Iqtisodiyot 13.12.2018 157

BUYURTMA BOR, MAHSULOT ISHLAB CHIQARILAYAPTI

Xususiy sektor

BUYURTMA BOR, MAHSULOT ISHLAB CHIQARILAYAPTI

Bir oila tadbirkor bo‘lishi uchun nima kerak?! Avvalo, hamma hamjihat bo‘lib, bir yoqadan bosh chiqarib, umumiy maqsad yo‘lida ishlay olishi darkor. Axir oilaviy biznesning yurishib ketishida bu omil muhim ahamiyatga ega. Agar oilada kimdir ishbilarmon, hisob-kitobga uquvli bo‘lsa, bu ham foydaga xizmat qiladi. Albatta, kishidagi ilk tadbirkorlik ko‘nikmasi shu dargohda shakllanishini ham unutmaslik kerak. Birni ikki qila olganning ishi besh. Qolgani esa mablag‘ga borib taqaladi. Shular jamuljammi, demak, oilaviy tadbirkorlikka hech bir xavotirsiz qo‘l urish mumkin.

Qamashi tumanilik Elbek Qaraxonovning ham bugun tadbirkor sifatida tanilishiga oilasi sabab bo‘lgan. Gap shundaki, shu yil boshida u yaqinlari bilan hamfikr bo‘lib, ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘yishga qaror qildi. Oilasi ham qarab turmadi. Hamma o‘z imkoniga qarab, yangi oilaviy korxonada munosib vazifa oladigan bo‘ldi. Yetmaganiga esa tijorat bankiga murojaat qilishdi. Moliya muassasasi ham ularning biznes-rejasini ma’qulladi. Ularga 300 million so‘m ajratib berildi.

- Yig‘ilgan sarmoyani to‘g‘ri yo‘naltirishga harakat qildik, - deydi oilaviy tadbirkor. - Faoliyat turi sifatida mebel ishlab chiqarishni tanladik. Mablag‘ning bir qismiga xom ashyo sotib oldik. Yangi seximizni zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlashga ham pul sarfladik. Yaqindan esa mahsulot tayyorlashni boshladik. Katta hajmdagi mebel jihozlarini buyurtmachilarga yetkazib ham berdik. Muhimi, hozir bozorda o‘z o‘rnimiz bor. Mahsulotimizga 200 million so‘mlik buyurtma qabul qilganmiz. Yil oxirigacha bajarishimiz kerak. Tumanimizdagi maktab va bog‘chalarni shartnoma asosida o‘quv jihozlari bilan ta’minlaymiz.

Bugun oilaviy korxonada 4 nafar kishi ishli bo‘lgan. Ustalar ham qarindoshlar ichidan topildi. Natijada oila mustahkam daromad manbaiga ega bo‘ldi. Bu hali boshlanishi, desak, ishonavering. Oila a’zolari o‘zlarini boshqa yo‘nalishda ham sinab ko‘rmoqchi. To‘plangan birmuncha sarmoya xizmat ko‘rsatishni tashkil etishga zamin bo‘ladi. Yil so‘ngiga qadar hududda ayollar va erkaklar saloni, stomatologiya klinikasi ishga tushirilishi lozim. Buning natijasida yana 10 ta yangi ish o‘rni yaratish maqsad qilingan.

Sobir NARZIYEV

Suratlarda: korxona faoliyatidan lavhalar.