Jarayon 06.09.2019 26

CHEGARA QONUNCHILIGI TARG‘IB QILINDI

Tadbir

Mirishkor tumanining muayyan qismi Turkmaniston Respublikasi bilan chegaradosh. Chegaraning ikki tomonida yashovchi aholi azal-azaldan bir-biri bilan yaqin qo‘shnichilik munosabatlarini o‘rnatib, quda-anda bo‘lib ketishgan. Shu bois tez-tez u davlatdan bu davlat hududiga o‘tib-qaytib turishadi.

Albatta, davlatlarimiz o‘rtasida o‘rnatilgan mustahkam qo‘shnichilik, hamkorlik aloqalari natijasida ikki mamlakat fuqarolarining chegaradan bemalol o‘tib qaytishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. O‘z navbatida, fuqarolar ham chegaradan o‘tishda har ikki mamlakat qonunchiligini hurmat qilgan holda belgilangan tartib-tamoyillarga amal qilishi lozim.

Bu haqda Mirishkor tumanining Turkmaniston chegarasi yaqinida joylashgan Gulshan  qishlog‘ida o‘tkazilgan tadbirda ta’kidlab o‘tildi.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi, DXX chegara qo‘shinlarining viloyatimizda joylashgan harbiy qismi qo‘mondonligi hamda tuman hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda ishtirokchilarga "O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to‘g‘risida"gi Qonun mazmun-mohiyati tushuntirildi.

Shuningdek, O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida o‘rnatilgan hamkorlik, ikki davlat fuqarolarining chegaradan o‘tishi borasidagi tartibning soddalashtirilgani, ayni paytda bu jarayonda qanday hujjatlar talab etilishi, nimalarga amal qilish lozimligi haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

J.BOYMURODOV

Suratda: tadbirdan lavha.