Iqtisodiyot 04.10.2019 29

"BUYURSIN!" DEYA ISHLAB CHIQARILMOQDA

Kichik biznes

Bugun mamlakatimizda tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning erkin faoliyat yuritishlari uchun kerakli shart-sharoit va imkoniyatlarni yaratib berishga qaratilayotgan e’tibor soha rivojida muhim omil bo‘lmoqda.

Buni Chiroqchi tumanida faoliyat yuritayotgan "Chiroqchi buyursin tekstil" xususiy korxonasi faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin.

Tadbirkor G‘anisher Jalolov tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu kichik biznes subyekti 2017-yilda ish boshlagan edi.  Dastlab 90 ta zamonaviy tikuv mashinasi xarid qilindi. Ammo o‘z binosining yo‘qligi, ishlab chiqarish sexining moslashtirilgan inshootda ijarada turgani, joyning torligi mavjud quvvatdan to‘la foydalanish imkonini bermasdi.

Shunga qaramay, ishlab chiqarilgan mahsulot dastlabki kunlardanoq ichki bozorda o‘z o‘rniga ega bo‘la boshladi, buyurtmalar soni ham oshib boraverdi. Bu esa quvvatni yanada oshirish, iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish uchun qulay sharoit edi. Buni anglagan tadbirkor endi qat’iy ravishda o‘z korxonasi uchun kerakli binoni qurish harakatiga tushadi. Davlat rahbarining "Qashqadaryo viloyatida kichik sanoat zonalarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori asosida tuman hududidagi eski paxta zavodi o‘rnida kichik sanoat zonasining tashkil etilishi esa ushbu korxona uchun ayni muddao bo‘ldi.

- Tuman hokimligiga korxonamizga joy berishini so‘rab qilgan murojaatimizdan so‘ng yangi tashkil etilayotgan sanoat zonasidan 8 sotix yer maydoni ajratildi, - deydi  korxona ish yurituvchisi Zayniddin Yoqubov. - Qisqa muddatda bu yerda zamonaviy tipdagi ishlab chiqarish obyekti barpo etdik. Faoliyatimiz uchun qulay binoga ega bo‘lgach, ishni yanada kengaytirish imkoni tug‘ildi. 20 nafar xotin-qiz shu yerda bichish-tikish ishlari bilan band. Asosan mavsumiy liboslar, ish kiyimlari tayyorlab, ichki bozorga chiqarmoqdamiz.

Zayniddin Yoqubovning ta’kidlashicha, korxona yangi binoga yaqindagina ko‘chgan. Shu bois hali imkoniyatlar to‘liq ishga solingani yo‘q. Mavjud quvvatdan to‘liq foydalanilsa, ishlab chiqarilayotgan mahsulot turi va salmog‘i ham, ish o‘rinlari soni ham yana bir necha barobar oshadi.

Muxtasar aytganda, mamlakatimizda yaratilayotgan qulay ishbilarmonlik muhiti soha rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanishiga, xalqimizning turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

J.QILICHOV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.