Tibbiyot 06.09.2019 3

BOLALARNI EMLASH PULLIKMI?

Seminar-trening

Ushbu savolga Qarshi shahrida YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va Jurnalistlarni  qayta tayyorlash markazi hamkorligida "Bola sog‘lig‘i, xususan, immunizatsiya  masalalarini OAVda yoritish" mavzusida o‘tkazilgan seminar-treningda javob berildi.

Mamlakatimizda bolalarni emlash bo‘yicha  YUNISEF hamkorligida qator ishlar amalga oshirilgan bo‘lib, milliy immunizatsiya dasturini kuchaytirish va barqarorligini ta’minlashda amaliy hamda konsultativ yordam ko‘rsatilayapti. Qayd etilishicha, hozirgi kunda bolalarni  qator yuqumli va asorati og‘ir kasalliklarga qarshi (gepatit A dan tashqari)  mutlaqo bepul asosda emlash o‘tkazib kelinayapti.

Shunga qaramay, ayrim ota-onalar tomonidan farzandlarining salomatligi uchun muhim bo‘lgan vaksinatsiya jarayoniga yetarlicha e’tibor qaratilmayapti. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan emlash haqidagi yolg‘on ma’lumotlar, stereotiplar ularning ishonchiga soya solmoqda.

Bolaning tug‘ilganidanoq va to 16 yoshgagacha bo‘lgan turli bosqichlarda emlash uni kelgusida xavf soluvchi kasalliklardan ishonchli himoyalaydi.

Misol uchun, karantin va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar, poliomiyelit, difteriya, qoqsholga qarshi emlash natijasida respublikamizda bu kasalliklar ko‘p yillar mobaynida  qayd etilmagan.

Shu o‘rinda bir yangilik:  ayollarda bachadon bo‘yni saratoni kasalligining oldini olish maqsadida endi mamlakatimizda o‘smir qizlarni rejali emlash amalga oshiriladi va ushbu jarayon joriy yilning noyabr oyida boshlanadi.

Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi treneri Nargis Qosimova taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda har yili 2,5 milliondan ortiq bolalar emlanadi hamda emlash qamrovi 95 foizdan yuqori ko‘rsatkichni tashkil etadi. Bundan tashqari, 3000 dan ortiq emlash punktlari mavjud bo‘lgan mamlakatimizda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va YUNISEF bilan hamkorlikda vaksinalar bilan uzluksiz ta’minlash, sovuqlik zanjiriga rioya etish yo‘lga qo‘yilgan.

Seminar-trening davomida  jurnalist va blogerlarning vaksinatsiya va uning bola sog‘lig‘iga ta’siri, OAVda bolalarni emlash mavzusini yoritishning zamonaviy usullari, bolalar salomatligi masalasi bo‘yicha OAV va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan materiallardagi stereotiplarni aniqlash, immunizatsiya bo‘yicha soxta xabarlarni tekshirish borasidagi bilim va salohiyatini oshirishga e’tibor qaratildi.

Ishtirokchilar guruhlarga bo‘lingan holda o‘zlashtirgan bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlab, o‘z taklif-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Shohista BOZOROVA