Madaniyat 06.10.2018 162

DO‘MBIRASIN BULBUL MONAND SAYRATIB...

Qashqadaryo baxshilari

DO‘MBIRASIN BULBUL MONAND SAYRATIB...

Qashqadaryo vohasi nafaqat dunyo tanigan allomalar, qalam ahllariyu san’at arboblari, shuningdek, xalq og‘zaki ijodining yirik vakillari - baxshi shoirlar makoni ham bo‘lgan. Abdulla shoir Nurali o‘g‘li, Umir baxshi Safarov, Mardon, Tog‘ay, Azim, Zohir, Bozor shoirlar, Qodir baxshi Rahimov, Qahhor baxshi... Ular orasida Dehqonobod zaminida dunyoga kelib, umrining ko‘p yillari Yakkabog‘ tumanida va Shahrisabzda o‘tgan Tosh shoir Chorshanba o‘g‘li ham bor.

Tosh shoir Chorshanba o‘g‘li 1909-yilda Oqmasjid qishlog‘ida tug‘ildi. Qir-adirlar, tog‘u toshlar, gulu sahrolar og‘ushidagi bu qishloq aholisi erlari kasbi-kori chorvachilik bo‘lsa, qiz juvonu ayollari chiroyli palosu gilamlar, palak-kashtalar tikishar, xushxo‘r qatiq va qurutlar tayyorlashning mohir ustalari edilar. Tosh qo‘y-qo‘zilar, mollar ma’rashi, otlar dukiri, tuyalar bo‘kirishi, ular oyog‘i ostidan ko‘tariladigan changlar sharoitida o‘nib o‘sdi. Otasi unga harf tanitdi, hijjalab bo‘lsa ham o‘qishni o‘rgandi. Vaqti kelib u ham qo‘liga tayoq olib, yosh cho‘ponlar safiga qo‘shildi. Hali sero‘t qir-adirlar, yaylovlar, chorva suv ichadigan buloqlar manzilini yaxshi bilib olishga ulgurmay, boshiga kulfat tushdi. Oldin otasi Chorshanba bobodan, keyin onasidan ayrilib, yetim bo‘lib qoldi. Endi amakisi va tog‘asi qaramog‘ida yashay boshladi.

Dehqonobodning hamma joylarida bo‘lganidek, Oqmasjidda ham to‘ylarda asosan baxshilar xizmatda bo‘lishib, odamlarning ko‘nglini chog‘ qilishar, katta davralarda ham dostonlar kuylab, termalar aytishardi. Toshning amakisi va tog‘asi do‘mbira chertib, doston aytishda qishloqda nomdor edilar. Ular jiyanini ham birga olib yurishar, baxshilarning chiqishlaridan u ham bahra olib zavqlanardi. Bola qalbida baxshi bo‘lishga ishtiyoq ana shunday sharoitda kurtak yoza boshladi. Cho‘ponlikni boshlagan chog‘larida hali o‘zining do‘mbirasi bo‘lmagani uchun uning o‘rnini tayog‘i bosdi. Uni do‘mbiradek chertib, yod olgan dostonlarini takrorlardi. Toshning quvvai hofizasi yod olish qobiliyati kuchli bo‘lganligidan to‘y-bazm va davralarda eshitgan dostonlarni ilib olib, xotirasiga joylab bordi.

Bahor-yoz oylarida Yakkabog‘dagi ko‘pgina jamoa xo‘jaliklari qo‘y-qo‘zilari, mollari Dehqonobodning tog‘ bag‘irlariga haydalib, to‘rt-besh oy o‘sha joylarda boqilardi. Yakkabog‘lik Xo‘jaqul rais Toshni doston aytib, mol boqayotgan paytda ko‘rib qoladi. U bilan suhbatlashganda ota-onasiz yetim ekanligini biladi. Yetimga yaxshilik qilish savob ekanligini bilgan rais buva uni o‘zi yashaydigan Bo‘tasoy qishlog‘iga olib keladi va chorvachilik fermasiga ishga joylashtiradi. Ko‘p o‘tmay singlisi Zaynabni unga nikohlab beradi. Toshcho‘pon yigirma yetti yoshida birinchi farzandini ko‘radi. Rajab va Qayum ismli o‘g‘illari hozir ham shu qishloqda umrguzaronlik qilishadi.

Ikkinchi jahon urushidan uch yil o‘tib, Shahrisabz tumaniga kelgan Tosh Chorshanbiyev avval Laylakon, Dahyak qishloqlarida yashaydi. Xo‘jalikda, boshqa tashkilotlarda ishlaydi. Ammo yoshlikda ko‘ngli bog‘lanib qolgan baxshichilikni unutmaydi. To‘y-ucharlarga, xalq og‘zaki ijodi ixlosmandlari huzuriga borib, qo‘liga do‘mbira olib, dostonlar aytdi, termalar to‘qidi.

Shu davrda Shahrisabzda Zoir shoir Qo‘chqorov, Kitobning Qaynarida Abdulla shoir Nurali o‘g‘li, sal narida – Chiroqchining To‘qmorida Azim shoir, Qashqadaryoning janubi-sharqiy kentlarida yana bir qancha baxshi-shoirlar ijod qilayotgan edi.

Tosh shoir Chorshanba o‘g‘li ana shu elda tanilgan baxshilarga yaqin bo‘lib, ulardan o‘rganib mahoratini oshirib borishni orzu qilardi. Shu niyatda u birinchi bo‘lib Zoir shoir bilan tanishdi. O‘rtada bordi-keldi uzilmaydigan bo‘ldi. Dasturxon atrofida baxshilar gurungi faqat dostonlar, ularni aytish uslublari, har bir baxshining ijro yo‘llari haqida bo‘lardi. Xonadonda do‘mbira ohanglariyu baxshilarning yoqimli ovozi yangrardi. Ikkala shoir baxshining bordi-keldisi, ijodiy hamkorligi Tosh shoir umrining so‘nggi kunigacha davom etdi.

Tosh shoir Qaynarga borib, Abdulla shoir bilan tanishganida “O‘zbekiston xalq shoiri” unvoniga ega bo‘lgan keksa baxshi saksonga yaqinlashib qolgan, ammo qo‘lidan hali sozini tashlamagan edi. Tosh shoir esa endi qirq besh yoshga yetgan edi. Abdulla shoirning  dostonchilik va baxshilik sohasida bergan maslahatlari, har bir dostonni o‘ziga xos aytish yo‘llari, tinglovchilarni rom etish haqidagi yo‘l-yo‘riqlariga amal qilishi uning yetuk baxshi bo‘lib yetishishiga katta yordam berdi.

Shahrisabzda Tosh shoir Chorshanba o‘g‘li yashab ijod qilayotganligi haqidagi xabar Toshkentga, taniqli folklorshunoslargacha yetib bordi.

- Juda yaxshi eslayman, - deydi shoirning o‘g‘li, yetmish uch yashar Abdurasul Chorshanbiyev. – Toshkentdan ikki kishi otamni yo‘qlab keldi. Keyin katta bo‘lib bilsam, biri Hodi Zarif, ikkinchisi olimning shogirdi Mansur Afzalov ekan. Ular birinchi bor kelganlarida otamning hayoti va baxshilik faoliyati haqidagi barcha ma’lumotlarni olib, otam og‘zidan bir dostonni yozib olib ketishdi. Ikkinchi marta ular ovoz yozib olish vositalarini ham olib kelishdi. Ular xonadonimizda bir necha kun bo‘lishdi, otam oldiga mikrofon qo‘yib, bir necha dostonlarni magnitofonga yozib olib ketishdi.

Folklorshunoslar Tosh shoir Chorshanba o‘g‘li repertuaridan 1957-yilda birinchi marta  “Nurali” dostonini yozib olishgan bo‘lsa, keyingi yili esa “Avazxon” dostoni ham magnit lentalariga yozildi.

-“Alpomish” dostoni baxshilik olamining tilsimi, kaliti hisoblanadi, - degan edi bir olim bilan suhbatda Tosh shoirning hamyurti, taniqli dehqonobodlik baxshi Qodir baxshi Rahimovning farzandi, ota ishini davom ettirayotgan Qahhor baxshi. – “Alpomish”ni bilmagan inson hech qachon baxshi bo‘la olmaydi. Birinchi o‘zimizning, o‘zbekning jonajon dostoni “Alpomish”ni bilish kerak, ana undan keyin boshqa dostonga o‘tilaveradi.

Folklorshunos olimlar aniqlashicha, bundan ming yil oldin yaratilgan o‘zbek xalq qahramonlik eposi “Alpomish”ning 40 ga yaqin varianti 30 nafardan ortiq baxshidan yozib olinib, magnit tasmalariga bitilgan. Qashqadaryodan Abdulla shoir Nurali o‘g‘li, Umir shoir Safarov, Zoxir shoir Qo‘chqorov, Qodir baxshi Rahimov aytgan variantlar ham poytaxtdagi folklor arxivida saqlanmoqda.

Bunday sharafga Tosh shoir ham muyassar bo‘lgan. O‘zbek folklorshunosligining asoschisi, atoqli olim Hodi Zarifov 1960-yilda Toshkentdan kelib, shoir xonadonida undan “Alpomish” dostonini magnit tasmasiga yozib oladi. O‘sha yili jahon sharqshunoslarining navbatdagi forumi Moskvada o‘tkazilishi rejalashtirilib, unga o‘zbekistonlik baxshilar ham taklif etiladi. Hodi Zarifov kongressda “Alpomish” dostonidan parcha kuylash uchun Tosh shoirni tanlaydi. Mana-man degan sharqshunoslar o‘tirgan ulkan zalda qashqadaryolik baxshi ijrosida “Alpomish” dostoni yangraganda Tosh shoirga xos so‘zga chechanlikni, do‘mbira chalishdagi mahoratini ko‘rib, uni uzoq qarsaklar bilan olqishlaydilar.

- Tosh shoir Chorshanba o‘g‘li qashqadaryolik taniqli baxshilardan biri edi, - deydi O‘zbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori o‘rinbosari, filologiya fanlari doktori, professor Mamatqul Jo‘rayev. – Shoirning repertuaridan 20 dan ortiq dostonlar o‘rin olgan. Institutimizning folklor arxividan undan yozib olingan “Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi”, “Kelinoy”, “Og‘a Yunus Misqolning qochishi”, “Shoqol”, “Qoraqum”, “Alpomish”, “Nurali”, “Avazxon” kabi dostonlar, “Qumursqa”, “Laylak bilan tulki”, “Boy bilan aldarko‘sa” kabi ertaklar, ko‘plab termalar va topishmoqlar saqlanmoqda.

Filologiya fanlari doktori Shomirza Turdimov hozir Tosh shoir Chorshanba o‘g‘li  aytgan “Guro‘g‘lining tug‘ilishi” dostonini nashrga tayyorlash ustida ish olib bormoqda. Uning nomi yurtimizdan chiqqan mashhur xalq baxshilari qatorida O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi sahifalaridan o‘rin olgan.

1998 yilda filologiya fanlari doktori Boynazar Yo‘ldoshevning “Qashqadaryo badiiyati” nomli adabiy-tanqidiy maqolalar to‘plami chop etildi. Ushbu kitobdagi “Qashqadaryo vohasi og‘zaki ijodiyoti va dostonchilik an’analari” bo‘limi 48 betdan iborat bo‘lib, unda ushbu zaminda ijod qilgan taniqli baxshilarga alohida o‘rin berilgan. Shuningdek, o‘nlab baxshi-shoirlar hayoti va ijodiy faoliyati tahlil etilgan. Ammo, ular qatorida yirik folklorshunoslar nazariga tushgan va xalqaro anjumanda o‘zini ko‘rsatgan Tosh shoir Chorshanba o‘g‘li nomini negadir uchratmadim.

Qarshi Davlat univesitetida talabalarga ta’lim berayotgan va Chori Hamro, Abdumo‘min Qahhorov kabi vohamizdan chiqqan yirik folklorshunoslar an’analarini davom ettirayotgan tadqiqotchi domlalar bor. Ular Tosh shoir Chorshanba o‘g‘li merosiga ham murojaat qilib, uning bisotidagi doston, terma va boshqa xalq og‘zaki ijodi namunalarini o‘rganib, xalqimizga yetkazadilar, degan umiddamiz.

Ilgari soyada qolib ketgan baxshilik san’atiga hozir katta e’tibor berilib, xalqimizning qadim og‘zaki ijodiyoti qaytadan bo‘y ko‘rsatmoqda. Termiz shahrida baxshilar maktabi ochilib, bo‘lajak baxshi-shoirlar ta’lim olishmoqda. Qashqadaryo baxshilar makoni bo‘lib, bu zaminda ham o‘ziga xos baxshilik maktablari vujudga kelgan. Abdulla Nurali o‘g‘li, Qodir kabi mashhur baxshilar xotirasiga bag‘ishlangan bellashuvlarni o‘tkazib turish esa yosh avlodning xalq og‘zaki ijodiga bo‘lgan qiziqishini oshiradi, qadim baxshilik san’atining umri boqiy bo‘lishiga zamin yaratadi, degan fikrdaman.

Mo‘min AZIZOV, tarixchi-jurnalist