Yilnoma 05.10.2017 771

BIR MASALA YUZASIDAN YUZLAB ARIZA YO‘LLASHDAN MUDDAO NIMA?

Murojaat, manfaat va mas’uliyat

BIR MASALA YUZASIDAN YUZLAB ARIZA YO‘LLASHDAN MUDDAO NIMA?

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 28-dekabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra tashkil etilgan Xalq qabulxonalari xalq bilan doimiy muloqot qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari o‘z vaqtida xolislik tamoyillari asosida ko‘rib chiqilishida, mansabdor shaxslar mas’uliyatini oshirishda muhim o‘rin tutmoqda.

Biroq, hayotda shunday insonlar ham uchraydiki, yaratilgan sharoit va imkoniyatlardan faqat o‘z manfaatini qondirishni ko‘zlaydi, hatto g‘araz niyatini shu orqali amalga oshirishga urinadiganlar ham yo‘q emas. Bunday  murojaatlar sabab boshqa birovning manfaatiga putur yetadi, ayni vaqtda ko‘plab idoralarda ortiqcha vaqt va qog‘oz sarfi, behuda o‘rganishlarga sabab bo‘ladi. 

Masalan, Shahrisabz tumanilik B.Hotamov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) bir emas, o‘n emas, naq 208 marta Xalq qabulxonasi va Virtual qabulxonaga murojaat qilgan. O‘rganishlarda ayon bo‘lishicha, aslida uning birovga muhtojlik joyi yo‘q. Shunchaki yozishni, bo‘lar-bo‘lmasga ariza yo‘llashni odat qilib olgan. Bir qancha talablari inobatga olinib, murojaatlari qanoatlantirilgan ham. Qaragan – nima talab qilsa, zumda bajarib berishayapti, aytgani-aytgan, degani-degan. Bu kimga yoqmaydi deysiz?! Biroq hamma narsaning ham chek-chegarasi bor-da. Oxirgi gal u Qarshi tumanida qurilayotgan arzonlashtirilgan uylardan olmoqchi bo‘lib ariza yozdi. Uning bu talabi ham bajarildi – hatto uy uchun to‘lanadigan dastlabki to‘lovning teng yarmi, ya’ni 8 million so‘mdan ko‘proq mablag‘ uning nomiga o‘tkazib ham berildi. Ammo B.Hotamov hali-hamon yozishda, ko‘plab idoralar mas’ullarini sarson qilishda davom etmoqda.

Nishonlik I.Qudratov esa o‘z murojaatida yozda boshi, qishda esa butun tanasi qaqshab og‘rishini aytib, har oyda 300 ming so‘mdan yordam puli berib turishlarini so‘ragan. Tegishli idoralar mas’ullari borib ko‘rishsa, endigina o‘ttizdan oshgan bu yigitning to‘rt muchasi ham sog‘, u shunchaki “yotib yeyish”ga ko‘nikkan yoki shuni istagan ekan.

Qarshi shahrilik Q.Po‘latov adovati sababni, yo “adolat” istabmi, bir maktab direktorini ishdan olishni so‘rab, salkam 50 marta ariza yozgan. Shunga ko‘ra, direktor faoliyati tegishli organlar tomonidan bir necha marta tekshirilgan. Biroq qonunga zid holatlar aniqlanmagan. Niyati amalga oshmagan xusumatchi oxiri direktorning oldiga kelib, agar 1000 dollar bersang tinch qo‘yaman, deb tahdid qilgan. Mana, uning asl maqsadi nimadan iborat bo‘lgan. Vaholanki, uning shikoyat xatlari go‘yoki ta’lim sifati va samaradorligini ta’minlashga qaratilgandek edi. Bila turib yolg‘on ma’lumot tarqatgani va tamagirlik istagi sabab uning o‘zi tegishli javobgarlikka tortildi.

- Xalq qabulxonalariga bugungi kunga qadar 20 mingga yaqin murojaat kelib tushgan bo‘lsa, shularning 4 mingdan ortig‘i qanoatlantirilib, 13 mingdan ko‘prog‘i asossiz bo‘lgani bois rad etildi,- deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining viloyatimizdagi Xalq qabulxonasi mudiri Abduhalim Xolmaxmatov. - Muammolar yechimiga xolis va haqqoniy yondashamiz. Murojaatlar tahlili hamma ham muhtojligi sabab murojaat qilmayotganini ko‘rsatadi. Masalan, Qarshi tumanilik H.Nosirova mahalladan moddiy yordam berishmayapti, deb bir necha bor murojaat qilgan. Aniqlanishicha, unga mahalladan kam ta’minlangan oila sifatida har oyda 244 ming so‘mdan moddiy yordam berib borilarkan. Salomatligini tiklash uchun imtiyozli yo‘llanma bilan bepul davolanib chiqqan, farzandlariga kiyim-kechak sovg‘a qilingan, pasporti bepul almashtirib berilgan, yaqindagina bir homiy tashkilot tomonidan yangi televizor berilibdi. Keyingi murojaatida u yana bitta televizor so‘rabdi...

Mirishkorlik Q.Keldiyevaning ham murojaati asosida uyi ta’mirlab berilgan, tom qismi shifer bilan yopilgan. Buni ko‘rib, uning singlisi R.Pirnazarova ham Xalq qabulxonasiga murojaat qilib, uning uyini ham xuddi opasiniki kabi mukammal ta’mirlab berishlarini so‘ragan.

To‘g‘ri, tirik banda borki, tashvishi bor. Biroq bu degani – hamma tashvish ariza yozib, hal qilinadi, degani emas-ku. Ozroq harakat qilish, bilakdagi kuchni, boshdagi aqlni ham ishga solish kerak-da.

Ba’zi hollarda ayrim rahbarlar shikoyatchining talabi asoslimi-yo‘qmi, aniqlamasdan, qanday bo‘lmasin “og‘zini yopish” va “ortiqcha daxmaza”dan qutulish maqsadida har qanday talabni so‘zsiz bajaraverishgan. Bu esa ko‘rib turganimizdek, kimlarnidir boqimandalikka o‘rgatib qo‘yayapti.

Shuni ham qayd etish joizki, yangi tahrirdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq takroriy murojaatlar bilan ishlash tartibi biroz o‘zgardi. Endi bir masala bo‘yicha qayta-qayta murojaat qilinsayu, biroq amalda u qanoatlantirilgan bo‘lsa, takroriy murojaat sifatida ko‘rib chiqilmaydi.

Aholini o‘ylantirayotgan masalalar, sarsonu ovoragarchiliklarga sabab bo‘layotgan muammolarga yechim topilib, odamlarning adolatga, davlatga ishonchini yanada mustahkamlashga harakat bo‘layotgan bir paytda ayrim kimsalarning arzimagan narsa yuzasidan yoxud o‘z manfaatini ko‘zlab takror va takror murojaat qilishi yaratilgan qulayliklarga nisbatan bepisandlikdan boshqa narsa emas.

Shunday ekan, barchamizga  bildirilayotgan ishonchni suiiste’mol qilmaylik.  Yaxshilikka yaxshilik bilan javob qaytarishga o‘rganaylik. Bu qo‘limizdan kelmasa, hechqursa yomonlik qilmaylik, birovni ortiqcha tashvishga qo‘ymaylikki, bu ham yaxshilik qilish bilan barobar.

Muso MURODOV