Iqtisodiyot 16.07.2019 136

CHORVADOR AHOLI HAM, ISHLAB CHIQARUVCHI HAM MANFAATDOR

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan 2018-yil davomida viloyatimizda 1 million 116 ming 300 tonna sut ishlab chiqarilgan. Buning 97,4 foizi shaxsiy yordamchi xo‘jaliklar, ya’ni aholi hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ko‘rinadiki, hudud aholisida chorva mahsulotlari yetishtirish borasida juda katta salohiyat mavjud. Ammo odamlar bu ishning ha-qiqiy daromadini his qilish uchun mahsulotga talab ham yuqori bo‘lishi lozim.

Misol uchun, chorvachilik bilan shug‘ullanayotgan aholi vakillari uzoq yillar davomida molni asosan go‘shtga boqishgani, sut va sut mahsulotlari ortidan daromad olishga esa qiziqish bo‘lmagani sir emas. Sababi, sutni qayta ishlash kam kuzatilgan, xomashyoga talab ham shunga mos bo‘lgan. Bugun esa aksincha...

G‘uzor tumanida faoliyat yuritayotgan "Fauna klass" mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati sutni qayta ishlashga ixtisoslashgan.

- Zamonaviy texnologiyalar asosida kefir, qaymoq, sariyog‘, pishloq, pishloq qalamchalari va shu kabi 10 turga yaqin mahsulotlar tayyorlaymiz, - deydi korxona ish yurituvchisi Rahim To‘rayev. - Mahsulotning bir qismini shartnoma asosida hududdagi korxona va tashkilotlarga yetkazib bersak, bir qismi ichki bozor orqali sotiladi. Har kuni talabga qarab 400 litrdan 1 tonnaga qadar sutni qayta ishlaymiz.

Korxona mas’ulining ta’kidlashicha, bir necha ishchi har kuni erta tongdan tumanning turli qishloq va mahallalariga borib, aholidan sut sotib oladi va shu sexga keltirib topshiradi. Bundan aholi ham manfaat ko‘rayapti, korxona ham.

Jahongir  BOYMURODOV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.