Ma'naviyat 06.06.2019 51

BAG‘RIKENGLIK VA MEHR-OQIBAT AYYOMI

Vijdon erkinligi

Barcha mo‘min-musulmonlar qatori xalqimiz ulug‘ ayyom - Ramazon hayiti arafasida turibdi.

Biz hayit deb ataydigan bayram arab tilida "iyd", ya’ni "qaytish", "takror kelish" ma’nolarini anglatadi. Ba’zi ulamolar: "Bu bayram insonlarga ularning qiyinchilik va g‘am tashvishlariga qaramasdan har yili xursandchilik va shodlik bilan qayta-qayta kelgani uchun "iyd" deb nomlangan, deganlar.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga keldilar. Ularning (madinaliklarning) o‘ynab hordiq chiqaradigan ikki kunlari bor edi. U zot alayhissalom: "Bu ikki kun qanday kun?", dedilar. Madinaliklar: "Biz johiliyatda bu ikki kunda o‘ynab hordiq chiqarar edik", deyishdi. Shunda Rasululloh (s.a.v.): "Albatta Alloh taolo sizlarni bu ikkisidan yaxshiroq kunlarga almashtirdi, iydul azho va iydul fitr", dedilar".

Ushbu ikki hayit bayrami islomning ikki ulug‘ ruknlari ortidan keladi. Ulardan biri Ramazon ro‘zasi tugaganidan so‘ng, ikkinchisi Hajdan keyin, ya’ni hojilar Arafotda turganlaridan so‘ng nishonlanadi.

Hayit barcha musulmonlar shodlik va xursandchilik izhor qiladigan kunlar hisoblanadi. Bu kunlarda mo‘minlar Alloh taologa bergan son-sanoqsiz ne’matlari uchun shukrona sifatida sadaqai fitrlarni beradilar, hayit namozlarini ado etadilar.

Hayit musulmonlarning aziz bayrami bo‘lgani bois bu ayyom shodu xurramlik, xursandchilik qilinadigan, keksalar, ota-ona, qarindoshlar ziyorat etiladigan, bemorlar holidan xabar olinadigan, ko‘plab xayr-ehson ulashiladigan kundir.

Hayit kunlari oila ichida ham bayram kayfiyatini tiklash kerak. Ro‘zg‘or uchun amalga oshiriladigan xarajatlarni odatdagidan yaxshiroq qilish darkor. Iloji bo‘lsa, sovg‘a va maxsus hadyalar ulashilsa, yanada yaxshi bo‘ladi. Shu kunlarda bemorlarning holidan xabar olish, ularning ham hayitni nishonlashlariga ko‘maklashish ayni savob bo‘ladi.  Hayit kunlari silai rahm qilish, qarindosh-urug‘, quda-andalarni ziyorat qilishning har qachongidan ham ko‘ra savobi ko‘proq bo‘ladi.

Uzoqlashib ketgan qarindoshlar bilan, ayrim arazlashgan do‘st-yaqinlar bilan hayit bahonasida aloqalarni tiklash, yarashib olish lozim. Zero, silai rahmni uzgan yoki insonlarga gina qilgan kishilarga fazilatli kunlarning yaxshiligi yetmasligi haqida rivoyatlar bor. Shu bois, bunga jiddiy qarash kerak.

Bolalarga munosib hadya va sovg‘alar ulashilsa, ayni maqsadga muvofiq bo‘ladi. Farzandlarimiz yil davomida hayitni eslab yursin, uni orziqib kutsin, buyukligini his qila bilsin. Bu kabi ishlar farzandlarimiz ongida milliy-diniy qadriyatlarimizga nisbatan ehtirom tuyg‘usi shakllanishida, ularning Vatan va millatga haqiqiy sadoqatli insonlar bo‘lib tarbiya topishida muhim ahamiyat kasb etadi. Tanish-bilish, yoru do‘st va har bir musulmon kishini hayit bilan tabriklab, ularga xursandchilik va shodlik izhor qilish go‘zal ishlardandir.

Hayit arafasida ko‘ni-qo‘shnilarga mehr-muruvvat ko‘rsatish bilan birga moddiy yordamga muhtoj kishilar, ya’ni kam ta’minlangan oilalarga xayr-ehson qilinsa, ularning xonadonlariga ham bayram shukuhi kirib kelgan bo‘ladi.

Hayit kunlari duolar qabul qilinadigan kundir. Bu kunda ba’zi joylarda odamlar to‘p-to‘p bo‘lib qabristonga, azador xonadonlarga borishi, yig‘i-sig‘i qilishi shar’an durust emas. Bunday noshar’iy amallardan qaytaylik, o‘zimizni ortiqcha bid’at amallardan saqlaylik. Buning o‘rniga Allohning tinchlik, xotirjamlik kabi ne’matlariga shukr qilib, erta tongdan hayit namozini ado etib, ko‘pchilik bilan qo‘llarimizni duoga ochsak, qalbimizdagi istaklarimizni Yaratgandan so‘rasak, inshaalloh, buning savobi o‘zimizga ham, bizdan umidvor bo‘lib yotganlarga ham yetib boradi. 

Ulamolar juma namozini ado etish farz bo‘lgan kishilarga hayit namozlarini ado etish vojib bo‘ladi, deganlar. Hayit namoziga chiqishda g‘usl qilib, toza-ozoda bo‘lib chiqiladi. Bu haqida hadisi sharifda quyidagicha xabar berilgan: Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazon hayiti kunida va Qurbon hayiti kunida (albatta) g‘usl qilar edilar". Shuningdek, hayit namoziga yuvinib, toza-ozoda mushk va atirlar bilan xushbo‘ylanib chiqiladi.

Hayit kunida imkoni bor kishi yangi kiyim kiyishi mustahab sanaladi. Chunki bu ish Alloh taoloning bandasiga bergan ne’matlarini izhor etish, shodu xurramligini namoyon qilish bo‘ladi. Bunga imkoni yo‘qlar eng yaxshi toza-ozoda kiyimlarini kiyib chiqadilar.

Ramazon hayiti bayramida namozgohga chiqish oldidan biror shirinlik tanovul qilish sunnat hisoblanadi. Bu haqda hadisi sharifda bunday xabar berilgan: Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam og‘iz ochish kunida (Ramazon hayitida) bir nechta xurmo yemasdan (namozgohga) chiqmasdilar".

Agar biror uzr bo‘lmasa, hayit namoziga piyoda yurib borish ham sunnatdir. Abu Rofe’ roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda bunday deyilgan: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki hayit namoziga piyoda chiqar edilar. Azon va iqomatsiz namoz o‘qir edilar. So‘ngra boshqa yo‘ldan uyga qaytar edilar". Shunga ko‘ra, biror kasallik yoki uzoqlik, yoki qoru yomg‘ir singari biror uzr bo‘lmasa, namozgohga piyoda borish sunnat bo‘ladi.

Shuningdek, ulamolar va tolibi ilmlarni ziyorat qilish ham hayit bayramidagi fazilatli amallardan sanaladi. Albatta, bunda ularning vaqtlariga rioya qilish lozim.

Umuman olganda, hayit bayramining jamiyat vakillari orasidagi gina-adovatlar va turli ko‘ngilsizliklarni ketkazish hamda ular o‘rtasida mehr oqibat rishtalarini yanada mustahkamlash singari hikmatlari ko‘pdir.

Alloh taolo barchamizga Ramazon hayitini muborak qilsin. Keyingi hayit bayramlariga ham sog‘lik-salomatlik, xursandchilikda yetishimizni Yaratgan barchamizga nasib etsin!  Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!

Rahmatillo USMONOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyatdagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi