Jarayon 04.06.2019 32

BOLALARGA BERING DUNYONI

Ijtimoiy moslashuv xizmatlari imkoniyati cheklangan bolalarning sog‘lom rivojlanib, to‘laqonli hayot kechirishlariga yordam beradi

 

1-iyun kuni Qarshi shahrida respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazining mintaqaviy filiali ish boshladi.

 

2004-yilda mamlakatimiz hukumatining qaroriga binoan tashkil etilgan respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi (RBIMM) mana 15 yildirki imkoniyati cheklangan, yetim hamda ota-ona qaramog‘isiz qolgan, ijtimoiy va huquqiy jihatdan xatarli guruhlarga kiradigan, shuningdek, alohida iqtidorli bolalarni ijtimoiy moslashtirish muammolarini o‘rganuvchi mustaqil tashkilot sifatida faoliyat yuritmoqda. Ushbu muassasaning asosiy vazifasi yosh avlod vakillariga majmuaviy tarzda tibbiy-reabilitatsion, ijtimoiy-pedagogik, defektologik, logopedik, psixologik, huquqiy, metodik, axborot-ta’limiy yordam ko‘rsatishdan iborat bo‘lib, bugungi kungacha uning xizmatlaridan yurtimiz miqyosida 13 ming nafardan ziyod bola foydalangan.

 

- Markaz faoliyatini bosqichma-bosqich kengaytirish   doirasida dastlab Farg‘onada, keyin esa Samarqandda mintaqaviy filiallar ochilib,  ijtimoiy moslashuv xizmatlari bilan qamrab olingan bolalar soni sezilarli darajada oshdi, - deydi RBIMM direktori Vasila Alimova. - Qarshi shahrida ham muassasamiz filialining ish boshlashi Qashqadaryo va qo‘shni viloyatlardagi imkoniyati cheklangan bolalarni birlamchi majmuaviy ko‘rikdan o‘tkazish, shuningdek, har oyda 80-100 nafar bolaga individual yondashgan holda tibbiy-reabilitatsion, psixologik va defektologik yordam ko‘rsatish uchun puxta zamin yaratmoqda. Bundan tashqari, yangi filial mutaxassislari joylarda nogironligi bor yoshlarga ilk yordam berish xizmatini takomillashtirish, oila tarbiyasiga olingan bolalar va ularning vasiylariga ijtimoiy kuzatuv yordami ko‘rsatish samaradorligini oshirishga ham o‘z hissasini ko‘shishadi.

 

Filialga viloyat markazining Afrosiyob ko‘chasida joylashgan ikki qavatli majmua ajratilib, uning bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlashga budjetdan 300 million so‘m, viloyat hokimligi tomonidan 1,2 milliard so‘m yo‘naltirildi. Shuningdek, mintaqaviy filialning moddiy-texnika bazasini shakllantirish va uni maxsus jihozlar va inventarlar bilan ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa  institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan RBIMMga davlat ijtimoiy buyurtmasi berilib, loyihani moliyalashtirishga 298 million so‘m ajratilgan.

 

Filialning ochilish marosimida mazkur muassasa xizmatlaridan foydalanadigan bolalar va ularning ota-onalari, o‘qituvchi va murabbiylar, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, keng jamoatchilik vakillari bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha parlament komissiyasi a’zolari ham ishtirok etishdi. Ular yangi maskanda imkoniyati cheklangan bolalarga majmuaviy tarzda yordam ko‘rsatish uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, mutaxassislar va benefitsiarlar (loyiha amalga oshishidan manfaatdor shaxslar) bilan muloqot qilishdi. Kinezoterapiya (harakat yordamida davolash), gidrokinezoterapiya (suvda harakatlantirib davolash), art-terapiya (san’at va ijod yordamida davolash), ertak-terapiya, Montessori metodikasi kabi bolalarni davolash va rivojlantirish usullarining amalda qo‘llanishining guvohi bo‘lishdi.

 

Shundan so‘ng yangi muassasaning majlislar zalida yuqorida qayd etilgan parlament komissiyasining sayyor yig‘ilishi o‘tkazildi. Xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi jamoat komissiyasi a’zolari va vohamizdagi bir qator NNT va OAV vakillari qatnashgan bu yig‘ilishni komissiya rahbari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi Akmal Saidov boshqarib bordi.

 

Tadbirda davlat ijtimoiy buyurtmasi doirasida RBIMM Qarshi mintaqaviy filialida amalga oshirilgan ishlar, jamoat fondi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan  sog‘liqni saqlash yo‘nalishidagi loyihalar, 2017-yilda davlat grantlariga sazovor bo‘lgan viloyatimizdagi NNT faoliyatining monitoringi natijalari muhokama qilinib, ijtimoiy ahamiyatga molik bir qator grant loyihalari taqdimoti o‘tkazildi. Yig‘ilishda, shuningdek, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi tomonidan joriy yilda o‘tkazilgan davlat ijtimoiy buyurtmalari va davlat grantlari tanlovlari natijasi e’lon qilinib, yaqinda boshlangan "Sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishda fuqarolik jamiyati institutlarining faolligini oshirish" va "Ma’nan yetuk va yuksak ma’rifatli yosh avlodni tarbiyalashda ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish" mavzusidagi grant tanlovlariga doir batafsil ma’lumotlar berildi.

 

Temur NIZOMOV