Qishloq xo'jaligi 20.09.2019 37

BUG‘DOY EMAS, JAVDAR HAM

Qishloq xo‘jaligi

BUG‘DOY EMAS, JAVDAR HAM

yoxud tritikale qanday o‘simlik?

Bugun mamlakatimizda asosiy ekinlardan so‘ng ular o‘rnida qisqa muddatda pishib yetiladigan takroriy hamda to‘qsonbosti ekinlarni parvarishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Biroq, har yili katta maydonlarda takroriy ekinlar yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa-da, takroriy hamda oraliq ekinlarning urug‘chiligi yetarli darajada tashkil etilmagan. Vaholanki, odatiy yetishtiriladigan mahsulotlardan tashqari yana ko‘plab ekinlarni takroriy ekin sifatida parvarishlab, yuqori natija olish mumkin.

Deylik, bu yil viloyatda 38 ming 85 gektar maydonda takroriy ekinlar joylashtirilgan bo‘lsa, ularning 28 ming 400 gektari chorva ozuqasi uchun mo‘ljallangan. Takroriy ekiladigan ozuqa ekini sifatida esa asosan makkajo‘xorini bilamiz. Ammo iqlim sharoitimizda yana bir qator ekinlarni takroriy ekin sifatida yetishtirib, mo‘l hosil olish mumkin. Tritikale ana shunday o‘simliklardan biridir.

Quyida ushbu o‘simlik va uning o‘ziga xos xususiyatlari haqida to‘xtalamiz.

TO‘YIMLI OZUQA, MUHIM XOM ASHYO

Tritikale boshog‘ining ko‘rinishi, tuzilishi, donining shakli bug‘doy va javdarni eslatadi. Shu bois ham u bug‘doy lotincha nomining birinchi qismi (triti)  va javdar nomining ikkinchi qismi (cale) qo‘shilmasi asosida nomlangan.

Ammo tritikale bug‘doydan quyidagi belgi va xususiyatlari bilan ajralib turadi: poyasi bug‘doynikiga qaraganda yo‘g‘on, shamolga chidamli, bargi va boshog‘i katta-katta, doni ham yirik. Doni tarkibida oqsil moddasi bug‘doynikiga nisbatan 1-1,5 foiz, javdarga nisbatan 3-4 foiz ko‘p. Yana 3-8 foiz lizin va 2-4 foiz yog‘ mavjud. Boshqa ozuqa ekinlarida esa bu ko‘rsatkich ancha past.

Ushbu o‘simlik Polsha, Germaniya, Belarus, Fransiya, Rossiya, Xitoy, Vengriya, Ispaniya, Litva va Avstraliya kabi davlatlarda asosiy ozuqa ekini hamda sanoat uchun muhim xom ashyo manbai sifatida katta maydonlarda yetishtiriladi.

Boisi, bugungi kunda rivojlangan davlatlarda tritikaledan ko‘plab mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, uning unidan turli xil pechenyelar, makaron, pitssa va boshqa qandolat mahsulotlari tayyorlanadi. Tritikale pivo tayyorlashda ham muhim xom ashyo manbaidir.

BIZDA QANDAY SAMARA BERADI?

Tritikale yurtimiz iqlim sharoitida ham yaxshi rivojlanib, mo‘l hosil beradi. Bizda u asosan sug‘oriladigan va lalmikor yerlarda yetishtiriladi. Sug‘oriladigan yerlarda gektaridan 350-600 sentner yashil massa olish mumkin. Don hosili esa 50-60 sentnerga yetadi.

Misol uchun, o‘tgan yili Kasbi tumanidagi "Shodmon Normurodov" fermer xo‘jaligining 2 gektar yer maydonida tritikale ekib parvarishlandi. Natijada har gektardan 290 sentnerdan tritikale ko‘k maysasi hamda 31,5 sentnerdan  sara don olindi.

Lalmikor maydonlarda tritikale asosan doni uchun yetishtiriladi. Buning uchun uni kuz faslining ikkinchi yarmida ekkan ma’qul.

QANDAY YERLARGA EKILADI?

Tritikale ekinining tuproq unumdorligi va meliorativ holatiga bo‘lgan talabi arpa va sulinikiga o‘xshash. Ekish va parvarish qilish ishlari boshqa boshoqli don ekinlariniki bilan bir xil.  Gektariga kamida 150 kilogramm urug‘ sepiladi.

Buning uchun, avvalo, ekiladigan maydon o‘simlik qoldiqlaridan tozalanishi, yer tekislanishi, shudgorlash oldidan o‘g‘itlanishi (gektariga 100 kilogramm fosforli va 60 kilogramm kaliyli o‘g‘itlar), 28-30 santimetr chuqurlikda shudgorlanishi hamda chizellanishi lozim.

Xulosa qilib aytganda, viloyatning och tusli bo‘z va taqirsimon tuproqlari sharoitida kuz, qish va bahordagi yog‘ingarchiliklardan hamda shu davrdagi samarali haroratdan foydalanib, oraliq ekinlarni parvarishlash natijasida, birinchidan, tuproq unumdorligi oshiriladi, ikkinchidan, chorvachilik tarmog‘i servitamin ko‘k massa bilan ta’minlanadi.

Bu, o‘z navbatida, strategik qishloq xo‘jaligi ekinlaridan olinadigan hosil miqdori oshishi va uning sifati yaxshilanishini ham ta’minlaydi.

SH.DJUMAYEV, S.NEGMATOVA,

qishloq xo‘jaligi fanlari doktorlari