Ta'lim 26.04.2019 42

"CHAROG‘ON YULDUZLARI" 200 NAFAR BOLANI CHORLADI

Xususiy bog‘cha

Mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, sohada xususiy sektorning ulushini oshirish orqali o‘zaro halol raqobatni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari tashkil etayotgan tadbirkorlar uchun bir qator imkoniyat va imtiyozlar yaratib berilayotgani ularning mazkur sohaga qiziqishini yanada oshirgan.

Natija esa mamlakatimizning chekka-chekka hududlarida ham zamonaviy bog‘chalarning ko‘payishi, maktab yoshigacha bo‘lgan bolalarning ta’lim va tarbiyaga qamrab olish ko‘lami oshib borayotganida namoyon bo‘lmoqda. Yaqinda tadbirkor Nodira Jo‘rayeva tashabbusi bilan Chiroqchi tumani markazida "Charog‘on yulduzlari" deb nomlangan yana bir xususiy bog‘cha faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bir paytlar oromgoh bo‘lgan va keyinchalik qarovsiz qolgan bino tadbirkor ixtiyoriga berilgach, qayta ta’mirlanib, zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasasiga aylantirildi.

 - Bog‘chamiz 200 o‘ringa mo‘ljallangan, - deydi muassasa ish yurituvchisi Salomat Tangriqulova. - Faoliyat boshlagan ilk kunlarimizdanoq barcha o‘rinlar to‘lib qoldi. To‘g‘risi, buni ko‘rib hu-dudlarda zamonaviy bog‘chalarga ehtiyoj yuqoriligiga  amin bo‘ldik. Shunga monand  faoliyat ko‘rsatishga, ota-onalar ishonchini oqlashga harakat qilayapmiz. Bog‘cha rus tilini chuqur o‘rgatishga ixtisoslashtirilgan. Shu bois ushbu sohadagi malakali mutaxassislarni jalb etganmiz. Qolaversa, ingliz tili, tasviriy san’at, raqs to‘garaklari ham faoliyat yuritmoqda. Kelgusida yana bir qator  sport va san’atga oid to‘garaklar tashkil etish rejalashtirilgan.

Darhaqiqat, xususiy bog‘chalarning afzallik tomonlaridan biri ham shunda. Tadbirkor, eng avvalo, ishni rivojlantirishni, mijozlar ishonchini qozonishni o‘ylaydi. Ta’lim va tarbiyani sifatli tashkil etishga, yangi imkoniyatlarni ishga solishga harakat qiladi. Bu esa rivojlanishning muhim omilidir.

Jahongir BOYMURODOV

Suratlarda: muassasa faoliyatidan lavhalar.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.