Ma'naviyat 07.05.2019 150

"BURNOG‘I ODAMLAR BO‘LGANIDA BORMI..."

Otalar so‘zi - aqlning ko‘zi

"BURNOG‘I ODAMLAR BO‘LGANIDA BORMI..."

yoxud o‘quvchilarim uchun noan’anaviy dars

Sen bilan dildan suhbat qurishga nima yetsin, navqiron do‘stim!

Ko‘hna dun nafaqat sir, balki hikmatlarga ham lim to‘la. Ulardan haq va nohaqni ajratish, yaxshi va yomonni fahmlatish biz - bani odamning chekiga tushgan. G‘aroyib olam sir-asrorlari oldida ojiz qolganimizda esa otalar so‘zi madadga kelar ekan.

- Hoy, kat-matta odam, uyalmay choshgoh chog‘i ham cho‘zilib yotaverasanmi, sen ham bunday farishtalar ulashayotgan rizqdan nasibangni olib qol...

Otamning biroz qahrli, shuning bilan birga mehrli ovozidan uyg‘onaman, biroq issiq o‘rnimni sovutgim kelmaydi, o‘zimni eshitmaganga solib yotaveraman. Hatto onamning:

- Turaqol, bolam, otangning jahlini chiqarma, - deb yalinishlari ham o‘tmaydi.

Go‘yoki hamma narsa insonga abadiy berilgandek, vaqt yetib tabiat qonuniyatlari oldida ojiz qolishingni ham, ota va ona insonga g‘animat ekanini ham anglamaysan. Ammo...

Yillar o‘tib ortda qolgan umring sahifalariga bir zum nazar solging kelar, ota va onang sen uchun bedor o‘tkazgan tunlarni, bolam yaxshilarga yondashsin deya, har bir qadamingni tergab turganini eslab, ulardan ibrat izlashga tushar ekansan.

Yog‘och tovoq sog‘inchi

O‘n to‘rt yoshidan maktabda dars bergan, yigirma yilcha bilim maskanini, tag‘in shuncha muddat davlat xo‘jaligi firqa qo‘mitasini boshqargan otam nafaqaga chiqqach uyga sig‘may qoldi.

- Oyog‘ingizni cho‘zib o‘tirmaysizmi, ko‘chada nima qilasiz, - jerkib beradi onam ohorli kiyimlarini kiyib, ko‘chaga chiqib ketayotgan otamga.

- Senga maza, qo‘shni ayollar chiqsa gurunglashib kunni qaritasan, men nima qilay, ishlab o‘rgangan odam, uyda o‘tirib bilarmidim.

Shu tariqa qo‘llarini orqasiga chirmashtirib olgan otam uydan chiqib ketganicha, qosh qorayganda bahri ochilib qaytardi:

- Menam Safar jo‘ramning maktabidan to‘rt-besh soat dars olsammi.

- Endi qarigan chog‘ingizda bolalarga o‘ralashib yurishingiz qoluvdi.

- Maktabning mehrigiyosi bor, esimni tanibmanki umrim bolalar orasida o‘tgan.

- Uyda bola yo‘qmi, davlatning bergan nafaqasiga shukur qilib, nabiralaringiz bilan o‘ynab o‘tiravering-da, - onamga qo‘shilib otamni shashtidan qaytarishga harakat qilamiz.

Lekin otam har ertalab biz qatori uydan chiqib, ilgari faoliyat ko‘rsatgan idoralariga borish odatini tark etmaydi.

Otamizning qaysidir birimizga qo‘l ko‘targani yoki achchiq-quruq gaplar aytganini eslolmayman, o‘ylab ko‘rsam u kishi qandaydir harakatimizdan ko‘ngli to‘lmagan, yuragi og‘ringan bo‘lsa-da, ovozini ko‘tarmas, xalq maqollari bilan beozorgina xatomizni to‘g‘rilab qo‘yar ekan. Ayniqsa, "Nonni katta tishlasang ham, gapni katta gapirma", "Bor tovog‘im, kel tovog‘im, bormasang, kelmasang, ora yo‘lda sin tovog‘im", "Suv balosidan, o‘t balosidan, nohaq tuhmat balosidan saqlasin", "Zorimiz bor, zo‘rimiz yo‘q" kabi maqollar oila davrasida tez-tez qulog‘imizga chalinib turardi. Oilamizning bobomeros katta yog‘och tovog‘i bo‘lardi. Uyda qaynatma sho‘rva pishirilsa, otamiz shu tovoqqa maydalangan patirni bosib, hammamizni dasturxon boshiga chorlardi:

- Bir tovoqdan non yeganga nima yetsin.

Besh-olti qo‘l tovoqqa cho‘zilardi. Navqironlikka boribmi, aka-ukalar gap talashib, oqibat oramizga "qora mushuk" oralasa, kim ko‘p, kim oz miqdorda aybdorligidan qat’i nazar otamiz har ikkimizga yuz ochmasdilar. Tokim o‘zimiz gunohkorligimizni his etib, bir-birimizdan kechirim so‘ramagunimizcha shu holat davom etardi.

- Bolalarim, bir kun nizo aralashgan oiladan ming kunlik baraka ko‘tariladi, zinhor o‘z dasturxoningiz fayziga tesha urmanglar, - derdi biz apoq-chapoq bo‘lib ketganimizga ishonch hosil qilgach.

Yillar o‘tdi, turmush chorrahalarida to‘kin, noto‘kin dasturxonlarni, turfa taomlarni ko‘rdim, tanovul qildim, ammo birontasi o‘sha yog‘och tovoqdan yeyilgan ovqat ta’mini berolmasligini his etib, hamon ajablanaman.

Ahillikda hikmat ko‘p

Otam oyog‘i yig‘ilib, uydan chiqmay qolganlarida ham qishloq yangiliklarini bizdan avval eshitardi. Do‘stlari yoki so‘rab keluvchilar izi arigandan keyin bizga ulardan eshitgan yangiliklarini aytar, ularga munosabatimiz bilan qiziqardi. Aytishicha, birovi bolalarning janjali sabab, so‘ng xotinining gapi bilan akasi bilan yuzko‘rmas bo‘lib ketibdi.

Otam "Eh-h, burnog‘i oqsoqollar bo‘lganida bormi...", deya ibratli hikoyani boshladi:

"Urushdan keyingi yillar edi, qishloq kayvonilaridan Sultonyoz Qurbonov to‘ng‘ich o‘g‘liga kurashli sunnat to‘y beradigan bo‘ldi. U paytlar to‘ydan oldin qishloq oqsoqollari birikib, to‘y tutgichning uyiga borishar, kam-ko‘sti bilan tanishib, yetmaganini to‘ldirishga har kim baholi qudrat hissa ko‘shadigan udum bor edi. Sayitqul Haydarov, Bog‘i rais, Tillo bobo, Jabbi polvon... bir necha kishi tirkashib to‘y tadorigini ko‘rishga bordik.

Sultonyoz bir nechta bo‘xchani biz o‘tirgan xonaga tashib keldi. Birida kalish, boshqasida kirza etik, belqars, gardi ro‘mol dastalari bor edi.

- O‘n-o‘n besh bosh ulog‘im, shuncha qo‘zim, to‘rt-besh bosh qo‘chqor, serka, ikkita ho‘kiz, arabi gilamlarim bor. Ozroq pul ham jamg‘arib qo‘yganman. Tag‘in sizlar nima desangizlar shu.

-Yaxshi, tayyorgarliging yomon emas, kurash avjiga olaversa, el ham qarab turmas, - dedi Tillo bobo.

Boshqalar ham uni ma’qulladi.

- Endi bir narsani so‘rasam, aybga buyurmaysan, Sultonyoz, - suhbat tizginini qo‘lga oldi Bog‘i rais. - Qishloqda gina-kuduratli kishing yo‘qmi?

Sultonyoz peshonasini tirishtirib turdi-da, keyin "Qaysidir yili Sulaymon xo‘ja bilan ozroq gapim qochgandi", dedi.

Sulaymon xo‘ja degani Nuriddin ustaning otasi, Xo‘ja Kasbidan ko‘chib kelgan, ro‘zg‘orini temirchilik izidan yuritardi. Ancha serzarda, bir gapdan qolmaydigan kishi edi rahmatlik. G‘ashiga tegsang yosh-qari demay og‘ziga kelgan so‘kinch bilan "siylardi". Qizig‘i, Sultonyoz raislik qiladigan qishloq sho‘rosi idorasi bilan Sulaymon xo‘janing temirchilik ustaxonasi yonma-yon joylashgan, odamlar tez-tez ikkisining bir piyola choy ustida o‘tirganlari guvohi bo‘lishardi.

- Unday bo‘lsa yaxshi emas, - salmoqlanib fikr bildirdi Sayitqul oqsoqol. - Sizlarni bilmadim, men Sultonyoz Sulaymon temirchi bilan yarashmasa to‘yiga kelmayman.

Xullas, oqsoqolning gapi gap, temirchi bilan apoq-chapoq bo‘lmaguncha to‘y dasturxoni yozishga ruxsat berilmadi. Ertasi kuni Sultonyoz Sulaymon temirchining yoniga boribdi:

- Xo‘jam, qaysidir yili urushib qolganimiz esingdan chiqdimi?

- O‘sha kuniyoq o‘tgan gapga salavot aytganman.

- Unda bugunmi-ertami menikiga o‘tib, bir piyola choy ichmasangiz bo‘lmaydi.

- E-e, qo‘y, tashvish nimaga kerak, har kuni ichib yurgan choyim, juda ko‘ngling sust ketgan bo‘lsa to‘yda ikki baravar icharman.

- Jon xo‘jam, meni bir g‘alvadan qutqazing, uyimga bormasangiz, siz bilan salom-alikni batamom uzaman.

- Bunday tushuntiribroq gapir, o‘zi nima gap?

Sultonyoz oqsoqollarning qarorini aytib beribdi. Sulaymon temirchi qah-qah otib kulibdi:

- Seni puxta desam, g‘alchaning o‘zginasi ekansan, shuni aytib nima qilarding.

Ertasi kuni Sulaymon temirchi Sultonyozning uyidan choy ichganiga guvoh bo‘lib, to‘y kunini belgilab berdik".

- O‘g‘lim-qizim, ahillikda hikmat ko‘p, bir-birini qo‘llagan bitadi, chetlagan yitadi, iloho bir-birini qo‘llagan bo‘lib chiqinglar, oilamiz katta, biriksangiz, el bo‘lasiz, - derdi otam gurung yakunida. - Inson uchun ahillikdan kuchliroq tayanch yo‘q.

Oltindan qimmat rizq

Otamning g‘alati odatlari bor edi. Safarda oshxonaga kirsak, tanovuldan keyin qolgan nonni albatta oldirardi:

- Baribir chiqindiga tashlab yuborishadi, rizqni qoldirib bo‘ladimi.

Bolalik chog‘larimiz dasturxondagi non ushoqlarini kaftlariga olib kapalab, bizdan ham shunday qilishni so‘rardi:

- Nonning uvog‘i ham non, uni xor qilganning o‘zi zor bo‘ladi.

Yerda yotgan non bo‘lagini ko‘rsa, yuz-ko‘ziga surtardi:

- Shu parchaga mahtal odamlar son nechta, uvoliga qolmaylik.

Keyin yana yangi rivoyat tug‘ilardi:

"Qadimda xasis boyning g‘arib cho‘poni bo‘larkan. Boy cho‘ponni sira ayamas, kun bo‘yi suruv izidan yurishga majbur etar, kechalari uyda ishlatar, xizmat xaqiga esa bir dona qotgan non berarkan. Bechora cho‘pon shunga ham shukur qilar, kuni o‘tganidan behad shodumon ekan. Kunlarning birida yarim tun qo‘ylarini o‘tovga surib eshak ustida kelayotgan cho‘ponning qo‘ynidagi non yerga tushib ketibdi. Harqancha qidirmasin non topilmabdi.

- Mayli, - debdi o‘ziga-o‘zi, - bir belgi qoldirsam, ertaga topib olarman.

Cho‘pon yigit shu yerga tayog‘ini qadab ketibdi. Ertasi kelib qarasa, tayog‘i bor turishi bilan oltinga aylanib qolganmish.

- Ey, xudoyim, zaringni nima qilaman, uni olib, nonimni qaytar, - iltijo qilibdi cho‘pon. - Harna qornim to‘yardi..."

Chuvillashib otamni savolga tutamiz:

- Oltini nima, ota?

- Osmondagi oy-yulduzlardek tosh, bolam.

- Yesa bo‘ladimi.

- Yo‘q, oltin - boylik.

- Bo‘lmasa nega cho‘pon yigit boylik topganiga qanoat qilmabdi?

- Zaring bo‘lsa, zo‘ring bo‘ladi, qo‘zichog‘im. Lekin oltinu zar ham och qorinni to‘ydirolmaydi.

- Cho‘pon yigit keyin nima qilibdi?

- Bunisini bilmadim, biroq shu ertakdan anglagan hikmatim - ko‘hna ochunda har qanday boylik non-nasibaning o‘rnini bosolmas ekan. Oltindan qimmat rizq non bo‘larkan, bolam, shu bois uning burdasini ham uvol qilish mumkin emas...

***

Oradan yillar o‘tdi, bugun har qadamimni tergab, yaxshilikka yetaklab turadigan otam ham, bizni murosaga keltirish uchun oramizga tushadigan onam ham yo‘q. Qiziq, endi tinchimni hech kim buzmasa-da, negadir meni tong uyqusi tark etgan, erta sahar kimdir ustimdagi ko‘rpani yulqib tashlagandek, nimadir oromimni o‘g‘irlagandek, beixtiyor xotiralar qatiga o‘ralaman va bir haqiqatni anglayman: otam vafot etganiga yigirma yildan oshdi - hali-hanuz u kishi bilan bog‘liq xotiralar qatidan yangidan-yangi ibratlar kashf etaveraman.

Sen ham ota-onangning qadrini baland tut, hayot yo‘lidan saboq ol, bu latif go‘sha ibrat bo‘stoni ekanini angla. Undan terganing va dastalaganing bir quchoq chaman muborak bo‘lsin, aziz o‘quvchim!

Abdunabi ABDIYEV,

Mirishkor tumanidagi 22-maktab direktori