So'nggi yangiliklar 23.08.2019 32

BUGUN O‘QUVCHI, ERTAGA HARBIY

Xalq ta’limi vazirligi hamda Milliy gvardiya qo‘mondonligining "Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishiga ixtisoslashtirilgan sinflar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida"gi qo‘shma qaroriga muvofiq Qarshi va Shahrisabz shaharlari, Nishon va G‘uzor tumanlaridagi 4 ta maktabda ochilgan ixtisoslashtirilgan sinflarga 104 nafar o‘quvchi qabul  qilindi.

Harbiy bo‘lishni orzu qilmagan o‘g‘il bola, farzandi kelajakda yurt koriga yaraydigan inson sifatida ulg‘ayishini istamaydigan ota-ona bo‘lmasa kerak. Shunga monand, harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishiga ixtisoslashgan sinflarda o‘qish istagini bildirgan yoshlar ham ko‘pchilikni tashkil qildi. O‘rta ta’lim maktablarining 6-sinfini tugatgan 257 nafar o‘quvchi talabgor sifatida imtihonlarda ishtirok etgan bo‘lsa, ulardan eng munosiblari ixtisoslashgan sinflarga qabul qilindi.

- Bu yil ham o‘tgan yildagi kabi, har bir ixtisoslashgan sinfga 26 nafardan o‘quvchi qabul qildik, - deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasining ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish shu’basi mutaxassisi Hikmatilla Zulfiqorov. - E’tiborni tortadigan jihati, ularda o‘qish istagidagi talabgorlar soni yildan-yilga ortib borayapti.

Harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishiga ixtisoslashtirilgan sinflarning o‘quvchilari maxsus dastur asosida 3 yil ta’lim olishadi. Keyinchalik, Milliy gvardiya tizimidagi o‘quv yurtlari yoki "Temurbeklar maktabi"da tahsilni davom ettirishlari mumkin.

Z.NAZIROVA