Jamiyat 10.09.2019 25

BOG‘CHA MUDIRASI NIMADAN NOROZI?

Viloyat ma’muriy sudi apellyatsiya sudlov hay’atining ochiq sud majlisida Muborak tumanidagi 2-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi mudirasi G.Nabiyeva tomonidan kiritilgan apellyatsiya shikoyati ko‘rib chiqildi.

Da’vogar o‘z arizasida u rahbarlik qilgan muassasa Muborak tumani hokimining 2018-yil 26-martdagi tegishli qarori bilan hududdagi 3-sonli maktabgacha ta’lim muassasasiga filial tarzida biriktirib berilganidan noroziligini bildirib, tuman hokimining mazkur qarorini haqiqiy emas deb topishni so‘ragan.

Ta’kidlash joizki, G.Nabiyeva bu borada dastlab Muborak tumani ma’muriy sudiga murojaat qilgan. Ammo mazkur sudning 2019-yil 7-maydagi hal qiluv qarorida uning da’vosi qanoatlantirilmagach, viloyat ma’muriy sudiga apellyatsiya shikoyati kiritgan.

Tegishli qonunchilik normalariga ko‘ra, davlat tasarrufidagi maktabgacha ta’lim muassasalarida har bir guruhda bolalar soni kamida 20 nafar bo‘lishi, biroq 25 nafardan ko‘p bo‘lmasligi lozimligi belgilangan. Ammo, mazkur maktabgacha ta’lim muassasasida o‘rtacha qatnov o‘rta guruhlarda 7 nafar bolani, katta guruhlarda 16 nafar bolani tashkil etgan. Xuddi shuningdek, mazkur muassasaga qatnayotgan tarbiyalanuvchilarning umumiy soni tegishli huquqiy normalarga muvofiq muassasaning yuridik maqomga ega bo‘lishi va shtatlar jadvalini belgilash imkonini bermaydi.

Shu bois tuman hokimligiga maktabgacha ta’lim bo‘limi tomonidan ushbu muassasani hududdagi 3-sonli MTMga filial tarzida biriktirish bo‘yicha xat kiritilgan hamda bu borada tuman hokimining qarori chiqarilgan.

Ya’nikim, tuman hokimining ushbu qarori mamlakatimizda amalda bo‘lgan qonunchilik normalariga nomuvofiq emas.

Shunga ko‘ra, G.Nabiyevaning apellyatsiya shikoyati ham qanoatlantirilmadi.

A.CHULIYEV,

viloyat prokuraturasi guruh rahbari