Tibbiyot 24.09.2019 33

BIR YILDA RESPUBLIKAMIZDA 3 MING NAFARGA YAQIN CHAQALOQ TUG‘MA MAYMOQLIK BILAN DUNYOGA KELADI

Konferensiya

Bu haqda viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida "Ponseti" xalqaro assotsiatsiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti ilmiy markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan "Tug‘ma maymoqlik: tashxislash, davolash va profilaktika" mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiyada aytib o‘tildi.

Anjumanda sohaning malakali mutaxassislari - "Ponseti" xalqaro assotsiatsiyasi a’zosi Xushnud Rustamov, ponsetiist-shifokor, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti ilmiy markazi vakili Otaboy Niyozmetov, travmotolog-ortoped Shokir Jo‘rayevning tug‘ma maymoqlikda Ponseti usulini tatbiq etishning muhim jihatlariga doir ma’ruzalari tinglandi.

- Tug‘ma maymoqlik eng ko‘p uchraydigan ortopedik kasalliklardan biri bo‘lib, o‘rta hisobda, tug‘ilgan har 1000 boladan 4 nafarida uchraydi, - deb qayd etdi Xushnud Rustamov. - Uning paydo bo‘lish sabablari borasida aniq xulosaga kelinmagan, lekin ba’zi holatlarda qarindoshlarda kuzatilgani, ona homiladorlik davrida kasallangani, jarohat olgani kabi hollarda yuzaga kelishi ko‘rsatiladi. Eng afsuslanarlisi, farzandlarning tug‘ma maymoq bo‘lib dunyoga kelishida kaltabinlarcha faqat ayollar aybdor sanalib, oilalarning buzilishi holatlari ham ko‘p uchramoqda.

Mutaxassislarning qayd etishlaricha, zamonaviy tibbiyot bu kasallikni qisqa muddatda, samarali davolash imkoniga ega. Bu nuqsonni davolash bo‘yicha o‘tgan asr o‘rtalarida asli ispaniyalik va AQShda istiqomat qilgan shifokor Ignasio Ponseti o‘z usulini taklif etgan. Mazkur usul 3 bosqichdan iborat bo‘lib, dastlab bolaning oyog‘iga barmoqlar uchidan to sonning yuqori uchligigacha tizza 90 daraja bukilgan holda etapli gips bog‘lamlari qo‘yiladi. Maymoqlikda Axill payi kalta bo‘lgani hisobga olinib, 2-bosqichda shu pay uzaytiriladi. Amaliyot mahalliy og‘riqsizlantirish ostida, terini kesmasdan va chok qo‘ymasdan bajariladi. Bunda terida chandiq qolmaydi. Mazkur tadbirdan so‘ng 3 haftaga gips bog‘lami qo‘yiladi.

3-Breys bosqichida bemorlar oyog‘iga maxsus moslamalar taqiladi. U kasallik qaytalanish xavfini kamaytirish uchun xizmat qiladi. Bunda dastlabki 3 oy bemorlar sutkada 23 soat davomida Breys taqishlari zarur. Bola katta bo‘lishi bilan, moslama taqish davomiyligi kamaytirib boriladi. Bemorlar mustaqil yurgach, Breyslarni faqat uyqu davrida taqish tavsiya kilinadi. Bemorlar 5 yoshga to‘lguncha ushbu qoidaga qat’iy rioya qilishlari talab qilinadi.

Anjumanda mutaxassislar tomonidan mazkur yangi standart usulining afzalliklari maxsus taqdimotlar asosida batafsil sharhlandi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.

N.XO‘JAYEV

Suratlarda: anjumandan lavhalar.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.