So'nggi yangiliklar 21.12.2018 51

"BIR SAYLOVCHI - BIR OVOZ" PRINSIPI QANDAY ISHLAYDI?

Davra suhbati

"BIR SAYLOVCHI - BIR OVOZ" PRINSIPI QANDAY ISHLAYDI?

Viloyat hokimligi huzuridagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish o‘quv kursi, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Qashqadaryo hududiy bo‘linmasi, viloyat saylov komissiyasi, ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-oktabrdagi "Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.

Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari va mas’ul kotiblari, OAV xodimlari ishtirok etdi.

Qayd etildiki, saylovchilar elektron ro‘yxatini shakllantirish, bunda uchastka saylov komissiyalarining saylovchi-fuqarolar doimiy va vaqtincha yashash joylari manzillari to‘g‘risidagi haqqoniy axboroti muhim ahamiyatga ega. Chunki ba’zi ma’lumotlar saylovchi-fuqaroning yashash joyi o‘zgarishi yoki boshqa sabablar bilan eskirishi mumkin. Bu esa tegishli ro‘yxatni tezkorlik bilan avtomatik tarzda yangilashni taqozo etadi.

Bundan tashqari, ilgari amaliyotda saylov uchastkalarining zamonaviy kompyuter to‘plami bilan jihozlanmagani va internet tarmog‘iga ulanish darajasi pastligi, komissiya a’zolarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishga doir bilim va ko‘nikmalari yetarli bo‘lmagani saylov jarayonini raqamlashtirish va avtomatlashtirishda turli qiyinchiliklarni yuzaga keltirgan.

- Qaror bilan saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirishda Ichki ishlar vazirligi axborot bazasi, ko‘chmas mulk obyektlari yagona reyestriga muvofiq yagona ro‘yxat shakllantiriladi, - deydi viloyat saylov komissiyasi mas’ul kotibi Suhrob Ashurov. - Eng muhimi, ushbu ro‘yxat "bir saylovchi - bir ovoz" prinsipiga to‘liq rioya qilinishini ta’minlaydi.

Ta’kidlash joizki, qaror ijrosi mamlakatimizda demokratik saylovlar o‘tkazish amaliyotini yanada takomillashtirish, saylovlarning ochiq-oshkoraligi, shaffofligini ta’minlash, saylovchilar ro‘yxati aniqligini mustahkamlash, pirovardida, saylov va uning natijalari ishonchliligi darajasi yanada ortishiga xizmat qiladi.

Davra suhbatida mahalla faollariga saylovchilar yagona elektron ro‘yxatini shakllantirishdagi vazifalar tushuntirib o‘tildi.

Tadbir qizg‘in savol-javoblar asosida o‘tdi.

Shohista BOZOROVA