Jarayon 09.05.2019 34

DEHQONOBODDA "XOTIRA XIYOBONI" MAJMUASI OCHILDI

Ajdodlarni xotirlash - muqaddas qadriyat

Dehqonobod tumani markazida Motamsaro ona haykali, Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan dehqonobodlik askarlarning nomlari bitilgan Xotira kitobini o‘z ichiga olgan "Xotira xiyoboni" majmuasi ochildi.

Tantanali marosimda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat faxriylari, viloyat hamda tuman hokimliklari, Dehqonobod kaliy zavodi, xalq deputatlari viloyat kengashidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi deputatlik guruhi va jamoatchilik vakillari Motamsaro ona haykali poyiga gulchambarlar qo‘yib, urush qurbonlari xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.

Qo‘qon, Shahrisabz va toshkentlik ustalar tomonidan sharqona me’morchilik an’analari uslubida tuman hokimligi, Dehqonobod kaliy zavodi homiyligida barpo qilingan majmuada 1 milliard 23 million so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Dehqonoboddan 2767 kishi urushga ketib, ularning 2119 nafari halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan, 648 jangchi omon qaytgan. Hozir ularning 5 nafari, xususan, otqamarlik 95 yoshli Abdulhakim Jabborov, chilgazlik 98 yoshli Sadat Azizov, Torqopchig‘ay qishlog‘idan 97 yoshli Jo‘ra Shokirov, 93 yoshni qarshilagan Juma Ibragimov, Qorashinada yashovchi 93 yoshli Inat Sharipov umrguzaronlik qilmoqda. "Xotira xiyoboni" majmuasi esa urushdan qaytmagan dehqonobodlik jangchilar nomini abadiylashtirish maqsadida barpo qilindi.

Tadbirda ishtirok etgan viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev ushbu xiyobon oldida 3 milliard so‘m mablag‘ evaziga amfiteatr ham qurilishi rejalashtirilganini ma’lum qildi.

- Bobom Husan Xushmurodov 1942-yilda urushga ketib, so‘ng qaytmagan, - deydi Bo‘ston mahallasilik Sodiq Jonimqulov. - Bugun uning nomini Xotira kitobidan topib, juda hayajonlandim, qahramonlar unutilmasligiga yana bir bor amin bo‘ldim. Bobom kabi kishilar tinch yashashimiz uchun jonlarini qurbon qilishgan. Bu yerga hamma, ayniqsa yoshlar tez-tez kelib turishi, chinakam qahramonlarni bilishlari zarur.

Tadbirda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan pul mukofoti va esdalik sovg‘alar topshirildi. Urush va g‘alaba kunlarini aks ettiruvchi teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, harbiy orkestr, voha san’atkorlari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar barchaga yanada ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

N.XO‘JAYEV