Ma'naviyat 25.12.2018 43

BITIKLARDA - MOZIY SADOSI

Qashqadaryo yodgorliklari

BITIKLARDA - MOZIY SADOSI

Qariyb o‘ttiz asrlik tarixga ega qadim Kesh - Shahrisabzda qad rostlab turgan me’moriy obidalar serhashamligi, takrorlanmas naqshu bitiklari bilan dunyoda mashhur. Ularning ko‘pi Sohibqiron, uning avlodlari davrida ko‘hna shaharning hozirgi tarixiy qismida bunyod etilgan va haqli ravishda jahon merosi ro‘yxatidan joy olgan.

Sobiq tuzum davrida uzoq yillar xo‘jalik maqsadlarida foydalanilgan, xo‘jako‘rsinga uyoq-buyog‘i ta’mirlab turilgan mazkur tarixiy yodgorliklarni asl go‘zal qiyofasiga keltirish borasida istiqlol yillarida katta ishlar amalga oshirildi. Natijada bugun bir-biridan ko‘rkam, moviy gumbazli, qo‘li gul ustalarimiz iste’dodi, mehnati bilan qayta sayqal topgan tarixiy yodgorliklarni, tobora chiroy ochib borayotgan ko‘hna shaharni ko‘rish uchun  nafaqat mamlakatimizdan ziyoratchilar, shuningdek, dunyoning turli joylaridan sayyohlar tashrif buyurishmoqda.

Ma’lumki, O‘zbekistondagi tarixiy obidalar naqshinkor bezaklari va noyob yozuv namunalari bilan ajralib turadi. Ammo ushbu me’moriy yodgorliklarni bezab turgan turli mavzudagi bitiklarning aksar qismi haligacha to‘liq o‘rganilmagan edi. Bu Shahrisabz shahridagi tarixiy yodgorliklarga ham taalluqli. Holbuki, ularda Qur’on oyatlari, hadisi sharif namunalarini, turli duo va  hikmatlarni o‘qish, muhim voqealar, tarixiy shaxslar haqida aniq ma’lumotlar olish mumkin edi. Shu nuqtai nazarda istiqlol yillarida ilk marta obidalardagi qadimiy yozuvlarni tadqiq qilish, ularni o‘qish va aniqlashtirishga muayyan loyiha doirasida qo‘l urildi. Buning uchun juda katta ijodiy guruh - tarixchilar, arxeologlar, san’atshunoslar, matnshunoslar, islomshunoslar va adabiyotshunoslar jalb etildi. Ular uzoq yillar davomida bepoyon yurtimizning turli joylarida bunyod etilgan me’moriy obidalardagi yozuvlarni sinchiklab o‘rganib chiqdilar, tadqiqotlar asosida batafsil sharhlar tayyorladilar. Shular negizida "O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar" nomli 12 jildlik kitob-albom nashrdan chiqarildi. Uning bir jildi "O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar: Qashqadaryo. Shahrisabz"  nomi ostida uch ming nusxada o‘zbek, rus va ingliz tillarida chop etildi.

Ushbu kitob-albomda asosan Amir Temur va temuriylar davridagi madaniy uyg‘onish davri bilan bog‘liq bo‘lgan Shahrisabzning eng mashhur yodgorliklari - Oqsaroy, Dorus saodat, Dorut tilovat majmuasiga kiruvchi obidalar, shuningdek, Malik Ashdar va Abdushukur og‘oliq madrasalaridagi bitiklar taqdim etilgan. Ularning aksariyat qismi birinchi marta o‘qilib, uch tilga tarjima qilindi, zaruriyat tug‘ilganlariga  sharhlar ham yozildi.

Kitobda Oqsaroy yodgorligidagi bitiklarga juda keng o‘rin berilib, 145 bet ajratilgan, jami 25 ta bitik ustida tadqiqot o‘tkazilib, ularning arab imlosidagi matni keltirilgan. Bu borada ishlagan tadqiqotchilarning e’tiroficha, Amir Temur buyrug‘i bilan bunyod etilgan Oqsaroy saroy inshootlarining dong‘i chiqqan bir namunasini o‘zida gavdalantiradiki, binobarin, bu inshootga teng keladigan oliy bino temuriylardan avval ham, keyin ham  boshqa bunyod etilmagan.

Mutaxassislar tomonidan qayd qilinishicha, Oqsaroy bitiklarida arab yozuvining har xil turlari mahorat bilan qo‘llanilgan va bu mashhur obidaning naqshinkor bezatilishida muhim bir omil bo‘lgan. Biroq, matnlardan faqat kichik bir ulushgina bizgacha saqlanib qolgan, xolos. Shunga qaramay, Oqsaroy yuksak badiiy dekor - manzara maydonchasi va namunasi bo‘lib qolmasdan, balki Amir Temur davri xattotlik san’ati yutuqlarini mujassamlantirgan, degan xulosaga kelish mumkin.

Tadqiqotlar jarayonida Oqsaroy bilan bog‘liq yangi ma’lumotlarning ham aniqlangani, ayniqsa, diqqatga sazovordir. Chunonchi, Oqsaroy binosida usta Muhammad Yusuf at-Tabriziy o‘z dastxatini qoldirganini bilardik. Tadqiqotchilar burchak zanjirli nim ustunlardagi quyidagi bitikni ham aniqlab, o‘qidilar: "Alloh  taoloning rahmatidan umidvor ikki (ismlari adash) Muhammad Yusuf at-Tabriziy". Dastxatning davomi shunday: "Behojat Allohning (rahmatiga muhtoj) faqir bandasi (bir xil ismga ega) (ikki) ustod Muhammad Yusuf at-Tabriziy (atama). Alloh ularning har ikkalasini mag‘firat qilsin". Bundan oydinlashadiki, Oqsaroyga yanada jilo berish, ko‘rk bag‘ishlashda Tabriz shahridan bir xil ismli ikki usta qatnashgan.

Saroy bitiklari orasida mashhur arab so‘fiy shoiri Umar Ibn Ali al-Foriz (1181-1235) qalamiga mansub tasavvufiy she’r ham borligi aniqlandi. Biroq, 50 baytlik she’rdan faqat 12 bayti bitilgan joy saqlanib qolgan. Inshootda saroy bunyodkori    Sohibqiron Amir Temur sha’niga aytilgan tilaknomalar ham yozilgan. Quyidagi bitikda esa Oqsaroy shunday madh etilgan:

"Ofarin, ey moviy gumbazli imorat.

Qalam uchidan to‘kilgan siyoh, xat yo‘liga tushmish o‘xshar.

Undagi yozuv va naqshlardan iborat bitik yulduzlarga o‘xshar".

Oqsaroy qurilishining boshlanish sanasi bobida olimlar tomonidan deyarli bahslar bo‘lmasa-da, ammo koshona qurilishi tugallanishiga oid turli fikrlar bildirilgan edi. Bitiklardagi quyidagi she’riy matn bu boradagi munozaralarga chek qo‘yadi, degan fikrdamiz:

(Oltin chiziq) kabi kuydirib, dog‘ paydo qilur.

Sening qahring zahri esa qalbni og‘ritib,

Yetti yuz to‘qson sakkizinchi yilda

Eslanuvchi davron shohining amri bilan.

Agar hijriy 798-yil milodiy yilga aylantirilsa, 1396-yil kelib chiqadi. Demak, Oqsaroy binosi ana shu yilda qurib bitkazilgan. Qolgan davrda bezak ishlari davom etgan. Zero, 1404-yil avgust oyi oxirida Shahrisabzga kelgan ispan elchisi Klavixo Oqsaroyni tomosha qilganida ham pardoz yumushlari davom etayotgan bo‘lgan.

Dorus saodat me’moriy majmuasi shaharning janubi-sharqiy qismida joylashgan, Amir Temur davrining eng mashhur tarixiy yodgorliklaridan biri hisoblanadi. Undagi asosiy yodgorlik hazrat Sohibqironning to‘ng‘ich farzandi Jahongir mirzo maqbarasidir. Maqbara o‘z vaqtida juda chiroyli bo‘lgan, ammo vaqt o‘tgan sayin asta-sekin o‘zining oldingi qiyofasini yo‘qotgan. Holbuki, obidaning g‘arbiy fasadi butun yuzasi kufiy bannoniy xati bilan amalga oshirilgan mahobatli epigrafik kompozitsiyani o‘zida gavdalantirgan handasaviy naqshlar bilan bezatilgan edi. Ammo bitiklarning katta qismi qo‘porilib, yo‘qolib ketgan. Sharqiy fasadda ham sopol koshinlardan ishlangan qadama naqshlarning parchalarigina saqlanib qolgan, shu tariqa bitiklar ham yo‘qolib ketgan.

Maqbaraning o‘ymakori eshigidagi bitiklar o‘zida muhim, tarixiy ma’lumotlarni jamlagan. U hijriy 1280, milodiy 1863-1864-yillarda mirdahyaklik saxovatli inson Tog‘oy  buyurtmasiga muvofiq usta Bobojon tomonidan yasalib, o‘rnatilgan ekan. Eshikdagi she’riy matnda "Ey, Muhammad Keshiy" ismi-sharifi diqqatingizni tortadi. Chunki milodiy 786 yilda Keshda tug‘ilgan Muhammad Keshiy buyuk imom, zabardast muhaddis, Keshda birinchi hadis maktabiga asos solgan zot sifatida bizga yaxshi tanish. Biroq, matnni tuzgan kishi Jahongir Mirzoni ana shu imom nomi bilan o‘zaro bog‘lagan afsonago‘ylik an’analariga ergashgan ko‘rinadi.

Shu majmua tarkibidagi, aytishlaricha, Sohibqiron o‘zi uchun qurdirgan maqbara turli mazmundagi bitiklarga boyligi bilan e’tiborga molikdir. Akademik Yahyo G‘ulomov ular bilan 1933-yildayoq tanishib chiqqan edi. 1942-yilda daxmadagi bitiklarni mashhur olimlar M.Ye.Masson va G.A.Pugachenkova tadqiq qilishdi.

Xilxona devori ravoqlari, ravoqlar ichidagi toshtobut ustki qismidagi bitiklarning ko‘pchiligi suls xatining turli usulda yozilgan va Qur’ondan olingan iqtiboslarni ifoda etadi. Shuningdek, Payg‘ambarimiz hadislarida uchraydigan duolar yozilgan. Bitiklarda Alloh taoloning 99 go‘zal ismini ham o‘qish mumkin.

O‘ng sharqiy ravoqdan boshlanib chap g‘arbiy ravoqda yakunlangan quyidagi matnni mutaxassislar fikricha, hazrat Sohibqiron o‘zi tasdiqlab bergani ehtimoldan yiroq emas: "Ey, Allohim, meni (ota-onamni) barcha mo‘min va mo‘minalarni, musulmon erkak va musulmon ayollarni, ularning tiriklari va vafot etganlarining gunohlarini kechirgil! Bizlar va ular orasida yaxshiliklarni ergashtirgin. Albatta, Sen duolarni ijobat qiluvchi, barakalar yog‘diruvchi, hojatlarni ravo etuvchi, yomonliklarni daf etuvchi zotsan va yaxshiliklar egasisan! Barcha yaxshiliklar Sening ixtiyoringda. Albatta, Sen barcha ishlarga qodir zotsan!"

Dorut tilovat majmuasidan Ko‘kgumbaz jome’ masjidi, Shamsiddin Kulol va Gumbazi  Sayidon maqbaralari joy olgan. Undagi masjid Mirzo Ulug‘bek farmoyishiga ko‘ra, 1435-yilda qurilgan. Bitiklar gumbaz gardishi, shuningdek, binoning bosh peshtoqi va interyerida koshinlardan terib chiqilgan. Arab yozuvi xatlarining har xil turlari an’anaviy naqshlar bilan birgalikda binoga alohida hashamat bag‘ishlagan. Ular asosan Qur’onning turli suralaridan olingan oyatlardan, Allohni ulug‘lovchi kalimalar va duolardan iborat. Qurilishning amalga oshirilgan  sanasi va homiysi haqida ham ma’lumotlar berilgan.

Majmuada Mirzo Ulug‘bek farmoniga muvofiq 1437-yilda barpo etilgan xilxona Gumbazi Sayidon (sayidlar gumbazi) deb ataladi. Unda Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) avlodlari - sayyidlarning Termiz  xonadoni a’zolari mangu qo‘nim topgan. Maqbara ichkarisida 4 ta marmar toshdan yasalgan sag‘ana bor. Undagi eng yirik sag‘ana toshi sayyid Abul Maoliyga tegishlidir. U 1371-yilda Amir  Temur farmoni bilan Termizdan Shahrisabzga keladi. Bir necha harbiy yurishlarda Sohibqironga hamrohlik qilgan.

Xilxona binosi ichkarisidagi sag‘ana toshlaridagi bitiklar hozirgacha yaxshi saqlanib qolgan. Qur’ondan oyatlar, Allohni ulug‘lovchi kalimalar suls, nasx va kufiy xatlarida bitilgan. Abul Maoliy sag‘ana toshida unga bag‘ishlangan qasida ham bor. Albom-kitobda uning yigirma qatori har uch tildagi tarjimasi bilan berilgan. Shuningdek, shu qabrtoshning atrofida va mehrobsimon naqsh ichida Sayyid Abul Maoliyning nasabnomasi suls xatida bitilgan.

Yana shuni ham qayd etish joizki, ushbu tarixiy yodgorliklarni ta’mirlashda, ayniqsa, ulardagi bitiklarni tiklashda ko‘pgina kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani ham kitob-albomda ko‘rsatib o‘tilgan. Chunonchi, 1980-yillarda Oqsaroydagi qadama naqshlarning bir qismi noto‘g‘ri restavratsiya qilingani ayrim bitiklarga ziyon yetkazgan. Ko‘p joylarda matn bo‘laklari noaniq qadamalab chiqilgan, koshinlar jiddiy tarzda joyidan siljitilgan. Ko‘kgumbaz masjidida 1975 va 1992-1995-yillarda o‘tkazilgan restavratsiya paytida ham bitiklarga zarar yetkazilgan. Bunday holatlar boshqa obidalarda ham ko‘zga tashlanadi. Kamchiliklar ta’mirlovchi ustalarning mukammal tajribaga ega emasligi oqibatida yuz bergan.

Demak, yurtimizda bilimdon, ta’mirlash sirlarini puxta egallagan yuqori malakali ta’mirlovchi, loyihachi, me’mor, xattotlar, koshinkorlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, yodgorliklar shunchalik sifatli ta’mirlanadi, ularning umri uzoq bo‘ladi. Afsuski, yuqori malakali bunday kadrlar tayyorlash hanuz murakkab masala bo‘lib, yangicha yondashuvni talab qilmoqda. Shunda tarixiy obidalar, shubhasiz, xalqimiz o‘tmishi, madaniyati, san’ati va ulug‘ bunyodkorlik kuchining ifodasi sifatida asrlar osha yashayveradi.

Mo‘min AZIZOV,

tarixchi-jurnalist