Jarayon 07.06.2019 24

BITTA ISHSIZ ODAM O‘NTA MUAMMO DEGANI

Mehnat yarmarkasi

Qarshi shahridagi "Vatanparvarlar bog‘i"da viloyat hokimligi, mudofaa ishlari boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi, bandlik bosh boshqarmasi hamda qator davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida mehnat yarmarkasi o‘tkazildi.

Unda 300 dan ortiq tashkilot, korxona va muassasalar qatnashib, 3500 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari taqdim etildi. 28 nafar fuqaro bilan ishga joylashish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.

Prezidentning 2018-yil 14-iyuldagi "Aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlarni takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosi hamda 2018-2019-yillarda Qurolli Kuchlar safidan muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgan yoshlarni ish bilan ta’minlash maqsadida tashkil etilgan yarmarkada doimiy ish bilan band bo‘lmagan xotin-qizlar hamda ish topishda qiynalayotgan yoshlar qatnashishdi.

Tadbir davomida o‘z tadbirkorligini boshlash istagidagi bitiruvchilarga bank xodimlari tomonidan imtiyozli kreditlar olish bo‘yicha tushunchalar berildi.

- Yoshligimdan temir panjaralar, darvozalar yasashga qiziqaman, - deydi Koson tumani Pudina qishlog‘ida yashovchi Xumoyun Boboyev. - Bugungi mehnat yarmarkasida tumanimizdagi "Metall sifat servis" MCHJga ishchi bo‘lib joylashdim. O‘z ehtiyojim, oilam uchun mustaqil ravishda pul ishlab topadigan bo‘lganimdan mamnunman.

SOJIDA