Jamiyat 06.09.2019 27

BIRINCHI PREZIDENT XOTIRASIGA EHTIROM

Buyuk yo‘lboshchi yodi

2-sentabr kuni mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Qarshi shahrida ham O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovni xotirlash tadbirlari o‘tkazildi.

Qayd etish lozim, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 25-yanvardagi "O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, har yili 2-sentabr mustaqilligimiz asoschisi Islom  Karimov xotirasi kuni sifatida yod etiladi.

Xotira tadbirlari erta tongda Birinchi Prezidentimiz haykali qad rostlagan maydonda boshlandi. Bu yerda davlat va jamoat tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari, fan, madaniyat, adabiyot va san’at namoyandalari, yoshlar jam bo‘lib, Islom  Karimov haykali poyiga gullar qo‘ydi, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Qayd etish lozim, Qashqadaryo ahli voha mustaqillik yillarida iqtisodiy barqaror, sanoati rivojlangan hududga aylanib, aholi turmush darajasi muttasil o‘sib borayotgani, bunyodkorlik, xalqimiz farovonligini yuksaltirishga daxldor barcha ezgu ishlar bevosita Islom Karimov nomi bilan bog‘liq ekanini yaxshi biladi.

Xususan, Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida iqtisodiyotda amalga oshirilgan tub tarkibiy o‘zgarish va yangilanishlar viloyatda zamonaviy sanoatni izchil rivojlantirishga xizmat qildi. Gigant  zavodlarda yangi quvvatlar barpo etilib, yirik korxonalar ishga tushirildi.

Shuningdek, Islom Karimovning bevosita tashabbusi bilan Qarshi va Shahrisabz shaharlari qiyofasi tubdan yangilandi, yuzlab zamonaviy ta’lim muassasalari, muhtasham sport inshootlari, madaniyat va musiqa maskanlari, ko‘p qavatli xonadonlar, namunaviy loyihalar asosida minglab uy-joylar qurildi.

- Islom Karimov faoliyatida Qashqadaryoga rahbarlik qilgan davr alohida o‘rin tutadi, - deydi viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi raisi Eson Rajabov. - Shuning uchun vohamizga qilgan har tashrifida, viloyat haqida gapirganida, Qashqadaryo zamini, uning halol, mehnatkash va tanti odamlarini alohida mehr va samimiyat bilan tilga olardi. Mardlik va olijanoblik fazilatlari sabab ham Islom Karimovning yorqin xotirasi qalblarimizda mangu yashaydi.

Birinchi Prezident xotirasiga bag‘ishlab, shuningdek, ehson oshlari ham tashkil etildi. Shunday tadbirlardan biri Qarshi shahridagi nogiron bolalar internat uyida bo‘lib, jismoniy imkoniyati cheklangan, nogironligi bo‘lgan bolalarga sovg‘alar ulashildi.

N.XO‘JAYEV