Tibbiyot 26.04.2019 16

DILFUZA NOSIROVA -

Ko‘rik-tanlov

DILFUZA NOSIROVA -

"Hamshira - 2019" ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi g‘olibi

Qarshi tibbiyot kollejida "Hamshira-2019" ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi  bo‘lib o‘tdi.

Aholining reproduktiv salomatligini saqlash, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini  targ‘ib  etish, hamshiralarning bilim darajasi va ijtimoiy faolligini yanada oshirish maqsadida har yili o‘tkazib kelinayotgan ko‘rik-tanlovning saralash bosqichida 21 nafar o‘rta tibbiyot xodimi 5 ta shart bo‘yicha bellashdi.

- Hamshiralik ishi keng qamrovli jarayon bo‘lib, tibbiyotning biror yo‘nalishini bu mutaxassis faoliyatisiz tasavvur etib bo‘lmaydi, - deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh hamshirasi Yelena Parembo. - Ayniqsa, shoshilinch tibbiy xizmat, reanimatsiya, operatsiya bloklarida malakali hamshiraning bilim, mahorati, tajribasi, o‘z kasbiga sadoqati bemorni sog‘lom hayotga qaytarishda muhim omildir. Viloyatimizda faoliyat olib borayotgan 34 ming nafarga yaqin sharafli va mas’uliyatli kasb sohibalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.  "Hamshira-2019" tanlovi shunday muhim loyihalardan biri.

Tanlovda sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar mohiyati hamda unda hamshiralarning o‘rni va vazifasi bo‘yicha nazariy bilimlar ham sinovdan o‘tkazildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, birinchi o‘rinni Kitob tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi hamshirasi Dilfuza Nosirova, ikkinchi o‘rinni Yakkabog‘ tumani tibbiyot birlashmasi tug‘ruqxona bo‘limi doyasi Gullola Toshpo‘latova va uchinchi o‘rinni Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qashqadaryo filiali ximiya terapiya bo‘limi navbatchi hamshirasi Dilnoza Ahmedova qo‘lga kiritdi.

-  Tanlov men uchun juda ahamiyatli bo‘ldi, - deydi Dilfuza Nosirova. - Endi yanada yaxshi tayyorlanib, respublika bosqichida ham eng yuqori natijaga erishish uchun astoydil harakat qilaman.

Tadbir so‘ngida ko‘rik-tanlovning barcha ishtirokchilariga viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi va O‘zbekiston hamshiralar assotsiatsiyasi viloyat bo‘limlarining esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shohista BOZOROVA

S.NARZIYEV olgan surat.