Qishloq xo'jaligi 14.05.2019 155

BOL - DAROMADI HALOL

Intilganga tole yor

Ma’lumki, eng shifobaxsh ne’mat hisoblanmish asal - mazali shirinlik, ming dardning davosi sifatida   qadrlanadi. Chunki uning tarkibida inson organizmi uchun nihoyatda foydali va shifobaxsh bo‘lgan yuzdan oshiq modda - fermentlar, mineral tuzlar, mikroelementlar, organik kislotalar, vitaminlar borligi aniqlangan.

Asaldagi ayrim darmondori va shifobaxsh moddalar boshqa hech bir ozuqada uchramaydi. Ibn Sino ta’biricha, navqironlikni saqlab qolish uchun asal iste’mol qilib turish kerak. Ayniqsa, yoshi ulg‘ayib qolganlarga u bebaho shifo va quvvat manbaidir. Asal shamollash, holsizlik, asab to‘qimalari kasalliklarida yaxshi davo bo‘ladi. Bugungi zamonaviy tibbiyotda, farmatsevtika va kosmetika sanoatida ham asaldan keng foydalanilmoqda. Xullas, mahsulotga ichki bozorda ham, tashqi bozorda ham birdek talab yuqori. Uni yetishtirish faqat daromad keltiradi.

Shunga mutanosib, viloyatimizda ham asalarichilik bilan shug‘ullanib, ekologik toza va shifobaxsh mahsulot - asal olayotgan xo‘jaliklar, tadbirkorlik subyektlari soni oshib bormoqda. Chiroqchi tumanidagi "Abdurahmon bobo asali" xususiy korxonasi ham ulardan biri.

- Aslida asalarichilik bilan shug‘ullanishni bundan 35 yil muqaddam, 1984-yilda boshlagan edim, - deydi korxona ta’sischisi  Abdurahmon Boboyev. - O‘shanda qiziqish uchun to‘rt quti asalari oilasini olib, parvarishlaganman. Qarangki, yillar o‘tib bu ish oilaviy tadbirkorlik faoliyatimizning asosini tashkil etmoqda. Hozir uch o‘g‘lim ham kasbimni davom ettirayapti. Ana shu yumush ortidan yaxshi daromad olayapmiz, oilamiz, hayotimiz farovon.

Abdurahmon Boboyevning ta’kidlashicha, asalari bir tomchi nektar yig‘ish uchun mingdan ortiq gulga qo‘nadi. Bu juda katta mehnat degani. Ahamiyatli jihati, asalari parvarishlayotgan kishi ham yuqori natijaga erishish uchun shunday mehnat qilishi lozim.

- Hozir 900 asalari oilasini parvarishlayapmiz, - deydi u. - O‘tgan yili har bir asalari oilasidan 35 kilogrammdan 40 kilogrammgacha mahsulot oldik. O‘rtacha 37 kilogrammdan hisoblaganda ham yil davomida olgan mahsulotimiz hajmi 33 tonnadan oshadi. Albatta, bunday natijaga o‘z-o‘zidan erishib bo‘lmaydi. Buning uchun juda katta mehnat, mashaqqat kerak. Misol uchun, hozir asalarilarimizni Muborak tumanining uchta hududiga qo‘yganmiz. U yerda o‘simliklar kamayishi bilan yana boshqa joyga ko‘chamiz. Ko‘proq va sifatli mahsulot olish uchun Buxoro, Navoiy cho‘llaridan tortib, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarining tog‘li hududlarida oylab yurgan vaqtlarimiz bo‘ladi.

Korxona muvaffaqiyatlarining yana bir jihati, so‘nggi yillarda naslchilik ishlarini yaxshilashga alohida ahamiyat qaratilayotganida. Bu yerda Ukrainadan keltirilgan karpat zotiga mansub arilar mahalliy zot bilan chatishtirilib, nihoyatda mehnatkash va unumdor asalari turi yaratilgan.

- Bugunga kelib naslchilik yo‘nalishi ham yana bir tarmog‘imizga aylanib ulgurdi, - deydi Abdurahmon bobo. - Bizdagi zotga qiziqish juda yuqori, so‘rab keluvchilar ko‘p.

Kelgusida bu ishni yanada rivojlantirish rejamiz bor. Shu bilan birgalikda, tadbirkor kelgusida yetishtirgan asalni bejirim idishlarga qadoqlash va o‘zi eksportga  chiqarishni ham maqsad qilgan.

Jahongir BOYMURODOV

Sobir NARZIYEV olgan surat.