Jamiyat 13.09.2019 44

CHEGARA ORQALI QANCHA ATIR OLIB O‘TISH MUMKIN?

Bojxona nazorati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-fevraldagi "Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarning olib o‘tilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegaralari orqali 3 dona birlikdagi atir va atirsimon suyuqliklar olib kirilishi normalari belgilangan.

Biroq, amaldagi tartib-qoidalarga rioya qilmasdan, o‘z manfaatlari yo‘lida bojxona nazoratidan yashirincha ish tutadigan fuqarolar ham kuzatilmoqda.

Misol uchun, yaqinda "Qarshi aeroporti" chegara bojxona postida "yashil yo‘lak" orqali harakatlangan J.D.ning qo‘l yuklari holislar ishtirokida bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan va og‘zaki savol-javob davomida ma’lum qilinmagan bojxona to‘lovlarisiz olib kirish meyorlaridan ortiqcha miqdordagi umumiy qiymati 5 million 280 ming so‘mlik 72 dona attorlik mahsulotlari mamlakatimizga olib kirilayotgani aniqlandi.

Shuningdek, "Qarshi-Kerki" chegara bojxona posti orqali harakatlangan R.M. tomonidan ham meyordan oshiqcha bo‘lgan 64 quti atirni olib kirishga urinish o‘z vaqtida to‘xtatib qolindi.

Boshqarma axborot xizmatiga ko‘ra, hozirda mazkur holatlar yuzasidan tekshiruv va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

N.XO‘JAYEV