Jamiyat 31.05.2019 70

BIZ UCHUN JAMIYATDA BEGONA BOLA YO‘Q VA BO‘LMASLIGI KERAK

1 iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni

Mamlakatimizda bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, pirovardida sog‘lom hamda barkamol avlodni kamol toptirish uchun zarur barcha shart-sharoit va ma’naviy-axloqiy muhitni ta’minlash masalalari davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan etib belgilangan. Binobarin, bolalar kelajagimiz vorislari, millatimiz davomchilari sifatida e’zozlanadi.

O‘zbekiston 1992-yilda BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilgan. Bu muhim qadam yurtimizda bola huquqlariga oid davlat siyosatining shakllanishi hamda izchil rivojlantirilishi uchun mustahkam zamin yaratdi. Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya, ta’bir joiz bo‘lsa, dunyo bolalarining o‘ziga xos Konstitutsiyasidir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2019-yil 22-aprelda qabul qilingan "Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaror va 1-iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni arafasida, ya’ni 29-mayda qabul qilingan "Ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish  to‘g‘risida"gi qaror ana shu dolzarb vazifalar ijrosiga qaratilgani bilan g‘oyat ahamiyatlidir. Harakatlar strategiyasi ijrosi doirasida ishlab chiqilgan va tasdiqlangan mazkur tarixiy qarorlar sohadagi islohotlarni sifat jihatidan mutlaqo yangi darajaga ko‘tardi.

Bu haqda fikr yuritganda, avvalambor, yurtimizda o‘tgan davrda bola huquqlarini himoya qilish va kafolatlashning huquqiy asoslari yaratilganini ta’kidlash lozim. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 64-moddasida belgilanganidek, ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar. Davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onalarining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o‘qitishni ta’minlaydi, bolalarga bag‘ishlangan xayriya faoliyatlarini rag‘batlantiradi.

Bugungi kunda "Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida", "Ta’lim to‘g‘risida", "Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida", "O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida"gi qonunlar amal qilmoqda. 2017-yilda esa "Bolalarni ularning sog‘ligiga zarar yetkazadigan axborotdan himoya qilish to‘g‘risida"gi Qonun qabul qilindi.

Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish jarayonida ta’limning barcha bo‘g‘ini, tibbiyot sohasi davr ruhiga monand takomillashtirilmoqda. Bunda oilalar manfaatlarini ta’minlash, navqiron avlodni milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash yuzasidan keng qamrovli loyihalar amalga oshirilayotir.

Shu bilan birga, bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ularning barkamol avlod bo‘lib voyaga yetishini ta’minlash borasidagi faoliyatning institutsional va huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirish zarurati tobora ortib bormoqda. Yangi qarorlar bu tizimdagi islohotlarga shiddat va shijoat bag‘ishlaydi.

Davlatimiz rahbarining "Ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida"gi qarorida ta’kidlanganidek, mamlakatimizda sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, ma’naviy-axloqiy, jismonan yetuk, vatanparvar, milliy an’ana va qadriyatlarimizga sadoqatli yoshlarni voyaga yetkazish, ularni amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning faol va jonkuyar ishtirokchisiga aylantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalarining ushbu jarayondagi ishtiroki, shuningdek, jismonan va ruhan sog‘lom shaxsni tarbiyalash, bolalarda mehnatsevarlik va komillikka intilish tuyg‘ularini shakllantirishdagi faoliyatini yanada takomillashtirish talab etilayotgandi. Voyaga yetmaganlarni ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalariga joylashtirishda ularning ijtimoiy holati, shaxsiy xislatlari, sodir etgan qilmishining xavflilik darajasini to‘liq va to‘g‘ri baholash dolzarb bo‘lib turgandi.

Ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalaridagi bugungi holat o‘quv jarayonini davlat ta’lim standartlari asosida sifatli tashkil etish, o‘qituvchi, tarbiyachi, psixolog va boshqa xodimlarning tarbiyalanuvchilarga ta’lim berish, ularga kasb-hunar o‘rgatish borasidagi ko‘nikma va malakalarini oshirishni taqozo etdi.

Shu nuqtai nazardan, Prezidentimizning ushbu qarori voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning oldini olish, alohida sharoitlarda tarbiyalash va ta’lim berishga muhtoj bo‘lgan yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish maqsadiga qaratilgani bilan nihoyatda muhimdir.

Qarorga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligining Baxt shahridagi o‘g‘il bolalar maxsus kolleji, Qo‘qon shahridagi maxsus yengil sanoat kolleji, Samarqand shahridagi 64-sonli o‘g‘il bolalar maktab-internati va Chinoz tumanidagi 5-sonli qiz bolalar maktab-internati negizida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzurida Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi hamda Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasini tashkil etish taklifi ma’qullandi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston Prezidentining "Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorining xalqaro darajadagi tarixiy ahamiyati haqida so‘z borganda, ushbu hujjat Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga har tomonlama mutanosib ekanini e’tirof etish darkor. O‘zbekiston BMTning mazkur konvensiyasi talablariga qat’iy rioya etib kelmoqda.

Qarorda bu boradagi ishlarni yanada yuksak bosqichga ko‘tarish bo‘yicha yangi tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning 30 yilligini keng nishonlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi qabul qilinadi. Bolalar huquqlarini himoya qilish va ularga qulay shart-sharoit yaratishga oid milliy harakatlar dasturi tasdiqlanadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksini BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga doir Fakultativ protokolga (2000 yil 25 may, Nyu-York) muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqish vazifasi belgilab berildi.

Prezident qarorining dolzarbligi va muhimligi nimada?

1. O‘zbekistonda 18 yoshga to‘lmagan 12 million 200 ming nafardan ortiq bola bor. Ammo, bolalarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan institut mavjud emasdi. Shu ma’noda, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari - Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimining joriy etilishi ma’qullangani nihoyatda muhimdir.

2. Yurtimizda bolaning manfaatlariga aloqador masala hal etilayotganda, afsuski, uning o‘z fikri tinglanishini ta’minlovchi mexanizmlar haligacha shakllantirilmagan. Endilikda shu dolzarb muammo ham amaliy yechimini topdi: tegishli vazirlik va tashkilotlarga uch oy muddatda bolaning oqilona va mustaqil fikrlash qobiliyatini baholash mezonlarini ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi yuklatildi.

3. Davlatimiz rahbari qayd etganidek, oilada bolaning manfaatlariga taalluqli har qanday masala hal qilinayotganda, shuningdek, har qanday sud muhokamasi yoki ma’muriy muhokama davrida bola o‘z fikrini ifoda qilishga haqlidir. Bunda qaror qabul qilishga vakolatli organlar va shaxslar bolaning manfaatiga taalluqli masalani hal qilishda oqilona va mustaqil fikrlash qobiliyatiga ega bolaning fikrini, uning yoshidan qat’i nazar, jiddiy omil sifatida ko‘rib chiqishi hamda bolaning eng ustun manfaatlarini nazarda tutuvchi qarorni qabul qilishi shart.

Prezident qarorida bola huquqlari kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan bir qator muhim qoidalar belgilandi. Bunda BMT Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining tavsiyalari, Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya talablari hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida mustahkamlangan tegishli normalarga tayanildi. Ushbu qaror bilan bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan yangiliklar quyidagilardan iborat.

Birinchidan, ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarga munitsipal va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidagi o‘zlari yashab turgan turar joylarni ular Mehribonlik uylariga joylashtirilgan, vasiylik yoki homiylik organining roziligiga ko‘ra vasiylikka yoki homiylikka oluvchi bilan birga yashayotgan butun vaqt mobaynida, o‘n sakkiz yoshga to‘lgunga qadar bronlashtirish huquqi berilmoqda.

Xalqaro ekspertlar fikricha, internat shaklidagi muassasalardagi bolalar sonini qisqartirish juda muhim. Bunga erishish uchun esa ijtimoiy himoyaga ehtiyojmand oilalarga yordam berish lozim.

Ma’lumotlarga qaraganda, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi har 100 ming bolaning 666 nafari, O‘zbekistonda esa 200 nafardan ko‘prog‘i internat shaklidagi muassasalarda tarbiyalanmoqda. O‘zbekistondagi bunday ko‘rsatkich mintaqadagidan past bo‘lsa-da, ushbu muammolar e’tibordan chetda qolishi mumkin emas.

 Bu fikrlarning dalili sifatida bir misol keltiramiz. Ya’ni, 2011-2017-yillarda Mehribonlik uylarida ta’lim-tarbiya olib chiqqan va uy-joyga muhtoj 1 ming 406 nafar bitiruvchi - navqiron fuqarolarimizning 55 foizi (773 nafari) uy-joyli bo‘lgan, ammo qolgan 45 foizi (633 nafari) yashash joyi bilan ta’minlanmagan.

Shu bois Prezidentimizning qarorida Mehribonlik uylarida tarbiya ko‘rayotgan yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga doir yangi amaliy choralar belgilangan. Jumladan, kelgusi o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy sonidan Mehribonlik uyi va bolalar shaharchasining bitiruvchilari bo‘lgan chin yetimlar uchun qo‘shimcha ravishda bir foiz davlat granti asosidagi qabul kvotalarini ajratish tartibi joriy etiladi.

Yanada e’tiborlisi - "Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoyalash to‘g‘risida"gi Qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Ikkinchidan, bolaning ro‘yxatda turish joyi va fuqaroligidan qat’i nazar, ularga barcha ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yiladi. Bu, o‘z navbatida, mamlakatimizda bolalarning ta’lim olish, sog‘liqni saqlash tizimi xizmatidan foydalanish, umuman, ijtimoiy ta’minot va ijtimoiy himoyadan manfaatlarini izchil oshiradi.

Uchinchidan, bolalarning davlat organlariga bevosita qilgan murojaatlarini to‘liq ko‘rib chiqish kafolatlanadigan bo‘ldi. Bundan buyon bola to‘liq muomala layoqatiga ega emasligi vajlari bilan bu turdagi murojaatlarni ko‘rmasdan qoldirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ahamiyatli tomoni shundaki, ilgari bolalarning vasiylik va homiylik organlarigagina murojaat qilish bilan chegaralangan huquqi boshqa organlarga murojaat qilish huquqi bilan kengaytirildi.

To‘rtinchidan, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarga aliment to‘lash haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmaganda yoki aliment ixtiyoriy ravishda to‘lanmaganda va ota-onadan birortasi ham aliment undirish to‘g‘risida sudga murojaat qilmagan hollarda, 14 yoshga to‘lgan bola o‘zining ta’minoti uchun ota yoki onadan yoxud ota-onasi bilan birga yashamayotgan bo‘lsa, bir vaqtning o‘zida ota-onaning har ikkalasidan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atishga haqli ekani qarorda qat’iy qayd etilgan.

Bu adolatli talab misolida ayni yo‘nalishdagi islohotlar nechog‘lik shaxdam ekanini ko‘rish mumkin. Nega deganda, keyingi davrda Oila kodeksiga bola balog‘at yoshiga yetishiga qadar bo‘lgan davrda alimentlarni, shu jumladan ko‘chmas yoki ko‘char mulk yoxud va boshqa qimmatbaho buyum taqdim etish yo‘li bilan ham barvaqt to‘lash imkoniyati to‘g‘risida norma kiritilgan. Bunda voyaga yetmagan bolaning huquqlari buzilmaydi. Hozir har bir bolaga to‘lanishi kerak bo‘lgan aliment miqdori o‘rnatilgan eng kam ish haqining 75 foizidan oz bo‘lmagan miqdorda belgilangan.

Beshinchidan, endilikda bolalarni himoya qilish maqsadida sudlarga ariza bilan murojaat qilishda da’vogar davlat boji va to‘lovlardan ozod qilinadi. Bolalar manfaatlari yo‘lidagi bu imtiyoz ham xalqaro huquqiy hujjatlarga to‘la mutanosibdir.

BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi 3-moddasida bolani ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, sud, ma’muriy boshqaruv va qonunchilik organlari tomonidan qarorlar qabul qilishda bolaning eng ustun manfaatlari ko‘zlanishi tavsiya qilingan. YUNISEF tavsiyasiga ko‘ra, bola manfaatlarida sudlarga kiritilgan da’volar boj va boshqa to‘lovlardan ozod qilinishi maqbul hisoblanadi. 

Oltinchidan, shu yil sentabr oyidan e’tiboran mamlakatimizda erkaklar va ayollar uchun nikoh yoshi 18 yoshni tashkil etadi. Bu qoida BMT Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining tavsiyasi bo‘yicha joriy etildi. Ilgari, Oila kodeksi 15-moddasiga ko‘ra, nikoh yoshi erkaklar uchun o‘n sakkiz yosh, ayollar uchun o‘n yetti yosh etib belgilangandi. Bu boradagi xorijiy tajribaga nazar solinsa, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston kabi dunyoning 154 ta mamlakatida nikoh yoshi 18 yosh ekanini ko‘rish mumkin.

Yettinchidan, hozirgi vaqtgacha qonunchiligimizda chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan bola ma’muriy huquqbuzarlik yoki jinoyat  sodir qilsa, uning ota-onasi O‘zbekistonda qonuniy asosga ko‘ra yashab turgan bo‘lsa-da, huquqbuzar  bolani mamlakatdan chiqarib yuborishga doir norma mavjud edi. Qarorda ushbu normani bekor qilish yo‘lida muhim qadamlar qo‘yildi.

Binobarin, Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning 8-moddasiga binoan, ishtirokchi davlat bola o‘z ota-onasidan bolaning xohish-irodasiga zid tarzda ayrilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Bolaning eng ustun manfaatlari shunday ayrilishni talab qiladigan hollar bundan mustasno.

Qaror talablaridan kelib chiqqan holda, amaldagi bir qancha qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritiladi. Oila, Uy-joy, Jinoyat kodekslari, "Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida", "O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida", "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida", "Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida"gi qonunlar hamda Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 21-noyabrdagi 408-sonli qarori shular jumlasidandir.

O‘zbekistonda yuvenal adliya tizimini joriy etish ishlari ham boshlab yuborildi. Bu jarayonda qonun hujjatlaridagi "voyaga yetmagan" va "bola" kabi tushunchalarni birxillashtirish masalasi muhim ahamiyatga ega. Chunki bundan ko‘zlangan maqsad 18 yoshga to‘lmagan shaxslarning huquqiy munosabatlar subyekti sifatida qatnashishi uchun qulay sharoit yaratishdan iborat.

Bundan buyon onalik va bolalikka oid statistik ma’lumotlar "stat.uz" veb-saytiga joylashtiriladi va doimiy ravishda yangilab boriladi. FHDYO organlari bilan tug‘ilish va o‘lim to‘g‘risidagi elektron ma’lumotlar almashish bo‘yicha tizimning to‘liq ishlashini ta’minlashga qaratilgan "Yo‘l xaritasi" ishlab chiqiladi. 

Xulosa qilib aytganda, Prezidentimizning mazkur qarorlarini bolajon xalqimiz, bolaparvar jamiyatimiz ulkan e’tibor va e’tirof bilan kutib olgani bejiz emas. Binobarin, "Biz uchun jamiyatda begona bola yo‘q va bo‘lmasligi kerak. Hammasi o‘zimizning, O‘zbekistonimizning bolalari. Vaqtida mehr ko‘rsatsak, ishga, ilmga, kasbu hunarga, ezgu fazilatlarga o‘rgatsak, ularning yo‘lini ochib bersak, ertaga foydasi o‘zimizga, jamiyatimizga tegadi".

Akmal SAIDOV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, akademik