Ma'naviyat 25.12.2018 153

DENGIZ BO‘YIDA

Hikoya

DENGIZ BO‘YIDA

Qrimga to‘ydan keyingi sayohatga kelgan yosh juftlik Sevastopoldan Yaltaga olib boradigan ulov kutishardi, u yerda ular ikki hafta dam olishni rejalashtirishgan edi. Yoshlar bor-yo‘g‘i olti oydan beri tanish bo‘lib, hayotiga kirib kelgan yangi o‘zgarishlarga hali uncha ko‘nikishmagan, har bir erka intilish esa ularga ko‘p narsalarni hadya etardi. Tiniq va ochiq havoda xuddi yorqin fotosuratdagidek vokzalning bahaybat binosi, noodatiy sershox janub daraxtlari ko‘zga tashlanardi.

Olya oxirgi kunlarda nihoyatda ko‘tarinki kayfiyatda edi. Uning o‘ylashicha, to‘ydan keyingi hayot umuman boshqacha bo‘lishi kerak, tasavvurida bu hayot faqat zavqu shavqdan iborat, ammo shu bilan birga o‘ta muhim va qat’iyatli edi. Kichkina bolalarni ko‘rganda mehri qo‘zg‘ar, u har bir bola qiyofasida Maksimni ko‘rayotgandek bo‘lar, go‘yoki o‘zi ham yosh bolaga aylanib qolgandek. Olyaga Maksimning bosiq va jiddiyligi yoqardi, bir vaqtning o‘zida bu unga quvonch ulashardi, ayniqsa, bugun ertalab Maksimning o‘zi unga bolalar kajavasini ko‘rsata turib o‘tkir tovushiga muloyim va mayin urg‘u berdi-da: "Qara, qizaloq", dedi.

Ular bekatda bir-birlaridan ozgina uzoqlikda turishar, negaki, havo haddan ziyod issiq va bir-birlarining qaynoq tanasidan taralayotgan issiqlik ham ular uchun ortiqcha edi go‘yo. Olya toliqdi. Butun kun davomida ular Sevastopol bo‘ylab yurishdi. Maksim borishlari mumkin bo‘lgan manzillarning xaritasini miyasida pishitib qo‘ygan edi, shundan bo‘lsa kerak, ular diqqatga sazovor joylarning barini ko‘rishga ulgurishdi, shu bois ham Olya Maksimdan minnatdor bo‘ldi. Bundan buyon nima qilish, qayerga borish kerakligi to‘g‘risida faqat Maksim o‘ylab, qaror chiqarayotgani Olyaga ma’qul keldi. Uning baribir tezroq marshrutkaga o‘tirgisi, yolg‘iz qolib, butun o‘y-xayollarini tahlil qilgancha, fikrlarini aniqlashtirib olgisi keldi.

Marshrutka ichini benzin hidi tutib ketgandi. Olya boshini oynaga tekkizdi va shu zahoti oynaning asabiy zirillashini his qildi. Maksim u bilan yonma-yon o‘tirar, xuddi rafiqasi yonida ekanligiga ishonch hosil qilmoqchidek, tez-tez unga qarab qo‘yardi. Atrofdagi odamlar boshlarini egganlaricha, jaziramaga chidab borishardi. Oxirgi o‘rindiqlarda o‘tirgan kavkazlik uch o‘smir baland va mast ovozda so‘kinib borishardi.

Ularning dastidan Olya noqulay ahvolda qoldi, allaqanday yengil tashvish xayollariga butkul ko‘milishga xalaqit berardi, ammo sekin-asta orzular girdobi uni o‘z og‘ushiga torta boshladi. Axir, insonning ichki olami tinch va osuda bo‘lsa, tashqi dunyo kishini chalg‘ita olarmidi? Olya kun botib, kech tushishini, sevgilisi bilan plyajga borishlarini, yoqimli dengiz suvining iliq haroratini his qilishlarini orziqib xayolidan o‘tkazardi.

To‘satdan kimdir uning qo‘lini turtib yubordi va Olya cho‘chib tushdi.

- O‘zingizni tutsangiz bo‘lmaydimi? - degan kimningdir baland ovozini eshitdi, so‘ng birdan Maksimning o‘rnidan turib ketishi va lablari titragani uni hayron qoldirdi.

Kavkazliklardan birining og‘zidan buruqsab aroq hidi kelib turardi.

- Xotinimning yonida so‘kinishni bas qiling, - nafrat bilan qichqirdi unga qarab Maksim. Olya eriga ajablanib qaradi, u hech qachon Maksimning bu qadar qattiq ovozda baqirganini eshitmagandi, shuning uchun qo‘rquvdan o‘rindiqqa yopishib qolganday bo‘ldi.

Erkaklardan kimdir Maksimning yonini oldi. Oldinda o‘tirgan keksaroq ayol ham uni qo‘llab-quvvatladi. Ammo endi erining g‘ayritabiiy va ayni damda begona ovozidan boshqa narsa Olyaning qulog‘iga kirmas edi.

Nihoyat, haydovchi mashinani to‘xtatib, bunday shovqin bo‘laversa, joyidan siljimasligini aytdi. Kavkazlik yoshlar jim bo‘lishdi, faqat ora-sira ularning norozi pichirlashlari eshitilardi. Butkul jimlik cho‘kkandan keyingina mashinaning shovqin bilan joyidan jilgani eshitildi va tutun hidi dimoqqa urildi. Maksim o‘rniga o‘tirarkan, ko‘ngli joyiga tushib, xotinini quchdi:

- Bunaqalarni shu yo‘sinda tarbiyalash kerak.

Erining quchishidan Olya isib ketib, yon tomonga o‘girilib oldi. O‘zini bo‘g‘ilib ketayotgandek his qildi. Go‘yoki uni mana shu biqiq joyga qamab qo‘yishganu, endi va hech qachon ozodlikka chiqolmaydigandek tuyuldi unga. U erining fe’l-atvoridan mutlaqo bexabar ekanini o‘ylab, siqildi, xuddi chuqur quduqqa bemaqsad tikilib turganday his qildi o‘zini. Vaqt juda sekin o‘tardi, qiz esa asta-sekinlik bilan ma’nosiz va shuursiz holda qotib qolayotgandek edi go‘yo.

Yaltaga ular kechga yaqin yetib kelishdi. Marshrutka plyaj yaqinidagi yo‘l chekkasida to‘xtadi. Maksim juda shoshilardi, chunki qorong‘i tushguniga qadar u tunash uchun mos joy topishi kerak edi, biroq Olya uni eshitmasdi. Uning qulog‘i shang‘illar, go‘yoki quloqlari ostida oynalar zirillayotgandek bo‘lardi. Ular plyaj yoqalab ketishdi. Atrofda rang-barang soyabonlar, yengil o‘rindiqlar, qumli qirg‘oqda beg‘am-betashvish yastanib olgan odamlar ko‘zga tashlanardi. Kabob va tutun hidi dimoqqa urilardi.

Olya bo‘lsa ayni damda noma’lum shaharda, uyidan yuzlab chaqirim olisda, o‘zi hali durustroq tanishga ulgurmagan, deyarli begona bo‘lgan odam bilan yolg‘iz qolganini o‘ylab, qo‘rqib ketdi. U parishonxotirlik bilan atrofga alanglar va mudroq holda indamay erining izidan borardi. Uning kelajak hayoti xuddi mana shu, ro‘parada yastanib yotgan vahimali kechki dengiz misoli poyonsiz bir bo‘shliqday ko‘rindi.

Andrey TIMOFEYEV

Rus tilidan Azizbek NOROV tarjimasi