So'nggi yangiliklar 26.04.2019 32

BEMOR QARSHIGA VERTOLYOTDA KELTIRILDI

Favqulodda holatlarda

Dehqonobod tumanida istiqomat qiluvchi B.M. 22-aprel kuni traktorda dala ishlarini bajarar ekan, surunkali yomg‘ir yog‘ishi va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilmasligi oqibatida traktor ag‘darilib ketgan. Natijada B.M. og‘ir tan jarohati olib, qishloq vrachlik punktiga yetkazilgan. Bu yerdan viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi navbatchilik qismiga jarohat olgan fuqaroga yordam ko‘rsatish bo‘yicha murojaat qilingan.

Mutaxassislarning ko‘rigi natijasida jabrlanganga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish lozimligi aniqlanib, bemorni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialiga olib borish ehtiyoji yuzaga kelgan. Biroq noqulay ob-havo, yo‘llardagi nosozlik, qolaversa, qishloq va tuman markazi o‘rtasidagi olis masofa tufayli bemorga zudlik bilan yordam ko‘rsatish imkoniyati bo‘lmagan.

Natijada Janubi-g‘arbiy alohida harbiy okrugdan bemorni evakuatsiya qilish bo‘yicha yordam so‘ralgan va Mudofaa vazirligiga tegishli MI-171 vertolyoti ajratilib, bemor qutqaruvchilar nazorati ostida Qarshi shahridagi Xonobod aerodromiga, so‘ng Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialiga keltirilgan.

FVV matbuot xizmatining xabar qilishicha, hozirgi vaqtda bemorga barcha zaruriy ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

N.XO‘JAYEV