Iqtisodiyot 16.08.2019 58

Bir mahalla: KIMDIR UYIDA TIKUVCHILIK SEXI OCHGAN, BOSHQASI PISHIRIQ ISHLAB CHIQARMOQDA

Vatan ichra kichik Vatan

Bir mahalla: KIMDIR UYIDA TIKUVCHILIK SEXI OCHGAN, BOSHQASI PISHIRIQ ISHLAB CHIQARMOQDA

Yakkabog‘ tumanidagi Ibn Sino mahallasida kichik imkoniyatdan katta samara chiqarayotgan, shu orqali ro‘zg‘orini obod, dasturxonini to‘kin qilayotgan oilalar talaygina.

- Mahallamizda 520 ta xonadon mavjud bo‘lib, jami 615 oilada 2560 nafar kishi istiqomat qiladi, - deydi mahalla fuqarolar yig‘inining xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassisi Mohira Jalilova. - Deyarli barcha xonadonlar tomorqadan daromad qiladi. Poliz va sabzavot mahsulotlari uchun bozorga borishga hojat yo‘q. Hammasi o‘zlaridan chiqadi. Mahallada ishbilarmonlar ko‘payayotgani  sayin farovonlik ortmoqda.

Ibn sinoliklarning ko‘p vaqti tomorqada o‘tishi rost. Issiqxona sharoitida yoki ochiq maydonda ekin-tikin parvarishlashadi. Qishin-yozin pomidor, bodring va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini mahallaning o‘zidan, arzon narxda topishingiz mumkin. Aholi faqat bu ish bilan cheklanib qolayotgani yo‘q. Ular xalq ehtiyojidan kelib chiqib, turli sohalarda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqda. Odamlar koriga yarab, mushkulini oson qilmoqda.

Kichik sex bilan bir oila obod

Baxtli, tinch-totuv oilalarni ko‘rib havasimiz ortadi. Ularning xotirjam hayot kechirish siri nimada ekanini bilgimiz keladi. Aslida bunda hech bir sinoat yo‘q. Hammasi oddiy. Xonadonning kattayu kichigi o‘z bajaradigan yumushi, vazifalariga ega bo‘lsa, baxtli turmushning kaliti shunda.

Mana shunday oila sohiblaridan biri Dilmurod Muhammadiyev  qandolat mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, bugun yigirmadan ortiq turdagi qandolat mahsulotlarini bozorga chiqarmoqda. Mahallaning 4 nafar yoshlarini qo‘l ostiga olgan.

- Turmush o‘rtog‘im bilan birgalikda mana shu mehnatimizning orqasidan yangidan uy-joy qurdik, - deydi Dilmurod Muhammadiyev. -  Mahsulotlarimiz turini ko‘paytirayapmiz. Bir nechta savdo shoxobchalariga shartnoma asosida yetkazib bermoqdamiz. Qo‘shni mahallalardagi xonadonlarning to‘y dasturxonlarini ham bizning pishiriqlar bezab turibdi. Endi ishlab chiqarish ko‘lamini yanada kengaytirib, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish niyatidamiz.

Abzal Ibragimov ham mahallaning yosh tadbirkorlaridan. Uning sexida 15 xildan ziyod qandolat mahsulotlari pishirilib, shu yerning o‘zida qadoqlanadi va savdoga chiqariladi. Ayni kunlarda mazkur kichik sexda mahalla yoshlaridan 8 nafari ish bilan ta’minlangan.

Ayol ishli bo‘lsa, ro‘zg‘orda ham baraka, ham tinchlik hukmron

Kuzatuvlarga ko‘ra, er-xotin, qaynona-kelin, ovsinlar o‘rtasidagi o‘zaro kelishmovchiliklarning asosiy sabablaridan biri bekorchilikdir. Jamiyat hayotiga katta xavf soladigan jinoyatchilikning tub ildizlari ham shu illat ortidan.

- Foydali mehnat bilan band bo‘lgan kishidan bizning ham ko‘nglimiz to‘q, - deydi Mohira Jalilova. - Ular qilayotgan ishi bilan oilasi xotirjamligiga, moddiy ta’minotini yaxshilashga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Qolaversa, bu mahallaning tinch va farovonligi hamdir. Mahallamiz ayollarining ko‘pchiligi tikish-bichish, qandolat mahsulotlarini pishirish, pomidor, bodring va limon yetishtirish bo‘yicha yaxshi natijalarga erishib kelmoqda. Ayniqsa, uddarubon ayollarimiz yon-atrofidagi qo‘shni qizlarning ham bandligini ta’minlashga katta hissa qo‘shayotgani e’tirofga loyiq.

Shu mahallaga kelin bo‘lib tushgan Mariya Shokirova tikuvchilik kasbini davom ettirib, o‘z xonadonida shinamgina sex tashkil etgan va to‘rt qizning bandligini ta’minlagan.

Asosan ayollar kiyimi, elita parda, bolalar kiyimlari tikilayotgan sexda mahsulotlar turini ko‘paytirish orqali yana 4 xotin-qizning bandligini ta’minlash maqsad qilingan.

Mahallada tikuvchilik kasbini yo‘lga qo‘yib, ro‘zg‘or tebratayotgan oilalar soni anchagina bo‘lishiga qaramay, har biri o‘z yo‘li va mijozlariga ega. Eng muhimi, hammaning o‘z maqsadi, ulkan rejalari bor. Mahalla ayollaridagi bu shijoatni ko‘rib, havas qilish va ulardan o‘rnak olish kerak, xolos. 

Shohista BOZOROVA