Tibbiyot 02.07.2019 150

DIAREYADAN EHTIYOT BO‘LING!

Do‘xtir ogohlantiradi

Yozning issiq kunlarida ho‘l mevalar va salqin ichimliklarga ehtiyoj ortadi. Ularni iste’mol qilish yoqimli bo‘lishi bilan birga, o‘ta ehtiyotkorlikni ham talab qiladi. Ayniqsa, bolalarda noto‘g‘ri ovqatlanish tufayli ichburug‘ (diareya) kasalligi tez-tez uchraydi.

Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, jahonda diareya bilan kechadigan kasalliklardan har yili 5 million nafar bola vafot etadi. Bu kasallik go‘dak yangi tug‘ilgan davrda va 3 yoshgacha bo‘lgan paytda ayniqsa xavfli.

Diareya kasalligining asosiy sabablari, turlari, alomatlari va   davolash usullari haqida viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasining bolalarda o‘tkir ichak kasalliklari bo‘limi boshlig‘i Suhrob QARSHIYEV quyidagilarni so‘zlab berdi:

- Ichburug‘ (diareya) xalq orasida ich og‘rig‘i, ich ketishi nomlari bilan ataladigan xastalik bo‘lib, ichak yo‘llarining funksional buzilishini  keltirib chiqaradi.  Bu kasallikka kamqonlik, raxit, yod tanqisligi alomatlari bor bolalarda moyillik ko‘proq bo‘ladi. Ko‘p hollarda ichburug‘ ovqatdan zaharlanish, shuningdek, xatarli patalogiyalar, misol uchun, surunkali gepatit, pankreatit va boshqa infeksion yallig‘lanish kasalliklarining alomati bo‘lishi mumkin.

Ichaklarning normal faoliyati buzilganda ovqat hazm qilish jarayoni tezlashadi. To‘liq parchalanmagan ovqat qoldiqlari ichaklarga tushadi, achish jarayoni vujudga keladi hamda suyuq axlat chiqishi tezlashadi.

Yengil shakldagi ichburug‘ aslida ko‘p xatarli emas va dori-darmon qo‘llanganda tezda muammo hal bo‘ladi. Organizmning muhim hayotiy ahamiyatga ega mikroelementlar va ich ketishining doimiy hamrohi - suvsizlanish salomatlikka jiddiy xavf soladi. Shuning uchun uy sharoitida ich ketish mahali nimalar qilish kerakligi, dori qutisida qanday dori vositalari bo‘lishi va kelajakda mazkur holatning oldini olish uchun qo‘llanajak tadbirlardan xabardor bo‘lish lozim.

Ba’zan virus yuqtirgan kishi 3-4 kun  holsiz, ishtahasiz yuradi, bu paytda kasallikning yashirin davri kechadi. Ko‘p hollarda esa kasallik keskin boshlanadi. YA’ni tana harorati to‘satdan 38-39 darajagacha ko‘tariladi va 1-2 kun davomida tushmaydi. Dastlab bu belgilarga oddiy tumov va tomoq og‘rig‘i deb qaraladi. Ba’zi shifokorlar bu holni nafas yo‘llari kasalligi, bunga isitma ham qo‘shilsa, gripp deb xato tashxis qo‘yishadi. Ushbu virus oshqozon-ichak yo‘lida tarqalib, asta-sekin ovqat hazm qilish fermentlarini ishdan chiqaradi. Ko‘ngil aynishi, ich ketishi va qayt qilish boshlangach, bolaning ahvoli og‘irlashadi. Bemorda kun davomida 15 marta va undan ortiq ich ketishi ro‘y berganda, bir sutkada 1 litrdan ko‘proq suyuqlik yo‘qotishi mumkin. Bu hol davom etaversa, tanadagi suvsizlanish ham ortib boraveradi va bu bemor hayotini xavf ostida qoldiradi.

Ichburug‘ o‘tkir va surunkali bo‘ladi. Birinchi holatda ich buzilishi bir marta ro‘y berib, bir necha kun yoki ikki haftagacha davom etishi mumkin. Viruslar, bakteriyalar, ovqatdan zaharlanish yoki allergiya unga sabab bo‘ladi. Tegishli parhez va ich ketishga qarshi vositalar yordam beradi.

Surunkali ich buzilishi esa uzoq hamda ozroq muddatli qaytalanishlar davom etishi bilan xarakterlanadi. Ichburug‘ bir oy, ba’zan o‘tkazib yuborilganda esa yillab davom etadi. Odatda bunga oshqozon-ichak yo‘llarining jiddiy xastaliklari sabab bo‘lib, uni mutaxassislargina aniqlashi va tegishli muolajalar tavsiya qilishi mumkin.

Ichburug‘ni davolashda o‘ta ehtiyotkorlik talab etiladi. Agar kasallik davrida bemorning ko‘ngli ayniyotgan bo‘lsa, buni organizmning toksinlardan tabiiy ravishda xalos bo‘lishga intilishi, deyish mumkin. Ich ketish va qayt qilish mahali organizm suvsizlanib qolishining oldini olish lozim. Bunday paytda  tabiiy sabzavot sharbatlari, gazlanmagan, tindirilgan suv ichiriladi. Tana harorati yuqori bo‘lganda esa isitmani tushiruvchi dorilar tavsiya qilinadi.

Agar farzandingizning terisi quruqlashganini sezsangiz, u bosh og‘rig‘i, aylanishidan shikoyat qilsa, og‘zi quruqlashsa, kuchli chanqasa, bu organizmining suvsizlashgani alomatlari. Yo‘qotilgan suyuqlik o‘rnini to‘ldirishga harakat qiling, ya’ni bemorga imkon qadar ko‘proq suyuqlik ichirish lozim. Og‘ir bo‘lmagan hollarda gazsiz suv berish mumkin. Eng muhimi, bolani 6 oylik bo‘lgunga qadar faqat ona suti bilan parvarish qilish kerak. Unda bola uchun zarur oziq moddalar va himoya omillari mavjud bo‘lib, bolaning baquvvat o‘sishiga yordam beradi. Ona suti go‘dak uchun infeksiyalardan himoyalab, diareyaning oldini olishda ajoyib vosita.

Aksincha, ko‘krak suti bilan oziqlanmaydigan bolalarda rotavirus infeksiyasini yuqtirish xavfi ancha yuqori bo‘ladi.

Bir so‘z bilan aytganda, diareya xavfini nazar-pisand qilmaslikning oqibati yaxshi emas. Shunday ekan, diareya va boshqa shu kabi yuqumli kasalliklardan himoyalanishning eng muhim va oson yo‘li tozalikka rioya qilish, hushyorlik va ehtiyotkorlik ekanligini yodimizdan chiqarmaylik.

SH.BOZOROVA yozib oldi.