Jarayon 20.08.2019 43

BOSHLANG‘ICH XOTIN-QIZLAR QO‘MITALARI QAY YO‘NALISHLARDA ISHLAYAPTI?

Ko‘rik-tanlov

Qarshi shahrida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan "Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!" shiori ostida "Eng namunali xotin-qizlar qo‘mitasi boshlang‘ich tashkiloti" respublika ko‘rik-tanlovining viloyat  bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Ilg‘or tajriba va uslublarni keng yoyish maqsadida tashkil etilgan tadbirda viloyatimizdagi mahalla fuqarolar yig‘inlari, korxona va tashkilotlar, o‘quv muassasalarida faoliyat olib borayotgan va ko‘rik-tanlovning shahar va tuman bosqichida g‘olib deb topilgan  72 nafar boshlang‘ich xotin-qizlar qo‘mitalari raislari ishtirok etdi.

- Ayni paytda viloyatimizda 2902 ta boshlang‘ich xotin-qizlar tashkiloti faoliyat ko‘rsatmoqda, - deydi viloyat hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi  Maxsuda Mustafoyeva. - Ular xotin-qizlarga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirish, oila va jamiyatda sog‘lom ma’naviy-axloqiy muhitni qaror toptirish, yoshlarimiz, ayniqsa, qizlarimizni milliy qadriyatlarimizga hurmat hamda sadoqat ruhida tarbiyalash, erta nikohlar va ajralishlarning oldini olish kabi dolzarb yo‘nalishlarda ish olib bormoqda. Tanlovning shahar va tuman bosqichlarida 1180 nafar xotin-qiz ayni yo‘nalishdagi faoliyatiga ko‘ra saralandi. Viloyat bosqichi g‘oliblari respublikada o‘z bilim va mahoratlarini namoyon etishadi.

Tanlovda 8 nominatsiya bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Ular diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Shohista BOZOROVA

Muallif olgan surat.