So'nggi yangiliklar 24.09.2019 34

CHEGARACHILARGA YANGI UYLAR XONADONLARI TOPSHIRILDI

Tadbir

Katta leytenant O‘ktam Nazarov Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchisi. O‘qishni tamomlagach, mana,qariyb besh yildan buyon yurtimiz sarhadlari daxlsizligini ta’minlashdek mas’uliyatli ishga munosib hissa qo‘shib kelayapti. Asli surxondaryolik bo‘lgan bu yigit ayni paytda Shahrisabzdagi harbiy qismda xizmat o‘tayapti. Oila a’zolari yonida, birgina noqulaylik tomoni, ular bilan ijara uyda yashab kelayotgandi.

Hududda Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari uchun qurilgan ikkita ikki qavatli uyning 40 ta xonadonidan biri unga topshirilishi esa nafaqat yosh ofitserni, balki butun oila a’zolarini mamnun etdi.

Kuni kecha bo‘lib o‘tgan yangi uylar xonadonlarini o‘z egalariga topshirish marosimi haqiqiy bayramga aylanib ketdi. Unda mahalliy hokimlik vakillari, harbiylar va ularning oila a’zolari, soha faxriylari va keng jamoatchilik ishtirok etdi.   

- Harbiy xizmatchining oilasidan ko‘ngli to‘q bo‘lsa, bor e’tibori ishda bo‘ladi, zimmasidagi mas’uliyatli vazifani astoydil bajarishga qaratiladi, - deydi O‘ktam Nazarov. - Yangi uy xonadonlariga ko‘chib o‘tishimiz bizning ana shu masaladagi xotirjamligimizni oshirdi. Ularda barcha zarur sharoitlar muhayyo qilingan.

Darhaqiqat, uylarni loyihalashda barcha jihatlar zarur e’tiborga olingan bo‘lib, ular yonida xonadon egalarining dam olishi, bolajonlarning o‘ynashi uchun mo‘jaz maydonchalar ham barpo etilgan, har xil attraksionlar o‘rnatilgan.

Sobir NARZIYEV

Muallif olgan suratlar.