Qishloq xo'jaligi 23.08.2019 28

DALADAN DASTURXONGACHA...

Yarmarka

Yaqindagina musulmon olamining eng yirik bayramlaridan biri - Qurbon hayitini keng nishonladik. Mana, yana bir ulug‘ ayyom - mamlakatimiz mustaqilligining 28 yilligi shodiyonalari tobora yaqinlashib kelmoqda.

Albatta, mehmondo‘stlikni, saxiylik va ochiqqo‘llikni o‘zgacha qadrlaydigan o‘zbek xonadonlarida hech bir bayram chiroyli dasturxon bezatishlarsiz bo‘lmaydi. Natijada bayramlar arafasida har bir oilada oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talab odatdagidan biroz oshadi. Bu esa bozorlarda narxlar tebranishiga olib kelishi mumkin. Shundan kelib chiqqan holda, har yili mamlakatimizdagi dehqon bozorlari va yirik savdo rastalarida turli bayramlar oldidan arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari o‘tkazilishi an’ana tusini olgan.

Ayni paytda viloyatimizda ham "Daladan  dasturxongacha" shiori ostida oziq-ovqat mahsulotlarining arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari tashkil etilib, bozor va savdo rastalarida dehqonlarning vositachisiz, o‘zlari mahsulotlarini sotishlariga shart-sharoit yaratilayapti.

Ta’kidlash joiz, aksar dehqon bozorlaridagi savdo  rastalarini asosan olib sotarlar egallab, ular dehqondan olgan mahsulotini qariyb ikki barobar qimmatiga pullashadi. Asl dehqonlarning o‘zlari mahsulotlarini sotishsa, bozor narx-navosi qimmatlashib ketmasligi, mo‘tadil va hamyonbop bo‘lishi esa kunday ravshan.

Shu maqsadda "Daladan dasturxongacha" savdo yarmarkalariga mahsulot yetishtiruvchilarning o‘zlari taklif etilib, ularning bozorlarda ajratilgan nuqtalarda bemalol savdo qilishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilmoqda.

Masalan, Chiroqchi tumani Ko‘kdala qishlog‘ida yashovchi Shohjahon Hamroyev oila a’zolari bilan birgalikda har yili ko‘p miqdorda kartoshka yetishtiradi. Unga Qarshi shahridagi markaziy dehqon bozoridan rasta ajratilib, o‘zi istagan barcha qulayliklar yaratib berildi. Endi u mahsulotini shu yerda chakana usulda sotmoqda. Narx dehqonga ham, iste’molchiga ham ma’qul.

Umuman olganda, birgina Qarshi shahridagi markaziy dehqon bozorida narxlarning oshib ketmasligi uchun  qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi 23 ta fermer xo‘jaligi, 4 ta parrandachilik hamda go‘sht yetishtiruvchi tadbirkorlik subyektlari bilan shartnomalar  tuzilgan. Ular o‘z mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri bozorga keltirib sotmoqda. Natijada, rastalarda oziq-ovqat mahsulotlarining mo‘l-ko‘lligi ta’minlanayapti.

Xuddi shuningdek, viloyatdagi barcha yirik bozorlar hamda turg‘un savdo nuqtalarida "Daladan dasturxongacha" shiori ostida oziq-ovqat mahsulotlarining arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari o‘tkazilmoqda.

Ayni paytda Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining viloyat boshqarmasi, shahar va tuman bo‘limlari tomonidan xilma- xil, sara mevalar, qovun-tarvuzlar, sabzavotlar, go‘sht, sut, qatiq, qaymoq, tuxum kabi parrandachilik va chorvachilik mahsulotlari qo‘ldan-qo‘lga o‘tmasdan, savdo nuqtalarida bevosita yetishtiruvchi va ishlab chiqaruvchilarning o‘zlari tomonidan sotilishini ta’minlash, narxlar asossiz oshishiga yo‘l qo‘ymaslik borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

To‘lqin QURBONOV,

departamentning viloyat boshqarmasi katta inspektori