AYZABODDA "OLIMPIYA SARI" SPORT KLUBI ISH BOSHLAYAPTI

Sport - sog‘lik garovi

AYZABODDA "OLIMPIYA SARI" SPORT KLUBI ISH BOSHLAYAPTI

Mirishkor tumani Ayzabod mahallasidagi 12-umumiy o‘rta ta’lim maktabida "Olimpiya sari" sport klubi tashkil etildi.

Viloyatimizdagi "Sog‘lom hayot" jismoniy va ruhiy sog‘liqni himoya qilish va tiklash markazi" nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan tuman "Mahalla" xayriya jamoat fondi, xalq ta’limi tuman bo‘limi va Ayzabod mahalla fuqarolar yig‘ini bilan hamkorlikda tashkil etilgan bu sport klubida aholi orasida sog‘lom hayot tamoyillarini targ‘ib qilish, xususan, yoshlar orasida sportning kurash, gimnastika, uloq-ko‘pkari, shaxmat-shashka va boshqa turlari, xalq o‘yinlarini rivojlantirish orqali o‘quvchilarning respublika va xalqaro musobaqalarda, Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon chempionatlarida ishtirokini ta’minlash maqsad qilingan.

Ayni damda mashg‘ulotlar o‘tkaziladigan sport zal ta’mirlanib, 20 million so‘mlik kerakli sport anjomlari, jihozlar keltirildi. Klubda 3 nafar sport mutaxassisi qatnashchilarning qiziqishlariga ko‘ra mashg‘ulotlar olib borayotir.

- Loyiha chekka qishloqda yashovchi keksayu yoshlarning jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanishi, bo‘sh vaqtini unumli va maroqli o‘tkazishi uchun ro‘yobga chiqarilmoqda, - deydi loyiha tashabbuskori, "Sog‘lom hayot" jismoniy va ruhiy sog‘liqni himoya qilish va tiklash markazi nodavlat notijorat tashkiloti rahbari, tibbiyot fanlari nomzodi Bahodir Tilakov. - Zero, yoshlarning irodali, sabrli, qiyinchiliklarni yenguvchi, g‘alabaga intiluvchan bo‘lib voyaga yetishida sportning hissasi katta.

E’tiborli jihati, bu xayrli tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan ajratilgan davlat granti hisobidan hayotga tatbiq etilmoqda.

Ma’lumot uchun, Ayzabod mahalla fuqarolar yig‘inida 4 ming 931 nafar kishi yashayotgan bo‘lsa, shundan 2,7 mingdan ortig‘ini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi.

Sojida ALLAYOROVA