Ta'lim 27.08.2019 39

CHEKKA QISHLOQDA ZAMONAVIY BOG‘CHA OCHILDI

Maktabgacha ta’lim

Mirishkor tumanining chekka Ayzobod qishlog‘ida ochilgan "Umid g‘unchalari" xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi nafaqat mazkur aholi punktidagi,  balki unga qo‘shni bo‘lgan yana uch mahalla bolalari uchun ham  quvonch ulashgan birinchi va yagona bog‘cha bo‘ldi.

Bunga qadar ushbu hududlarda yashovchi ota-onalarda farzandini bog‘chaga qo‘yish uchun ehtiyoj bor, ammo yon-atrofda biror muassasa yo‘q edi. Tadbirkor Sunnatulla Tursunovning aytishicha, qishloq ahlini qiynab kelayotgan shu muammo hamda hukumatimiz tomonidan maktabgacha ta’lim tizimida xususiy sektor faoliyatini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor, berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar uni bog‘cha ochishga undagan.

- Loyihani amalga oshirish uchun 1 milliard so‘m miqdoridagi imtiyozli kredit olish maqsadida tijorat bankiga murojaat etgan edim, - deydi u. - Biznes-rejam bank tomonidan ma’qullanib, birinchi bosqichda 540 million so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi. Unga o‘z sarmoyamni ham qo‘shib, mana shu binoni qurib bitkazdik va zamonaviy tipda jihozladik. Endi ikkinchi bosqichda yana 460 million so‘m kredit mablag‘ini olib, zamonaviy suzish havzasini qurish, suv tizimlarini ishga tushirishni rejalashtirganmiz.

Muassasa binosi avval-boshdanoq bog‘cha uchun mo‘ljallab qurilgan. Shu bois bu yerdagi har bir detal, har bir jihoz beixtiyor bolalikning rangin damlarini yodga soladi.

- Bog‘chamiz 80 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, ish boshlagan ilk kunlarimizdanoq to‘ldi, - deydi muassasa mudirasi Guljahon Eminova. - Demakki, qishloq ahli farzandining zamonaviy muassasada ta’lim va tarbiya olishini, xorijiy tillarni o‘rganishini, san’at va sportga qiziqishlari shakllanishini istashadi. Shunday ekan, bu jihat bizga yanada mas’uliyat yuklashi shubhasiz. Hozir faoliyatga malakali mutaxassislarni jalb etganmiz. Tarbiyalanuvchilarga ingliz va rus tillarini puxta o‘rgatishga harakat qilayapmiz. Badiiy gimnastika va sport to‘garaklarini yo‘lga qo‘ydik.

Darhaqiqat, xususiy bog‘chaning afzallik tomoni ham shunda. Bu yerda tadbirkor eng avvalo ishni rivojlantirishni, mijozlar ishonchini qozonishni o‘ylaydi. Ta’lim va tarbiyani sifatli tashkil etishga, yangi imkoniyatlarni ishga solishga harakat qiladi. Bundan avvalo uning o‘ziga naf, qolaversa farzandi kelajagiga ko‘z tikkan ota-onalar uchun ham g‘oyat manfaatli.

Jahongir BOYMURODOV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.