So'nggi yangiliklar 26.04.2019 113

BETON UYGA OT YETAKLAB KIRGAN SHOIR

Tadbir

O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf hayot bo‘lganida bugun 65 yoshni qarshi olardi.

Muhammad Yusuf o‘zining qisqa umri davomida yorqin iste’dodi, betakror ijodi, ibratli ijtimoiy  faoliyati bilan milliy adabiyotimiz, madaniyatimiz ravnaqiga katta hissa qo‘shdi. Uning she’rlari ming-minglab kitobxonlar, she’riyat muxlislari qalbidan o‘chmas joy olgan. Shoir tavallud topgan sana munosabati bilan Nishon tumani Nuriston shaharchasidagi madaniyat saroyida o‘tkazilgan tadbirda shu haqda  so‘z bordi.

Tadbirda shoirning rafiqasi Nazira as-Salom hamda bir guruh ijodkorlar, she’riyat muxlislari ishtirok etdi. Ta’kidlanganidek, Muhammad Yusuf she’rlari samimiyligi, xalq ruhiga yaqin bo‘lganligi uchun ham kitobxonning ko‘ngil mulkiga aylandi. Uning asarlarida o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurt ruhiyati, manzaralari yaqqol ko‘rinib turadi. Shuning uchun ham do‘stlari hazillashib: "Muhammad - Toshkentning ko‘p qavatli beton uylariga ot yetaklab kirgan shoir", deyishardi.

Tadbirda Muhammad Yusuf hayoti va ijodi haqida so‘z yuritildi. SHe’rlaridan namunalar o‘qildi. Shuningdek, iqtidorli ijodkor SHerxon Qorayev qalamiga mansub "Muhammad Yusuf va G‘aybullo as-Salom" kitobining taqdimoti o‘tkazildi.

Xuddi shunday tadbir tumandagi 1-o‘rta maktabda hamda Talimarjon shahridagi 13-bolalar musiqa va san’at maktabida ham tashkil etildi.

J.BOYMURODOV