So'nggi yangiliklar 02.05.2019 120

CHEGARACHI YOSHLAR YETAKCHILARINING FORUMI

Qarshi shahar Madaniyat va aholi dam olish markazida Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) chegara qo‘shinlari harbiy qismlaridagi yoshlar yetakchilarining 1-forumi o‘tkazildi.

Unda DXX chegara qo‘shinlari harbiy qismlar qo‘mondonligi, JG‘MHO faxriylar kengashi, “Yosh chegarachilar” klubi a’zolari, Yoshlar ittifoqi  viloyat kengashi faollari hamda boshqa davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Forumda yurtimiz tinchligi, xalqimizning farovon hayotini ta’minlashda harbiy xizmatning o‘rni, bu kasb sohiblarining mashaqqatli, mas’uliyatli va sharafli mehnati, shu bilan bir qatorda, hukumatimiz tomonidan harbiy xizmatchilarga qaratilayotgan e’tibor, yaratib berilayotgan shart-sharoitlar haqida so‘z yuritildi.

- Ma’lumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 17 noyabrdagi xamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 23 fevraldagi qarorlarida Qurolli Kuchlar tizimida Yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkilotlari faoliyatini joriy qilish orqali yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida qator chora-tadbirlar belgilangan, - deydi DXX chegara qo‘shinlari ofitseri, mayor Aybek Dauletmuratov. –  Bugungi forumda bu borada olib borilgan ishlar, erishilgan natijalar tahlil etildi, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar rejalashtirib olindi.

Qarshi ixtisoslashtirilgan san’at maktabi o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari, vatanni tinchlikni madh etuvchi she’r va qo‘shiqlar   tadbirga yanada shukuh bag‘ishladi.

Kun bo‘yi davom etgan forum ishtirokchilarning O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali poyiga gullar quyishi va Qarshi shahridagi “Vatanparvarlar bog‘i”ni sayr qilishi bilan yakunlandi.

J.BOYMURODOV

Muallif olgan suratlar