. Hamma narsa front uchun sarflanayotgan bir paytda jang maydonlari tashqarisidagi holatni o‘zingiz tasavvur qilavering. 1946-yilda qishloqqa qaytgach, bu yerdagi og‘ir sharoit, ocharchilik, odamlar yuz-ko‘zlaridagi g‘am-qayg‘uni ko‘rib, urushning ayanchli oqibatlarini yana bir bora his etdim.

Bobo urush voqealari haqida gapirishdan hech charchamaydi. Og‘ir va sinovli yillarni ortda qoldirib, el-yurt baxti, farzandlar rohatini ko‘rayotganidan mamnun. Bugungi tinch-osoyishta hayotimizga shukronalar aytadi.

S.ALLAYOROVA

Suratda: Saydullo bobo Jabborov.

Sobir NARZIYEV olgan surat.