Yilnoma 10.01.2017 1189

BOLA BAXTI – OLAM BAXTI

2016-yil  - Sog‘lom ona va bola yili

BOLA BAXTI – OLAM BAXTI

Bugun birlamchi tibbiyot muassasalari, tuman tibbiyot birlashmalari va shifoxonalarda onalik va bolalikni asrash bo‘yicha maxsus shtablar faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu yo‘nalishda har bir tibbiyot muassasasida kundalik amalga oshirilayotgan ishlar tahlil etilib, aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish, onalar va bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy-profilaktika yordamini yanada takomillashtirish istiqbollari belgilanmoqda.

"Sog‘lom ona va bola yili" Davlat dasturi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 1-avgustdagi "2014-2018-yillarda O‘zbekistonda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasidagi davlat dasturi to‘g‘risida"gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishda dasturilamal bo‘lmoqda.

- Sog‘lom bolani sog‘lom ona dunyoga keltiradi, - deydi Qarshi shahridagi 4-oilaviy poliklinika bosh shifokori Shomurod Jo‘rayev. - Shu bois yurtimizda bo‘lajak onalar salomatligini mustahkamlash, ularni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilayotir. Bugun mamlakatimizda onalik va bolalikni muhofazalashda jahon andazalari talablariga javob beradigan tibbiy-profilaktika yordami shakllantirildi. Un va tuzni foydali mikroelementlar bilan boyitish tadbirlari amalga oshirilmoqda. Bolalar o‘rtasida vitamin yetishmovchiligi tufayli kelib chiqadigan kasalliklarning oldini olish maqsadida saplementatsiya dasturlari hayotga tatbiq etilmoqda. Bolalarni yuqumli kasalliklarga qarshi emlash ishlari belgilangan reja asosida olib borilayotir. Bu borada ishlab chiqilgan milliy taqvim zamon talabidan kelib chiqib muttasil takomillashtirilmoqda.

Bunday izchil ishlar "sog‘lom ona - sog‘lom bola" konsepsiyasini uzviy davom ettirish, har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni kamolga yetkazish, millatimiz genofondini mustahkamlash va mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirishda muhim poydevor bo‘layotir.

Shohista BOZOROVA

Suratda: shifokor Shomurod Jo‘rayev tibbiy ko‘rik jarayonida.

Sobir NARZIYEV olgan surat.