Jamiyat 29.03.2019 143

DIKTOFONSIZ O‘TADIGAN MATBUOT ANJUMANLARI

Nuqtai nazar

DIKTOFONSIZ O‘TADIGAN MATBUOT ANJUMANLARI

jurnalistga nima beradi?

Shunday holatga deyarli barcha ommaviy axborot vositalari xodimlari duch kelgan: nufuzli idoralardan matbuot anjumaniga deb chaqirishadiyu, u yerda hozir bo‘lsangiz, telefon, diktofon va fleshka olib kirish mumkin emasligini aytishadi.

Qiziq va g‘alati holat. Aslida Konstitutsiyamizning 67-moddasida "Ommaviy axborot vositalari erkindir", deb aniq ko‘rsatib qo‘yilgan. Xo‘sh, jurnalistni axborot olish imkonini beradigan asosiy "qurol"idan mahrum qilib, uni erkin hisoblash nechog‘lik mantiqdan?

Bu borada asosiy tortishuv binoni qo‘riqlash chekiga tushgan ichki ishlar xodimlari bilan kechadi. Ular OAV haqidagi qonunlarni bilishmaydi, shu sabab "mumkin emas"dan nariga o‘tolmaydi, idora matbuot xizmati xodimlarining "melisa"larga gapi o‘tmaydi, jurnalist esa diktofonsiz tadbirga kirish qurolsiz jangga kirishday gap ekanini tushuntirolmay halak bo‘ladi.

To‘g‘ri, boshqa ishtirokchilarga aloqa vositalaridan foydalanish cheklanishi kerak, ortiqcha shovqin har qanday tadbirga xalaqit beradi, biroq OAV xodimi asosiy ish qurolisiz kirib, qanday axborotga ega bo‘ladi va boshqalarga nimani taqdim qiladi?!

Balki bunga sohaga doir qonunlarda imtiyozdan ko‘ra talab, majburiyatning ko‘pligi, jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun aynan qanday javobgarlik belgilangani mavhumligi sababdir. Jurnalistga to‘sqinlik qilganlik, uni zarur axborot bilan ta’minlamaslik, diktofonsiz ishlashni talab qilganga, xizmat guvohnomasi bo‘la turib, faoliyat olib borishiga to‘sqinlik qilganga, OAV so‘roviga o‘z vaqtida javob bermaganga va hokazolarga qanday chora ko‘rilishi aniq ko‘rsatilmagani uchun ma’ni-mantiqsiz talablar qo‘yilar?

Qolaversa, hali-hamon ko‘p rahbarlarning ishida kami ko‘p, "qurollangan" jurnalistni tadbirga kiritib, og‘rimagan boshini og‘ritishni istamaydi. Qolaversa, ayrim rahbarlarning tug‘ma "og‘zi shaloq"ki, telefon yo diktofon deyishsa, uchib tushadi. O‘ziga o‘xshaganlar butun dunyoga "mashhur" bo‘lib ketganini biladi-da.

Lekin buning oxiri bo‘lishi kerak. Qachongacha o‘zidan qo‘rqadigan turli rahbarlaru, sohani mutlaqo tushunmaydigan "melisa"larning iltifotiga ko‘z tikib yurish mumkin? Axir jurnalistning erkinligi Asosiy qonunda ko‘rsatilgan, qachon u qog‘ozdan amalga ko‘chadi?

N.XO‘JAYEV