Jarayon 20.08.2019 47

BOZOR YONSA, KIM JABR KO‘RADI?

Yig‘ilish

So‘nggi ikki oyda mamlakatimizdagi uchta bozorda yirik yong‘in ro‘y berdi. Ular oqibatida yuzlab tadbirkorlarning juda ko‘p miqdordagi mol-mulki nobud bo‘lgani ayni haqiqat.

Xo‘sh, viloyatimizdagi bozorlar bunday noxush holatlardan yiroqmi? Ularda yong‘in xavfsizligi talablariga to‘liq rioya etilayaptimi?

Viloyat hokimligida bozorlarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda shu haqda so‘z bordi.

Ta’kidlanganidek, yong‘in xavfsizligi xodimlari tomonidan bozorlar, u yerdagi savdo do‘konlarining yong‘in xavfsizligi holati o‘rganilganda, juda ko‘p kamchiliklar mavjudligi aniqlandi. Ularni bartaraf etish bo‘yicha avval ham bozorlar rahbarlariga, tadbirkorlarga tegishli ogohlantirish xatlari berilgan, ammo kamchilik bartaraf etilmagan.

- So‘nggi yillarda yurtimizdagi bozorlar infratuzilmasi yanada yaxshilandi, - deydi yig‘ilishda so‘zga chiqqan viloyat yong‘in xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Farhod Mirzayev. - Ularda sotuvchilar va xaridorlar uchun zarur qulayliklar yaratilgan. Biroq, ayrim tadbirkorlarimizning bozor yoki bozor atrofida noqonuniy qurilishlarni amalga oshirishi, savdo obyektlarini qurish yoki jihozlashda yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etmasligi kabi holatlar borki, bu nafaqat o‘sha fuqaroning o‘z hayoti va mol-mulki, balki atrofdagilar uchun ham xavf tug‘diradi.

Tahlillarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, bozor va savdo rastalarida sodir bo‘layotgan yong‘inlarning aksariyatiga elektr sim va kabellarning talablar asosida montaj qilinmagani, elektr jihozlarining nazoratsiz qoldirilishi sabab bo‘lmoqda. Ana shunday beparvolik natijasida joriy yilning 8-avgust kuni Yakkabog‘og‘ tumanidagi "Yakkabog‘-Istiqlol" dehqon (oziq-ovqat) bozori" MCHJ hududida  joylashgan savdo do‘konida yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlarining tezkor harakatlari natijasida yong‘in keng maydonga tarqab ketishining oldi olindi. Aks holda, talafot juda katta bo‘lishi mumkin edi.

Nazorat tadbirlari davomida Qarshi shahridagi "Qarshi savdo majmuasi" MCHJ, Qarshi markaziy buyum savdo kompleksi, "Kitob   dehqon (oziq-ovqat) bozori" MCHJ, "Qalandartepa" buyum bozori MCHJ, Shahrisabz tumanidagi "Yangi-Kesh dehqon (oziq-ovqat) bozori" MCHJ va yana bir qator bozorlar hududida elektr energiyasi manbalaridan noto‘g‘ri foydalanish holatlari aniqlangan. Eng yomoni, yillar davomida bu kamchiliklar bartaraf etilmay kelinmoqda.

Barchamiz yaxshi bilamizki, sodir bo‘lgan yong‘inlarni o‘chirish uchun ko‘p miqdorda suv talab etiladi. Shu bois, bozorlar hududida suv saqlash sig‘imlari barpo etilgan bo‘lishi lozim. Ammo bugun ayrim bozorlar hududida bunday hovuzlar qurilmagan, borlari ham to‘ldirilmagan yoki allaqachon yaroqsiz holga kelib qolgan. Bunga misol qilib "Muborak dehqon (oziq-ovqat) bozori" MCHJ, Koson tumanidagi "Farovon-omad" savdo kompleksi MCHJ, "Koson dehqon (oziq-ovqat) bozori" MCHJ, , G‘uzor tumanidagi "Karvon savdo kompleksi" MCHJlarni keltirish mumkin. Oddiygina kamchilikni o‘z vaqtida bartaraf etmaslik esa og‘ir oqibatlarga olib kelishi muqarrar.

Misol uchun, 2018-yilning 14-may kuni Qarshi shahridagi "Naxshab sohil bo‘yi" MCHJda yong‘in sodir bo‘lgan. Voqea joyiga o‘t o‘chiruvchilar o‘z vaqtida yetib kelishgan. Ammo bozor yonida suv zaxirasi yo‘qligi bois, uni uzoq joydan tashib keltirish uchun ko‘p vaqt yo‘qotilgan, natijada yong‘inning talafoti ham oshib ketgan edi. Shundan so‘ng, bozor ma’muriyati bu borada jiddiy ogohlantirilgan, biroq, hali-hanuz kamchilik bartaraf qilingani yo‘q.

Yoki "Qarshi savdo majmuasi" MCHJni olaylik. Mazkur bozor bir necha yildan buyon yong‘in xavfsizligi borasidagi meyoriy hujjatlarga zid ravishda faoliyat yuritib kelmoqda. Bozor faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatish bo‘yicha Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudining 2018-yil 17-oktabr kunidagi hal qiluv qarori chiqarilgan. Lekin bozor ma’muriyati sud qarori talablarini ham bajargani yo‘q.

Shuningdek, yig‘ilish davomida bozorlarda uchraydigan yong‘in xavfsizligi bilan bog‘liq yana ko‘plab kamchiliklar sanab o‘tildi. Har bir bozor egasi, tuman hokimligi mas’ul xodimlari o‘zlari yo‘l qo‘ygan kamchiliklar bo‘yicha jiddiy ogohlantirildi.

Jasur JABBOROV,

viloyat YOXB bo‘lim   boshlig‘i, podpolkovnik.

J.BOYMURODOV,

jurnalist