BOG‘CHAGA ONLAYN QABUL TIZIMGA "XOMLAYIN" JORIY ETILGANMIDI?

Bugunning gapi

BOG‘CHAGA ONLAYN QABUL TIZIMGA "XOMLAYIN" JORIY ETILGANMIDI?

Yoxud navbati kelguncha maktabga chiqadigan bolalarni kim o‘ylaydi?

Esimda, ancha yillar ilgari "bog‘cha opa"lar uyma-uy yurib, bog‘cha yoshidagi bolalar ro‘yxatini shakllantirar, onalarga "bolangizni bog‘chaga qo‘ying", deyishardi. Sababi o‘zingizga ma’lum, bog‘cha faqat qarab turish vazifasini bajarar edi, unga borgan va bormagan bolalar o‘rtasida farq sezilmasdi.

Tizimda olib borilayotgan islohotlar natijasida bugun maktabgacha ta’lim muassasalarining nufuzi oshdi. Shunga monand ota-onalarning qarashi ham o‘zgarmoqda. Talab ham oshayapti. Fuqarolarga yengilliklar yaratish maqsadida davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga bolalarni onlayn tarzda qabul qilish yo‘lga qo‘yildi.

Xo‘sh, bu ishlar Qarshi shahrida qanday amalga oshirilmoqda?

SARSONGARCHILIK VA KORRUPSIYANING OLDINI OLISH MAQSADIDA...

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 28 martdagi qarori bilan "Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti" tasdiqlangan edi. Ushbu reglament bolalarni davlat MTMga qabul qilishdagi muammolardan kelib chiqib, ishlab chiqildi va turli sarsongarchiliklar,  bahonalarning oldini olish, tizimda korrupsiyaga barham berish maqsadida hayotga tatbiq etildi. Unga muvofiq, 1 apreldan bolalarni bog‘chaga berish onlayn tarzda, elektron shaklda amalga oshirilmoqda. Endilikda  fuqarolar shu masalada haftaning istalgan kuni (ilgari seshanba va juma kunlari edi) joylardagi davlat xizmatlari markazlariga kelib, murojaat qilishlari mumkin. Murojaat O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bo‘lganida to‘g‘ridan-to‘g‘ri (onlayn) tarzda amalga oshiriladi.

- Markazimizga fuqarolardan bolalarni davlat MTMga joylash uchun ko‘plab murojaatlar bo‘layapti, - deydi Qarshi shahar davlat xizmatlari markazi rahbari Shuhrat Mustafayev. - O‘tgan davr mobaynida, shu turdagi 7 mingdan ziyod anketa to‘ldirildi. To‘ldirilgan anketa 1 soat ichida elektron tarzda Qarshi shahar maktabgacha ta’lim bo‘limiga jo‘natiladi. Jo‘natilgan hujjatlarning qariyb yarmiga yo‘llanma rasmiylashtirilgan. 

AVVAL 10 KUN EDI, HOZIR 1 KUN...

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun Qarshi shahrida 39 ta (2 tasi ta’mirlanayati, 1 tasi maxsus MTM) davlat, 41 ta nodavlat MTM mavjud. Shaharda 3-7 yoshli bolalar  soni 20 mingdan oshadi. Shundan 9 ming 618 nafari davlat MTMlarda, 653 nafari nodavlat MTMlarda tarbiyalanmoqda.

-Elektron tarzda kelgan anketa mutaxassislar tomonidan o‘rganiladi, - deydi Qarshi shahar maktabgacha ta’lim bo‘limi rahbari Orasta Tosheva. - Ushbu anketalarga 1 ish kunida tegishli tarzda javob qaytariladi. So‘ralgan bog‘chada bo‘sh joy bo‘lsa, belgilangan tartib asosida yo‘llanma beriladi, agar o‘rinlar band bo‘lsa, elektron navbatga qo‘yiladi.

Elektron navbat Maktabgacha ta’lim vazirligining mdo.uz saytiga joylanadi. Ushbu saytda yurtimizdagi barcha davlat MTMlari haqidagi ma’lumotlar joylangan bo‘lib, aholi bu yerdan o‘zini qiziqtirgan muassasa sig‘imi, mavjud bo‘sh o‘rinlar, muassasa mas’ullari, guruhlar va bolalar soni, anketalar ro‘yxati hamda navbatga kiritilganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan tanishishlari mumkin. E’tiborlisi, ko‘rsatkichlar oyma-oy (har oyda, keyingi oyning birinchi sanasigacha) yangilanib boradi.

SIR SAQLANGAN O‘RINLAR

Orasta Toshevaning aytishicha, dekabr oyida Qarshi shahridagi 13-MTMda 6 ta, 28-da 20 ta, 29-da 14ta, shuningdek 34-da 8 ta bo‘sh o‘rin bor. Ayni damda bo‘sh o‘rinlar elektron navbat bo‘yicha to‘ldirilayapti.  

mdo.uz saytiga kirib, aytilgan bog‘chalardagi bo‘sh o‘rinlar bilan qiziqdik. Muassasalardan birini - Shodlik mahallasida joylashgan 28-MTM nomini yozib, "qidiruv"ga berdim.

Iye, qani o‘sha bo‘sh o‘rin?! Xo‘sh, aytaylik, 34-da nima gap ekan? Bunda ham "nol" turibdi. Xuddi shunday holatni boshqa MTMlarda ham ko‘rish mumkin.

Bunday nomutanosiblik albatta har qanday kishi ko‘ngliga shubha oralatib, ishonchsizlikni oshiradi. Sizningcha, bo‘sh o‘rinlarning sir saqlanishi nimani anglatadi?

NAVBATDA -  UCH YUZ BESHINCHI...

Farzandini bog‘chaga qo‘ymoqchi bo‘lgan ota-ona avvalo, bog‘chaning yaqinligi, sharoiti yaxshiligiga e’tibor beradi. Kun bo‘yi turmush tashvishlari, uy ishlari bilan band bo‘lganda jigarbandining ishonchli qo‘llarda bo‘lishini istaydi.

Bu fikrimizni Qarshi shahar davlat xizmatlari markazi mas’uli SHerzod Qo‘ziyev ham tasdiqlaydi. Mas’ulning aytishicha, murojaatchilarning ko‘pchiligi bolasini 1-, 6, 8-, 17-, 25-, 39- hamda 48-davlat MTMlariga joylashni istashadi. Sababini so‘rasangiz, bu muassasalarda sharoit yaxshiligi, ta’lim berish sifati yuqoriligini ta’kidlashadi.

- Farzandim 6 yoshda, - deydi onalardan biri   (u ism-sharifini oshkor qilishni istamadi) - 12-bog‘chaga joylamoqchiman. Anketa to‘ldirganimga 6 oy bo‘layapti. Davlat xizmatlari markaziga surishtirgani keldim. 52-navbatga yozilganmiz, ammo imtiyozli  navbatdagilar bilan qo‘shib hisoblaganda bizgacha hali 150 kishi bor ekan. Bolamning tezroq bog‘chaga joylashib, maktabga tayyorlanishini xohlayman.

O‘zini tanishtirishni istamagan yana bir ona 6 yoshli farzandining 39-MTMda tarbiyalanishini xohlab, anketa to‘ldirgan. Shakllantirilgan elektron navbat bo‘yicha hisoblanganda u 305-o‘rinda.

Muassasa haqidagi ma’lumotlarda yozilishicha, bog‘chada 3 ta tayyorlov guruhi bo‘lib, unda 75 nafar (hujjat bo‘yicha 25 nafardan) o‘g‘il-qiz tarbiyalanmoqda. Navbatga yozilganlarning aksarini 5-6 yoshlilar tashkil etadi. Bolalarning iyul-avgust oyida maktabga chiqishi va o‘rin bo‘shashini hisobga olsak, 305-navbat kelgunicha uning bolasi maktabga chiqib qolmasmikan?    

"UZOQ BO‘LSAYAM, QATNASHGA MAJBURMIZ..."

- Otchopar mahallasida yashayman, - deydi Shohista Umbarova. - Maktabda o‘qituvchiman. Tabiiyki, o‘z bolamdan ko‘nglim to‘q bo‘lsagina, elning bolasiga sifatli ta’lim bera olaman. Afsuski, bolamni bog‘chaga joylaguncha ko‘p kutdim va qiynaldim. Yaqin atrofdagi bog‘chalarda joy yo‘qligi sababli, yashayotgan joyimizdan uzoq bo‘lsa-da, shahar markaziga qatnashga majburmiz. Ba’zan ishga shoshilaman, kech qolaman. Yo‘lkira xarajatlari ham rosa "chaqadi"... Qizig‘i, shahar markazidan biz tomonlarga qatnab ovora bo‘lib yurganlar ham bor...

Bir tanishimiz qizini bog‘chaga qo‘yibdi. Shaharning narigi burchagiga. O‘zi kasalmand emasmi, har kuni olib borib, olib kelishga holi yo‘q. Turmush o‘rtog‘i vrach. Ba’zan ishdan kech chiqadi. Qizaloq esa ungacha bog‘cha opaning "siylovlari"dan bahramand bo‘lib turadi...

To‘g‘ri, har bir kishida farzandini ishonib topshiradigan muassasani tanlash huquqi bor. Biroq shahar maktabgacha ta’lim bo‘limida ota-onaning yashash manziliga qarab bolani yaqinroq MTMga joylashtirish imkoniyatlari muvofiqlashtirilgani ma’qul bo‘larmidi?!  

ULARNING IMTIYOZI NIMADA?

- 3 yoshli qizimni 22-MTMga qo‘yish uchun anketa to‘ldirganman, - deydi yana bir suhbatdoshim Umida Moyliyeva. - Iyun oyida davlat xizmatlari markaziga murojaat qilgan edim. Na xat, na xabar bor.  Navbatimiz hecham siljimayapti.

Bu holat saytdan ushbu bog‘chaga tegishli ma’lumotlarni o‘rganishga turtki bo‘ldi. Oqtepa mahallasidagi 100 o‘ringa moslashtirilgan bu bog‘chada 4 ta guruhda 110 dan ortiq bolajonlarga ta’lim-tarbiya berilmoqda. Garchi bu muassasadagi bo‘sh joylar mas’ullarning "e’tibori"dan chetda qolgan bo‘lsa-da, bolalar qabul qilinmoqda.

- Oy boshida 8 ta bo‘sh joy borligini ma’um qilganmiz, - deydi mudira Sevara Ochilova - Hozir ularga bolalar qabul qilindi.

Yangidan qabul qilingan bolalar e’tiborimizni tortdi. 3 yoshli qizini ushbu bog‘chaga joylamoqchi bo‘lgan ota-ona 10 avgustda anketa to‘ldirib, 12 noyabrda yo‘llanmaga ega bo‘lgan.

Otasi tadbirkor, onasi uy bekasi bo‘lgan S.T. 29 sentabr kuni elektron navbatga yozilib, 15 noyabrda yo‘llanmaga egalik qilgan. Garchi bu ikki holatni imtiyozlilar (*** - saytda ular shunday belgi bilan ajratilgan) toifasiga mansub bo‘lsa-da, anketa rasmiylashtirilgan sana bo‘yicha qaralganda navbatda ungacha hali 4-5 kishi borligi ajablanarli.

Buyam mayli, navbatdagi qirqdan ortiq bolani  ortda qoldirgan 6 yoshli M.A.ning muassasaga tezda yo‘llanma olgani tushunarsiz.

Joriy yilning 29 avgustida davlat xizmatlari markazi orqali hujjat rasmiylashtirib, 15 noyabrda yo‘llanmani "muvaffaqiyatli" qo‘lga kiritgan ushbu tarbiyalanuvchining onasi uy bekasi, otasi xorijda ishlar ekan. Imtiyozlilar ro‘yxatiga aloqasi bo‘lmagan bu tarbiyalanuvchining bog‘chaga navbatni chetlab o‘tib, qabul qilingani ushbu muassasaga bolasini joylash uchun may oyidan beri navbat kutayotganlarni qiziqtirishi aniq...

Endi "imtiyozlilar" kimlar ekaniga bir oydinlik kiritib olsak. Yuqorida qayd etilgan reglamentga asosan bolalarning quyidagi kontingenti anketalari imtiyozli ro‘yxatga kiritiladi: nogiron bo‘lgan shaxslarning, uch nafar yoki undan ko‘p bolalari bo‘lgan oilalarning, harbiy xizmatchilarning va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining, talabalar va pedagoglarning bolalari, yetim bolalar yoki ota-onasining qarovisiz qolgan hamda    boshqa muassasalardan o‘tkazilgan bolalar, shuningdek akalari yoki opalari ushbu muassasaning tarbiyalanuvchilari jumlasidan bo‘lgan bolalar.

Xullas, vazirlik saytida o‘tkazgan mavzu doirasidagi kuzatuvlarimiz tizimdagi shaffoflik borasida aytilayotgan fikrlarni oqlamadi, aksincha  turli shubhalarni uyg‘otdi.

YANA ODAMLAR "HARAKATLANAYAPTI"

Xalqimizda, "ikki o‘n besh - bir o‘ttiz", "Xo‘ja-ali - Ali-xo‘ja", "Eski hammom, eski tos" degan iboralar bor. MTMlarga onlayn qabulda kuzatilayotgan muammolar ham ushbu iboralarni bemalol qo‘llashga imkon beradi. Balki oxirgi iborada salgina oshirib yuborgandirmiz. Har holda "tos" yangi-ku...  

Davlat xizmatlari markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilganida barcha xursand bo‘lgandi. Ushbu xizmatning shiori ko‘pchilikka yaxshi tanish: "Odamlar emas, hujjatlar harakatlanadi". Ammo yuqoridagi holatlarni kuzata turib, bog‘chaga onlayn qabul tizimga "xomlayin" joriy etilayotgani, oqibatda yana ilgarigiday odamlar ovora bo‘lib "harakatlanayotgani"ni angladik. Xo‘sh, mazkur markazni va u orqali fuqarolarni chalg‘itayotgan MTM mutasaddilariga bundan qanday naf?!

Mas’ulning aytishicha, ayni paytda shahar maktabgacha ta’lim bo‘limida AKT bo‘yicha mutaxassis yo‘q emish. Nahotki shu bahona bo‘lolsa?! (Darvoqe, ish izlab yurganlar, darhol yuguring...)

Aslida "mexanizm" juda oddiy ishlashi kerak: bolangizni bog‘chaga bermoqchimisiz, marhamat, anketa to‘ldiring, navbatga turing, joylashtiring! Nahotki, zanjirning oddiygina halqalarini tizimli tarzda bir-biriga ulash shunchalik qiyin kechsa? 

S.ALLAYOROVA