Jamiyat 08.10.2019 24

BIRI ARCHA, BIRI SUPA OSTIGA QUROL YASHIRGAN

Jinoyat kodeksining 248-moddasiga muvofiq, tegishli ruxsatnomasiz o‘qotar qurol, shuningdek, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalari tayyorlash, olish, olib yurish, saqlash, olib o‘tish yoki jo‘natish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Shu bois ko‘plab fuqarolar bunday buyumlarni o‘z ixtiyori bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirmoqda.

Misol uchun, Kitob tumani Saroy qishlog‘ida yashovchi, 1942-yilda tug‘ilgan Normaxmat Tuxtavulov hovlisidagi molxonani tozalayotgan vaqtida 1 nilli, 16 kalibrli, 1954-yilda ishlab chiqarilgan, NV-44913 raqamli o‘qotar ov qurolining stvolini topib oladi. Qonuniy yo‘l tutib, uni tuman IIBga topshiradi.

Qarshi shahrilik Ulug‘bek Chulliyev ham molxonadan topib olgan, 1 nilli, 5,6 kalibrli, TOZ-8 rusumli o‘qotar ov qurolining stvolini o‘z ixtiyori bilan ichki ishlar idorasiga keltirib beradi.

Bu borada qonuniy yo‘l tutish o‘zgalar xavfsizligini ta’minlaydi. Talabdan ko‘zlangan maqsad ham shu. Biroq buni to‘g‘ri anglamagan ayrim kishilar ham borki, topib olingan yoki turli sabablar bilan saqlanib kelayotgan qurollarni topshirish o‘rniga yashirishga urinadilar.

Viloyat IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, Shahrisabz tumani G‘ilon qishlog‘ida yashovchi, 1977-yilda tug‘ilgan S.G‘iyosov yashash xonadoni chordog‘ida 1 nilli, 28 kalibrli o‘qotar ov qurolini noqonuniy ravishda saqlab kelayotgani aniqlangan. Bordiyu qurol vaqtida topshirilganida, hammasi ko‘ngildagiday yakun topgan bo‘lardi. Afsuski, fuqaro buni istamadi va endi tergovda buning sababini tushuntirib berishga majbur.

Dehqonobod tumani Oqqishloq MFY Shaxshar qishlog‘ida yashovchi, 1969- yilda tug‘ilgan X.Allaberdiyev ham yashash xonadoni orqasidagi supa tagida 1 nilli, 16 kalibrli, 12140G raqamli o‘qotar ov qurolini noqonuniy ravishda saqlagan. Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Shu qishloqlik yana bir fuqaro, 1963-yilda tug‘ilgan M.Pirimov mol qo‘toni yonida o‘sib turgan archa daraxtining tagiga 1 nilli, 16 kalibrli, 88093 raqamli, 1964-yilda ishlab chiqarilgan o‘qotar ov qurolini yashirgan.

Shahrisabz shahar Bunyodkor MFYda yashovchi B.Rahmonov esa yashash xonadonidagi yordamchi xo‘jalik binosida o‘qotar ov qurolining 6 dona patronini saqlab kelgan. Tergovga qadar tekshiruv harakatlarida shu masalaga oydinlik kiritilmoqda.

N.XO‘JAYEV