Ma'naviyat 09.04.2019 116

BUYUK LASHKARBOSHI QUROLINING KUCHI

Amir Temur tavalludining 683 yilligiga

Harbiy soha mutaxassislarining e’tirof etishicha, Amir Temur harbiy salohiyatda jahonga mashhur sarkarda bo‘lishi bilan birga, uning jang qilish san’ati, taktika va strategiyasi, armiya tarkibining tuzilishi o‘z davrining nodir mo‘jizasi edi. Uning harbiy mahorati turli yo‘nalishlarda - askariy qismlarni qayta tashkil qilishda, dushmanga hujum qilishda, turli-tuman usullardan foydalanishda, hujumdan oldin raqib joylashgan yerlarni obdan o‘rganib chiqishda hamda lashkarboshi - qo‘mondonlikda noyob iqtidorga ega bo‘lganligida namoyon bo‘ldi.

Amir Temirning harbiy strategiyasi, harb ishida juda ko‘p omillar qatorida qo‘shinni qurol-aslaha, harbiy anjomlar bilan ta’minlash, muhoraba paytida ulardan oqilona foydalanish muhim ahamiyat kasb etgan. Bu haqda "Temur tuzuklari"ning "Sipohning yaroq-jabduqlari va anjom-jihozlari tuzugi"da bayon etilgan. Unda oddiy askarlardan tortib, bahodirlar, o‘nboshi, yuzboshi, mingboshi, shuningdek, lashkarboshi amirlar g‘animga qarshi jang qilishi uchun qanday qurol-yarog‘ va harbiy anjomlarga ega bo‘lishi lozimligi aniq ko‘rsatib o‘tilgan. Chunonchi, harbiy yurish paytida oddiy askar 2 ot, bir kamon, bir sadoq o‘q olishi shart edi. Bahodir askarlarning har biri bir qilich, sadoq-o‘qdon, kamon va 5 ta ot olsin, deb buyruq berilgan.

"Temurning harbiy kuchlari, - deb yozadi taniqli ingliz tarixchisi Hilda Hukhem, - avvaliga mohir suvoriylar va mergan kamonchilar edi va buyuk sarkarda qudratining asosini tashkil qilardi. Miltiqlar paydo bo‘lgunga qadar, ularning san’ati merganlik harbiy san’atining eng yuqori cho‘qqisi hisoblanib keldi".

Amir Temur jangu jadallar tarixi yoritilgan kitoblarni qiziqib o‘qigan. "Shohnoma" qahramonlaridan biri Som Narimondan so‘rabdilar: "Ey, muzaffar yo‘lboshchi, jang bezagi nimadir?" U javob beribdi: "Sharofatli shohning nuri, oqil sarkardaning donishi va sovut kiygan hamda kamon bilan jang qila oladigan jangchidir". Shuning uchun ham Amir Temur o‘z g‘animlari bilan kurashda o‘qchilar, qilichbozlar va nayzadorlarga tayangan. Jangu jadal paytida o‘q-yoy, oybolta, qilich, gurzi, pichoq, xanjar kabi qurol-yarog‘ni o‘z o‘rni kelganda ishlatishga amr qilgan. Xanjar asosan dushmanlarning jangda qatnashadigan ot va tuyalarini yo‘q qilishga mo‘ljallangan edi. Muarrix Nizomiddin Shomiy bu to‘g‘rida 1383-yil oxirida Seistonda bo‘lgan jangdan misol keltiradi. O‘shanda dushmanlarga qarashli ot va tuyalarning ko‘pi xanjar bilan o‘ldirilgan edi.

Sohibqiron hayoti davomida oz sonli jangchilar qatnashgan kichik janglarni ham, shuningdek, To‘xtamishxon, Boyazidga qarshi muhorabalarda 200 mingdan ortiq sipoh ishtirok etgan yirik urushlarning ham shohidi bo‘lgan. Urush uchun esa lashkar yetarli miqdorda qurol-yarog‘ bilan ta’minlanishi lozim edi. Shu sabab mamlakatning muhim nuqtalarida qurol-yarog‘ tayyorlanadigan ustaxonalar tashkil etilgan, ularda minglab qurolsoz ustalar ishlagan. Uzoq Ispaniyadan Samarqandga kelib, Amir Temur qabulida bo‘lgan Rui Gonsales de Klavixo "Samarqandga Temur saroyiga sayohat kundaligi 1403-1406-yillar" asarida Samarqand chekkasidagi bir qal’ada joylashgan qurol-yarog‘lar yasaladigan ustaxona haqida ma’lumot bergan. Bu yerda mingga yaqin qurolsoz usta muntazam ravishda sovut, qalqon, yoy va nayzalar tayyorlash bilan mashg‘ul bo‘lgan. Buyuk sarkarda ustalardan ayniqsa, sovut va dubulg‘alarning sifatli yasalishini talab qilgan. Chunki ushbu anjomlar jangchining asosiy himoya vositasi hisoblangan.

Muhim qurolsozlik ustaxonalaridan tashqari, harbiy yurishlar paytida qurol-yarog‘ yasaydigan ko‘chma ustaxonalar ham ishlab turgan. Sohibqiron qurolsozlar safini taslim etilgan mamlakatlardan olib kelingan ustalar bilan to‘ldirib borgan. Masalan, Kichik Osiyo va Shom fath etilgach, kamon ishlab chiqaruvchi ustalar, to‘pchi-muhandislar, boshqa qurolsozlar poytaxt Samarqandga olib kelingan.

Amir Temur jang paytida dushmanlarga qaqshatqich zarba berishga qodir eng mukammal qurol turlarini yaratish va ulardan foydalanishga katta e’tibor bergan. Sharqda birinchi bo‘lib o‘qotar quroldan foydalanish Sohibqiron armiyasida yo‘lga qo‘yilgan. Kichik o‘tli o‘qlarni otishga mo‘ljallangan ra’dandoz va katta o‘qlarni yog‘diruvchi kamoni ra’d ana shunday qurollardan edi.

Tog‘li hududlarda jang olib borishga ixtisoslashtirilgan maxsus qismlar tog‘ yon bag‘irlarida toshdan tiklangan va zabt etish juda qiyin qal’alarni ishg‘ol etishda qatnashganlar. Manjaniq va arrodalar, tiri charxlardan ana shunday mustahkam qal’alarni egallashda foydalanilgan. Iroqning Bag‘dod va Mosul shaharlari oralig‘ida Dajla daryosining g‘arb tomonida qadimiy Tikrit qal’asi joylashgan edi. Nizomiddin Shomiy "Zafarnoma" asarida bu qal’ani shunday ta’riflaydi: "U qal’a g‘oyatda mustahkam edi. Uning mahkamligi tavsifida til qisqa, istehkomi tasavvurida aql hayron, mustahkamlikda jahonga mashhur edi. Turli qissa va xabarlarda Qal’ai Salosil deb tavsif etilgan edi".

Sohibqiron qal’a voliysi Amir Hasanga jangsiz taslim bo‘lishni taklif qiladi. Ammo u bunga ko‘nmagani uchun Sohibqiron buyrug‘i bilan arrodalar rostlanib, manjaniqlar tayyorlanadi. Manjaniqlardan tosh otilib, qal’a ichidagi ko‘p uylar vayron bo‘ladi. Keyin hisorning bir burjiga o‘tiladi. Qal’aning atrofida naqb kavlanib, o‘t qo‘yilgandan so‘ng qal’a devorlari qulaydi. Muarrixning yozishicha, "Qal’adan bir tuproq to‘dasidan boshqa asar ham qolmadi". Bu voqea 1393-yil 11- noyabrda yuz beradi.

1394-yil 18-iyunda Amir Temur Sharqiy Anatoliyadagi Avnik qal’asini zabt etishni boshlaydi. U juda  mustahkam hisor bo‘lib, mamlakat o‘rtasida joylashgan hamda turkmanlar uni o‘zlarining muxolifatchiliklari uchun orqa tayanch qilib olgan edi. Qal’a muboshiri Qaro Ahmad o‘g‘li Misr toqqa qochib undagi qal’aga yashirinib oladi. Tog‘ juda baland va yo‘llari  mashaqqatli edi. Istehkom qurilgan, mustahkam darvozalar o‘rnatilgandi. Sohibqiron Misrga o‘z huzuriga kelishni taklif qiladi, ammo bunga uning yuragi dov bermaydi. Hatto Misrning o‘g‘li, onasi kelib, uzr so‘raydi, uning Sohibqiron oldiga albatta kelishini aytishadi. "Lekin Misrga xavf ustun kelgan edi, - deb yozadi Nizomiddin Shomiy. - U ojiz va chorasizlikda sarosimaga tushib qolgan hamda ishonib tashqariga chiqishga yetgudek ruh quvvatiyu, dalirlikka ega emas edi. U yana bahona ko‘rsatgach, Amir Sohibqiron manjaniqlar, ra’d, arroda, tiri charxlarni tayyorlashni buyurdi. Bu jang qurollaridan otilgan toshlar zarbi bilan ularning ko‘p uylarini vayron qildilar. Qal’a ahlidan faryodi fig‘on ko‘tarildi".

Shundan keyin ham qal’a taslim bo‘lmagani uchun manjaniqlar orqali tosh otish davom ettiriladi. Xoja  Shohin boshliq lashkarlar hisor va toqqa chiqishga muyassar bo‘ladilar. Hisorning bir necha burji tagidan naqb kavlanib, o‘t qo‘yiladi. Misrning lashkarlari jang qilishdan voz kechishadi. Misr tang ahvolda qolgach, amirzoda Muhammad Sulton vositachiligida Sohibqiron huzuriga bosh egib kelishga majbur bo‘ladi va uning qonidan o‘tishni so‘raydi. O‘z navbatida amir ham shafoatni qabul etadi.

Damashqni taslim qilishda 60 ga yaqin manjaniq, arrodalar, qoruralardan foydalaniladi. Shahar qal’asi devori ro‘parasiga o‘rnatilgan minoralardagi qoruralardan qal’a arki ichiga olov yonuvchi naft (neft) o‘qlar uloqtiriladi. Alangadan cho‘g‘dek qizib ketgan devorlar sirka vositasida sovutilgach, toshlar bosqonlar zarbidan osongina maydalanib ketardi. Qal’a himoyachilari qarshilik ko‘rsatishdan to‘xtamagani uchun ark minorasi tagidan lahm kavlangach, devori qulab tushadi. Qal’a mudofaachilari qattiq qarshilik ko‘rsatib, bir oydan ortiq vaqt himoyada turganligiga qaramay, oxir-oqibat mag‘lub bo‘lishadi.

Sohibqiron lashkarlari harbiy yurishlar paytida narvon va taxtapullardan ham foydalangan. Dushmanga yaqin joyda zarur paytlarda qarorgohlar ham qurilib, tevarak atrofda zovurlar qazilardi, sarkublar - ko‘tarmalar qurilib, mudofaa qurollari o‘rnatilar, kuzatuv nuqtalari tashkil etilardi.

Turkiyadagi Behasti qal’asi baland tog‘da joylashgan bo‘lib, nihoyatda mustahkam edi. Qal’a o‘rtasida aylanuvchi manjaniq o‘rnatilgan, undan to‘rt tomonga qaratib, tosh otsa bo‘lardi. Amir Temur buyrug‘i bilan qurolsozlar dushman manjaniqiga nisbatan kattarog‘ini yasaydilar. So‘ngra naqblarga o‘t qo‘yilib, manjaniq ishga solinadi. Otilgan tosh ularning manjaniqiga borib tegib, uni maydalab yuboradi. Barcha burjlar va imoratlar qulab vayron bo‘ladi. Qal’a himoyachilari taslim bo‘lib, gunohlarini afv etishni so‘rashdan boshqa chora topolmaydilar.

Ibn Arabshoh "Amir Temur tarixi" asarida Shomdagi mustahkam bir qal’a Amir Temur lashkarlari tomonidan qanday ishg‘ol qilinganini yozadi. Bu ishni Sohibqiron amir Jahonshohga topshiradi. U jangchilari yordamida qal’a qarshisiga manjaniqlar o‘rnatadi, qal’a ostidan lahmlar qazib, devorlarga ilgaklar tashlaydi. Lekin qal’ani egallash oson kechmaydi, u 43 kun (boshqa manbada 29 kun)dan so‘ng egallanadi, har ikki tomondan juda ko‘p jangchilar halok bo‘lishadi.

Amir Temur dushmanlarining qanday qurollardan foydalanishlari, ularning o‘zini mudofaa qilish vositalariga qarab jang taktikasini o‘zgartirgan, g‘animlarini yengish uchun ular kutmagan vositalarni ishga solgan. Hindistonga yurish paytida Amir Temur qo‘shinlari birinchi marta harbiy fillarga ro‘para keladi, shuning uchun ularda qo‘rquv paydo bo‘ladi. Shunda sarkarda askarlarga saflari oldida xandaqlar qazib, g‘ovlar bilan mustahkamlangan tuproq devorlar, sarkuplar vujudga keltirishi va yerga tikanli simlar qoqishni buyuradi. Buqalar va tuyalar bir-biriga matashtirilib, ular ustiga shox-shabbalar ortilgan. Fillar hujum boshlashi bilanoq shox-shabba bog‘lamlari yoqib yuborilgan. Alangani ko‘rgan fillarning bir qismi qo‘rquvdan orqaga tisarilib, o‘z qo‘shinini toptay boshlagan. Qolganlari yerga qoqilgan qoziqlardan va uch tishli dandonalardan mayib-majruh bo‘lgan. Amir Temur bu jangda ana shunday usulni qo‘llab, Dehlini zabt etadi. Jangda qo‘lga kiritilgan fillarni Sohibqiron o‘z harbiy kuchlari safiga qo‘shadi.

1401-yil yanvar oyida Xalab shahri fathi boshlanadi. Nizomiddin Shomiy "Zafarnoma"da bu shaharning qanday egallanganini o‘zi shohid bo‘lgan jang manzaralari asosida tasvirlagan. O‘shanda ham harbiy fillar qatl qiluvchi kuchga aylanadi. "Zirhu qurollar bilan jihozlangan bir saf fillarni jang maydonlari bilan dushman ro‘baro‘siga chiqardi, - deb yozadi muarrix. - To‘g‘risini aytganda, u holatning haybati va qo‘rqinchidan jangchilar ko‘kragida yuraklari titray boshladi, uning haybati va xavfidan aqllar xira va fikrlar tiyra bo‘ldi".

Muhorabada Sohibqironning o‘zi ham shaxsan jangga kiradi. Askarlarning ko‘pligini ko‘rgan xalabliklar nochor orqa o‘girib qochishga majbur bo‘ladilar. Xalab egallangach, amir Jalol Islom muarrix Shomiyni hazrat Sohibqiron huzuriga olib boradi. Amir Temur uni izzat-ikrom bilan kutib oladi.

Buyuk lashkarboshi Amir Temurning ana shunday harbiy iste’dodi va mahorati, lashkarlari, qurol-yarog‘lardan oqilona va mohirona foydalangani uning zafarlari bosh omili bo‘lgan.

Mo‘min AZIZOV,

tarixchi-jurnalist