Tibbiyot 27.09.2019 29

CHEKKA QISHLOQDA ZAMONAVIY SHIFO MASKANI

Bunyodkorlik

Mamlakatimizda zamonaviy shifo maskanlarini qurish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va pirovard natijada aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash borasida keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Yaqinda Dehqonobod tumanining Chuchuquduq qishlog‘ida qishloq vrachlik punktining yangi binosi foydalanishga topshirilishi ham bu boradagi ishlarning yorqin namunasi bo‘ldi.

- Bunga qadar qishloq vrachlik punktimiz 1980-yili bog‘cha binosi sifatida qurilgan hamda 2001-yilda tibbiy xizmat ko‘rsatishga moslashtirilgan binoda faoliyat yuritib kelayotgan edi, - deydi muassasa mudiri Choriyor Malikov. - Tabiiyki, bino eski, isitish, sovutish muammo, shart-sharoitlar yetarli emasdi. Bu ishimizning sifatiga ham salbiy ta’sir etardi, albatta. Shu bois, joriy yilda tegishli dasturga asosan 1,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga muassasamiz uchun yangi binoning qurib foydalanishga topshirilishi qishloq ahli uchun juda quvonarli bo‘ldi. Endi xonalarimiz yorug‘ va shinam, kerakli mebel jihozlari bilan ta’minlangan. Isitish tizimlari mavjud, issiq suv, sovuq suv bor. Hovlida ham keng qamrovli obodonlashtirish ishlari olib borildi. Bu yerga kelgan kishining  dili yayrashi tayin.

50 qatnovga mo‘ljallangan mazkur muassasa hududdagi qariyb 5 ming nafar aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi.

J.BOYMURODOV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.