Jamiyat 30.08.2019 25

"BUZ-HO BUZ AMALIYOTI" SABAB 436 SUBYEKT ISHI TO‘XTAGAN

Viloyat hokimligida

Viloyatda tadbirkorlik subyektlari soni 19 mingdan oshib, shu yilning o‘zida 21 foizga ko‘paygan bo‘lsa-da, faoliyati to‘xtab qolgan 500 dan ziyod tadbirkorlik subyekti mavjud va bu raqam afsuski o‘sib bormoqda. Faoliyat ko‘rsatmayotgan tadbirkorlik subyektlari Qarshi shahrida 214 ta, Yakkabog‘da 51 ta, Kosonda 40 ta, Qarshi tumanida 33 tani tashkil etadi. 1 avgust holatida 24 ming 707 nafar yakka tartibdagi tadbirkor ro‘yxatga olingan, biroq ularning 3 ming 872 nafari yoki 18,5 foizi faoliyatini turli sabablarga ko‘ra vaqtincha to‘xtatgan.

Bu haqda xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdagi sessiyasida aytib o‘tildi. Unda Senat a’zolari, mahalliy Kengash deputatlari, davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralari, nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirni viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev kirish so‘zi bilan ochdi.

Sessiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

Kun tartibida belgilanganidek, parlament ishchi guruhi tomonidan viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar holatini o‘rganish natijalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Qayd etildiki, soliq idoralari tomonidan tegishli tushuntirish va profilaktika ishlarining yetarli darajada olib borilmagani oqibatida 876 nafar tadbirkor soliq qarzi mavjudligi sababli o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan. 436 nafar tadbirkor faoliyatini to‘xtatishiga esa ularning savdo do‘konlari buzib tashlangani sabab bo‘lgan, 665 nafari banklardan kreditlar olishda turli qiyinchiliklarga duch kelgan.

"Yoshlar - kelajagimiz" Davlat dasturi bor-yo‘g‘i 13,3 foizga bajarilgan, tadbirkorlar uchun yil davomida ajratilishi lozim bo‘lgan 202,4 milliard so‘mdan bor-yo‘g‘i 26,7 milliard so‘mi moliyalashtirilgan.

Kreditlashning birlamchi talablari yetarlicha inobatga olinmagani, banklar hamda ularning mijozlari o‘rtasidagi munosabatlarning lozim darajada yo‘lga qo‘yilmagani oqibatida muddatida qaytarilmagan kredit va foiz to‘lovlaridan jami 337 milliard 222 million so‘mlik muammoli qarzdorliklar yuzaga kelgan. Shundan 115 milliard 150 million so‘mi bank balansidagi muammoli qarzdorliklardir. Ushbu qarzdorliklar tijorat banklarining moliyaviy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi barobarida milliardlab so‘mlik mablag‘larni tadbirkorlik rivoji uchun qayta yo‘naltirish imkonini ham cheklamoqda.

Jumladan, 2014-2017-yillar davomida Qarshi va Shahrisabz shaharlarida ko‘p qavatli uy-joylarni qurish uchun pudratchi tashkilotlarga ajratilgan kreditlar bo‘yicha 65 milliard so‘mlik, 127 ta uy-joy mulkdorlari shirkatiga 2014-2018-yillarda ajratilgan kreditlar bo‘yicha 13 milliard 600 million so‘mlikdan ziyod qarzdorlik mavjud.

Ayrim tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan kredit mablag‘larining maqsadli ishlatilishi yuzasidan ta’sirchan nazoratning to‘liq ta’minlanmagani ham qator muammolarni yuzaga keltirmoqda.

Jumladan, chet el texnologiyasi asosida eksportbop achchiq qalampir yetishtirish uchun "Agrobank" tomonidan Mirishkor tumanidagi "BIG AGRO LEGUMES" MCHJga 2018-yilda 85 milliard 997 million so‘m miqdorida kredit ajratilgan. Biroq, achchiq qalampirni quritish, qayta ishlash va qadoqlash maqsadida ajratilgan 14 milliard so‘mlik kredit hisobiga loyiha amalga oshirilmagan, aksincha mablag‘dan maqsadsiz foydalanilgan, oqibatda 85 milliard 997 million so‘mlik kreditdan muddati o‘tgan  qarzdorlik  yuzaga kelgan.

Mazkur bank tomonidan Chiroqchi tumanidagi "Chiroqchi meva-sabzavot tayyorlov" MCHJga 2017-yilda ajratilgan 4 milliard 800 million so‘m kreditdan jamiyat maqsadsiz foydalangan.

Tadbirkorlik subyektlari tomonidan taqdim qilinayotgan investitsiya loyihalarini to‘liq amalga oshirishda ham muammolar mavjud.

Viloyatda faoliyat yuritish istagida bo‘lgan ayrim investorlar o‘z loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlardan doim ham foydalana olmayapti.

Charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan "UZSHOES" mas’uliyati cheklangan jamiyatining loyihasi umumiy qiymati 5,9 million AQSH dollarini tashkil qiladi. Qo‘shma korxona joriy yilning birinchi yarmida 300 ming AQSH dollari miqdorida bank krediti olishda amaliy yordam so‘ragan. Biroq hozirga qadar "O‘zsanoatqurilishbank" tomonidan mazkur masala yechimi bo‘yicha samarali choralar ko‘rilmagan.

"NTCS GROUP" mas’uliyati cheklangan jamiyati esa oltingugurtdan mineral o‘g‘it ishlab chiqarish loyihasini to‘liq amalga oshirish uchun "Qashqadaryoneftgazqurilishinvest" unitar korxonasining 9-vakilligiga qarashli bo‘lgan, hozirda foydalanilmasdan turgan omborxona binosini olishda yordam so‘ragan. Bu masala ham o‘zining mantiqiy yakunini topmagan.

"MIRISHKOR IODINE" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan yod-brom ishlab chiqarish bo‘yicha 18,5 million AQSH dollariga teng loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Mazkur qo‘shma korxona tomonidan Mirishkor tumani hududidagi yod-brom konlarining aniq koordinatlarini aniqlash va qazib olish uchun ruxsat so‘ralgan. Biroq, tegishli tartibda ruxsat berish yoki qonuniy asoslarda uni rad etish bo‘yicha amaliy harakat nihoyasiga yetkazilmagan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining viloyatga tashriflari natijalari bo‘yicha tasdiqlangan dasturlarga kiritilgan ayrim loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirishda ham kamchiliklar mavjud.

63 ta holatda qurilish-montaj ishlari yakunlanmagani sababli loyihalar o‘z vaqtida ishga tushirilmagan.

Tegishli asbob-uskunalar o‘z vaqtida olib kelib o‘rnatilmagani sababli 24 ta loyihani amalga oshirish ishlari kechikmoqda.

20 holatda loyihalar tegishli obyektlarning gaz tarmog‘iga, 19 holatda suv ta’minotiga, 13 ta holatda elektr energiyasi tizimiga ulanmagani sababli to‘liq ishga tushirilmayapti.

16 ta holatda tegishli obyektlarning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishdagi qiyinchiliklar sababli loyihalar amalga oshirilmayapti.

Viloyatda keyingi paytlarda eksport hajmini oshirish bo‘yicha ishlar o‘z samarasini berayotgan bo‘lsa-da, bu borada ham yechimini kutayotgan muammolar mavjud.

Ekcpopt bilan shug‘ulla-nuvchi kopxonalapni tashqi bozop konyunktupacidagi o‘zgapishlap, ictiqbolli bozoplap, paqobatchilap to‘g‘picida olib bopilgan tadqiqotlar natijalapi bilan tanishtipib bopish ishlari talab darajasida yo‘lga qo‘yilmagan.

Tapmoq va hudud ekcpopt calohiyatidan camapali foydalanishni ko‘zda tuta-digan, o‘zapo muvofiq-lashtipilgan chopa-tad-biplap dactupini ishlab chiqish jarayonida asosan xom ashyoga yondashuv ustuvor bo‘lib qolmoqda.

Kichik sanoat zonalaridagi loyihalarni to‘liq ishga tushirish borasida ham ayrim muammolar mavjud.

Muborak tumanidagi kichik sanoat zonasiga ichimlik suvi keltirish uchun viloyat injiniring kompaniyasi tomonidan ajratilishi ko‘zda tutilgan 94 million so‘mdan bor-yo‘g‘i 28 million so‘mi ajratilgan.

Elektr energiyasi ta’minoti bilan bog‘liq ishlarni to‘liq amalga oshirish uchun 60 million so‘m mablag‘ning ajratilmagani ham belgilangan vazifalar ijrosi kechikishiga sabab bo‘lmoqda.

Qarshi tumanidagi kichik sanoat zonasida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash uchun viloyat "Suvoqova" davlat unitar korxonasi tomonidan zarur mablag‘lar o‘z vaqtida ajratilmagan.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda nazorat qiluvchi idoralar tomonidan tadbirkorlik faoliyatiga turli to‘siqlar qo‘yish hollari hamon uchramoqda.

Jumladan, yakka tartibdagi tadbirkorlik subyektlaridan ortiqcha to‘lovlar undirish amaliyoti mavjud.

Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 10-iyuldagi 484-sonli qarori bilan tasdiqlangan Iste’molchilarni elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suv va kanalizatsiya tarmoqlari hamda suv quvurlaridan uzib qo‘yish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 23-bandiga zid ravishda Majburiy ijro byurosining tuman (shahar)lar bo‘limlari tomonidan elektr va gaz tarmoqlaridan ilgari uzib qo‘yilgan yakka tartibdagi tadbirkorlik subyektlarini tarmoqqa qayta ulashda eng kam oylik ish haqining o‘n baravari miqdorida to‘lov undirilmoqda.

Qarshi shahar davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazining joriy yil 15- iyuldagi 778/6-sonli buyrug‘i bilan hududdagi barcha dehqon bozorlarida kremli qandolat, mayonezli salat mahsulotlarini ishlab chiqarish va aholiga sotish taqiqlangan.

Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 7-yanvardagi qarori bilan tasdiqlangan xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlarida esa uy sharoitida milliy shirinliklar, salatlar va tuzlamalar tayyorlash va sotish belgilangan.

Dehqonobod tumani hokimining joriy yil 29-iyundagi farmoyishi asosida Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 28-avgustdagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi bozorlarida savdo faoliyatini tashkil etish qoidalariga zid tarzda "Tursunxon-Bibizulayxo dehqon (oziq-ovqat) bozori" MCHJ faoliyati to‘xtatilgan.

Aksariyat muammolar yechimining qiyin kechishi tuman, shahar darajasidagi mas’ul tuzilmalarning viloyat boshqarmalari bilan, viloyat  boshqarmalarining esa tegishli vazirlik va idoralar bilan o‘zaro munosabatlari talab darajasida yo‘lga qo‘yilmagani bilan bog‘liq.

Sessiyada so‘zga chiqqanlar qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan viloyat tashkilotlarini jalb qilgan holda vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan aniq choralarni belgilab olish hamda ularning o‘z vaqtida ijro etilishi yuzasidan qat’iy nazorat o‘rnatish lozimligini uqtirdilar. Xususan, mas’ul tuzilmalarni jalb qilgan holda faoliyati to‘xtab qolgan tadbirkorlik subyektlarining aniq ro‘yxatini shakllantirib, kelgusida ular ishini qayta yo‘lga qo‘yish yoki qonunchilikda belgilangan tartibda tugatish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi qayd etildi.

Sessiyada ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan xalq deputatlari viloyat Kengashining qarori qabul qilindi.

Islomiddin ABROROV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi