Jarayon 20.08.2019 37

BIRDAMLIK VA HAMJIHATLIK RAMZI

Yurt obod - ko‘ngil obod

BIRDAMLIK VA HAMJIHATLIK RAMZI

17-18-avgust kunlari mamlakatimizda umumxalq xayriya hashari bo‘lib o‘tdi

Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz - Vatanimiz mustaqilligining 28 yilligi oldidan yurtimiz bo‘ylab umumxalq xayriya hashari tashkil etildi.

Xususan, viloyatimizda hashar kunlari mahallalar, aholi punktlari, ko‘p qavatli binolar va hovlilar atrofi, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar, qabristonlar, ariqlar, ko‘cha va yo‘laklar hamda bolalar maydonchalari tartibga keltirildi, daraxtlar butalanib, oqlandi. Shuningdek, xayriya tadbiri doirasida nogironlar, yakka-yolg‘iz qariyalar, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan oilalarning uy-joylari ta’mirlanib, ularning ro‘zg‘or yumushlariga ko‘maklashildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu ishlarda 1 millionga yaqin kishi qatnashgan bo‘lsa, shundan 400 ming  nafarga yaqinini yoshlar tashkil etdi.

Ikki kunlik tadbirda 2 ming gektarga yaqin maydon, 919 kilometr ariq va zovurlar tozalandi, 647 ta qabriston va 63 ta ziyoratgoh obodonlashtirildi. Buning uchun 478 ta texnika kuchidan foydalanildi.

An’anaga ko‘ra, bu galgi xayriya hasharida ham "Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin!" aksiyasi doirasida keksa va nogironlarga, yolg‘iz qariyalarga, Mehribonlik, Saxovat, Muruvvat uylarida yashovchilarga, boquvchisini yo‘qotgan ehtiyojmand oilalarga mehr-muruvvat yordamlari ko‘rsatildi.

Umumxalq xayriya hasharidan tushgan mablag‘lar kam ta’minlangan va boquvchisini yo‘qotgan oilalarga, pensionerlarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish, uy xo‘jaligi ishlariga ko‘maklashish kabi tadbirlarga yo‘naltiriladi.

SH.BOZOROVA

Suratda: tadbirdan lavha.

Sobir NARZIYEV olgan surat.