Jarayon 12.07.2019 103

Buyuk Ipak yo‘li merosi yo‘laklari: XALQ HUNARMANDCHILIGI QANDAY SHAROITDA RIVOJLANADI?

Qadimiy va boy tarixi, betakror madaniyati bilan nom qozongan Qashqadaryoda kulolchilik, kashtachilik, gilamdo‘zlikning bir necha turi, yo‘nalishi va uslublari bor. Xususan, tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladigan Shahrisabz kashtasi turfa naqshlar ishlatilishi bilan ajralib turadi. Ko‘p asrlik an’analarga ega gilamchilik ham o‘z o‘rni va ahamiyatini yo‘qotmay kelmoqda.

Masalan, Mirishkor tumanidagi  Jeynov qishlog‘ida gilamning jexizi, oy, bozori, ishti, xaram va yaglovi kabi turlari to‘qiladi. Ular o‘zining mustahkam va bejirim, turfa bezaklarga boyligi bilan e’tiborga molik. Jeynov madaniyat uyida faoliyatini "ustoz-shogird" an’anasi asosida yo‘lga qo‘ygan mohir gilamdo‘z Ro‘zimo Hakimova esa gilam to‘qish hunarini saqlash va uni kelgusi avlodlarga qoldirishni asosiy vazifasi deb biladi.

Qarshi shahrida "Buyuk Ipak yo‘li merosi yo‘laklari: O‘zbekiston hududlarining barqaror rivojlanishi maqsadida nomoddiy madaniy merosni saqlab qolish va yetkazish" mavzusida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida shu haqda so‘z yuritilib, 67 yoshni qarshilagan Ro‘zimo Hakimovaning ishlari alohida e’tirof etildi.

Viloyat hokimligi, YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi,  "Hunarmand" uyushmasi, Madaniyat vazirligining muzeylar va kutubxonalarni rivojlantirish boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda viloyatimiz usta hunarmandlari, muzey xodimlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatida YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Fuad Pashayev, "Hunarmand" assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari Akobir Hakimov, O‘zFA akademigi, professor, san’atshunoslik fanlari doktori, San’atshunoslik instituti amaliy bezak san’ati bo‘limi mudiri Akbar Hakimov va boshqalar so‘zga chiqib, O‘zbekiston madaniy siyosatidagi innovatsion o‘zgarishlar sharoitida viloyatning g‘arbiy hududlarida hunarmandchilikni saqlab qolish va rivojlantirish, muzeylarda ushbu mahsulotlarning eksponantlarini saqlash borasida hamkorlikda olib borilayotgan ishlar hususida fikr bildirishdi.

- Qashqadaryo madaniy meroslarga boy o‘lka, - deydi Akobir Hakimov. - Vohada kulolchilik, kashtado‘zlik, gilamchilik kabi yo‘nalishlar xalq hunarmandchiligining eng noyob namunalari sanaladi. Ayniqsa, Chiroqchi, Shahrisabz, Kitob, Mirishkor va Qarshi gilamlari noyob tarixi va betakror ahamiyatini hamon yo‘qotmay kelmoqda. Ayrim manbalarda VI-VII asrlarda Qarshida to‘qilgan gilamlarning Xitoy bozorlarida ham sotilgani haqida ma’lumotlar uchraydi. Loyihamizning asosiy maqsadi O‘zbekiston ustalari, hunarmandlari va amaliyotchilarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Shu maqsadda viloyatda loyiha doirasida 10 kundan oshiq vaqt  davomida hunarmandlar va amaliy san’at ustalari mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etiladi, usta-hunarmandlar tomonidan kashtachilik, kulolchilik, gilam to‘qish bo‘yicha mahorat saboqlari o‘tkaziladi.

Davra suhbati davomida an’anaviy hunarmandchilikni saqlab qolish va rivojlantirishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, ayniqsa, kulolchilik hunarining oqsayotgani alohida ta’kidlab o‘tildi.

- Kulolchilik Kasbi tumanida keng tarqalgan, - deydi Muhriddin Aminov. - Yoshligimdan shu kasb bilan shug‘ullanib kelaman. Bizda kulolchilikda ishlatiladigan ko‘pgina tuproq turlarini uchratish mumkin. Ushbu tuproqlar asosan 2 turga bo‘linadi: shirali va shirasiz. Shiralisi asosan katta hajmdagi uzunchoq idishlar, xum, xurmacha, ko‘za va tandir tayyorlashda ishlatilsa, shirasiz tuproqdan uncha katta bo‘lmagan har xil o‘yinchoqlar, turli hajmdagi kosa, tovoq, likopcha, ko‘zacha, tog‘ora, chiroq yasashda foydalanilgan. So‘nggi yillarda mahsulotlarimizni pishirish uchun gaz muammo bo‘layotganligi sababli faqat tandir yasash bilan shug‘ullanardik. Sohaga bo‘lgan e’tibor ortganligi sababli o‘tgan yildan boshlab yana turli xil sopol idishlar yasashni boshladik. O‘ylaymanki, hunarmandchilikning ushbu turi kelgusida yanada rivojlanadi.

Tadbir muhokamalarga boy ruhda o‘tdi.

Shohista BOZOROVA

Xusniddin ATO olgan suratlar.