Iqtisodiyot 05.07.2019 4

BIZNESGA TIKILGAN... STIPENDIYA

Sanoat

Tadbirkorlikni boshlash uchun, albatta, yaxshi va puxta ishlab chiqilgan biznes-reja kerak. Biroq shuning o‘zi muvaffaqiyat qozonish uchun yetarli bo‘lmaydi. Ozmi-ko‘pmi, sarmoya ham kerak. Chunki ishning olg‘a siljishi ko‘pincha mablag‘ga borib taqaladi. Aytaylik, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchisiz. Tabiiyki, asbob-uskuna, texnologiya zarur. Xomashyosiz ham mahsulot chiqarib bo‘lmaydi. Bularning hammasi pulga sotib olinadimi? Demak, shaxsiy jamg‘armangiz yo chetdan moliyaviy ko‘mak bo‘lsagina, murodingiz ro‘yobga chiqadi.

Ahamiyatlisi, Qarshi tumanilik Adham Egamberdiyevning mustaqil biznes boshlashiga na unisi, na bunisi qo‘l kelgan. Hali talabalik paytidayoq tadbirkorlikka ishtiyoq qo‘ygan ishbilarmon esa maqsadini baribir amalga oshirgan. Nima qilgan, deysizmi? Ikkilanib o‘tirmay, bu ishga bir-necha oylik stipendiyasini tikkan. Natija chiqishiga qat’iy ishongan. To‘g‘ri, dastlab kichikroq yo‘nalishda  faoliyatini tashkil etgan. Ayni paytda esa u rahbarlik qilayotgan "Turdi Muazzam servis" oilaviy korxonasida mavjud tarmoqlar avvalgidan juda ko‘p.

- 6 yil avval hammasini ganchkorlikdan boshlaganman, - deydi tadbirkor. - Kichikroq hajmda bo‘lsa-da, turli ganchkorlik mahsulotlarini ishlab chiqarganmiz. O‘tgan yillar davomida esa ishimiz ancha rivojlandi. Faqat qurilish sanoatida ishlab, bir qancha yangidan-yangi materiallar tayyorlashni o‘zlashtirdik. Ayniqsa, bunda pardozlash vositalari asosiy o‘rin tutadi. Ko‘pdan buyon  xaridorlarga yo‘lakbop va devorbop plitalar taklif   etayapmiz. Ko‘pincha bezak  sifatida ishlatiladigan rangli g‘isht yasash ham keng yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan yili esa mebel jihozlari ishlab chiqarishga kirishdik. Shu maqsadda dastgohlar va uskunalar xarid qildik. Aholi va davlat tashkilotlari buyurtmasi asosida bir necha turdagi mehmonxona, ofis va yotoqxona buyumlarini yetkazib berayapmiz.

Tadbirkor o‘z sohasidagi yangiliklarni bee’tibor qoldirmasligi navbatdagi yutuqlaridan ham ma’lum. Adham Egamberdiyevning aytishicha, u birinchilardan bo‘lib hududda yangi mahsulot - epoksidli to‘shama ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Bugun bu qurilish materiali ham ayrim afzalliklari bois o‘z xaridorini topayapti. Ishbilarmon hozirda bu tarmoq istiqboli import xomashyoga bog‘liq ekani, kelgusida uni tayyorlashni bir qadar mahalliylashtirish niyati ham borligini ta’kidlaydi.

Biznesmen faqat shular bilan kifoyalansa ham e’tirofga loyiq bo‘lar edi. Ammo u juda izlanuvchan ekani, bozor talabini yaxshi bilishi quyida ham ko‘rinadi. Korxonada bugungi kunda yana bir xaridorgir mahsulot - maishiy va ishlab chiqarish maqsadida foydalaniladigan isitish qozonlari ham yasalmoqda. Yonilg‘i sarfini kamaytirish imkonini beruvchi bu tovarning 4 xil o‘lchamdagisi tayyorlanayapti, mahsulotga tegishli tartibda sertifikat olingan. Stipendiyani biznesga tikib, bugun faoliyati qamrovini shu darajaga yetkaza olgan ishbilarmon 10 nafardan ziyod ishchini daromadli qilayotgani ham e’tiborga molikdir.

Mirzohid JO‘RAYEV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.