Ta'lim 06.09.2019 28

BIRINCHI QO‘NG‘IROQ SADOLARI OSTIDA YANGI O‘QUV YILI BOSHLANDI

Ta’lim

4-sentabr kuni mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi viloyatimizdagi 1 ming 131 ta umumiy o‘rta ta’lim va  3 ta nodavlat maktabda birinchi qo‘ng‘iroq sadolari yangradi.

Yangi o‘quv yili istiqlolimizning 28 yilligi munosabati bilan "Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!" shiori ostidagi bayram tadbirlari hamda Mustaqillik darslari bilan boshlandi.

- Bu yil viloyatimizdagi barcha umumta’lim maktablariga 63 ming 388 nafar o‘quvchi 1-sinfga qabul qilindi, - deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati boshlig‘i Sevin Ochilov. - Ularga Prezident sovg‘alari - 13 nomdagi o‘quv qurollari solingan maktab sumkalari tantanali topshirildi.

Ahamiyatli tomoni, yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan maktablarda o‘tkazilgan "Bilimlar kuni" tadbirlari va Mustaqillik darslari bu yil yanada bayramona ko‘rinishda va o‘zgacha shukuhda o‘tdi. Ayniqsa, viloyat, tuman hokimlari, sektorlar rahbarlari hamda o‘z sohasida katta yutuqlarga erishgan kishilar, ijodkorlar, sobiq bitiruvchilarning maktablarga kelib, "Bilimlar kuni" tadbirlarida ishtirok etishi, Mustaqillik darslarini o‘tishi o‘quvchilar uchun yanada esda qolarli bo‘ldi.

Jumladan, shu kuni viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev ham Koson tumanidagi 62-umumta’lim maktabidagi tadbirda ishtirok etib, Mustaqillik darsini o‘tdi. Viloyat hokimi o‘quvchilarga istiqlol, uning xalqimiz hayotida tutgan o‘rni haqida batafsil gapirib berdi. Bugungi tinch va osuda hayotimiz, oilalarimiz farovonligi, mamlakatimizning    xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzi ortib borayotgani aynan mustaqillik bilan chambarchas bog‘liq ekanini alohida ta’kidladi.

Aytish joiz, mustaqillik yillarida mamlakat kelajagi sog‘lom, har tomonlama barkamol avlod qo‘lida ekanligini inobatga olingan holda, ta’lim tizimiga juda katta e’tibor qaratildi. O‘quv jarayonlariga ko‘plab yangi o‘qitish metodlari joriy etildi, ta’lim muassasalari eng zamonaviy o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlandi. Yuqori malakali kadrlar tayyorlash, doimiy ravishda ularning malakasini oshirib borishga urg‘u berildi. Shu bilan bir qatorda, eng chekka hududlarda ham zamonaviy tipdagi, shinam va yorug‘ o‘quv xonalariga ega maktablar qad rostladi, mavjudlari tubdan ta’mirlandi. Bu boradagi ishlar tizimli ravishda davom ettirilmoqda.

Viloyatimiz misolida oladigan bo‘lsak, birgina joriy yilning o‘zida hududda barcha turdagi maqsadli dasturlar asosida 57 ta maktabda rekonstruksiya ishlari bajarildi, shuningdek, 29 ta maktab kapital, 11 tasi joriy ta’mirlandi. Natijada bir yil ichida viloyatimizdagi maktablarning umumiy quvvati yana 20 ming 655 o‘quvchi o‘rniga ko‘paydi.

Jahongir BOYMURODOV

Suratlarda: Qarshi shahridagi 9-maktabda o‘tkazilgan tadbirdan lavhalar.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.