Tibbiyot 27.08.2019 36

DO‘XTIRLAR PIYODA YURISH FOYDALI EKANINI KO‘P UQTIRADI. ULARNING ,O‘ZI BUNGA NECHOG‘LIK AMAL QILADI?

Ommaviy yurish

 

Qarshi shahrida "Biz sog‘lom turmush tarzini tanlaymiz" shiori ostida ommaviy yurish tadbiri tashkil etildi.

 

Viloyat sog‘liqni saqlash, ichki ishlar boshqarmalari, yengil atletika federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Qarshi shahridagi tibbiyot muassasalari xodimlari hamda shahar aholisi vakillaridan iborat jami 5 mingdan ortiq kishi qatnashdi. Start ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati yonidan boshlanib, ishtirokchilar 5 kilometrlik masofani piyoda bosib o‘tishdi.

 

- Biz - shifokorlar toza havoda piyoda sayr qilish yoki yugurishning salomatlik uchun foydasini bemorlarimizga uqtirishdan charchamaymiz, - deydi tadbir ishtirokchisi, viloyat endokrinologiya dispanseri bosh vrachi Bobur Teshayev. - Lekin amaliyotdan ko‘rinadiki, tibbiyot xodimlari bu borada nafaqat uqtirish va targ‘ib etishi, balki shaxsiy ibrat ham ko‘rsatishi muhim ekan. Texnika taraqqiyoti zamonida transport qulayliklari tufayli ko‘pchiligimiz bizdan hech qanday xarajat va ovoragarchilik talab etmaydigan mana shu oddiygina tadbir - piyoda yurishga hafsala qilmay qo‘yganimiz juda tashvishlanarli holdir. Bugun yo‘l-yo‘lakay mana shu xususda aholi vakillari bilan samimiy suhbatlashdik, ularning savollariga batafsil javob qaytarishga harakat qildik.

 

Darhaqiqat, piyoda yurgan kishining qon aylanishi, asab, ovqat hazm qilish, nafas olish, tayanch-harakat tizimlari faoliyati yaxshilanadi, yurak-qon tomir kasalliklariga chalinish ehtimoli keskin kamayadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha qayd etilayotgan o‘lim holatining har to‘rtdan biriga aynan kamharakatlik sabab bo‘lmoqda. Sut bezi, yo‘g‘on ichak saratoni, qandli diabet, yurak ishemik kasalliklari yuzaga kelishining 25-30 foiziga ham u sabab.

 

Mamlakatimizda ommaviy yurish singari salomatlik tadbirlari esa Prezidentning 2018-yil 18-dekabrdagi "Yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning profilaktikasi, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan joriy yilning mart oyidan haftaning shanba kunlari uyushtirib kelinayapti.

 

N.XO‘JAYEV